Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:05

Qozog‘istonda Nazarboyevga “xudo maqomi” berilgani haqida yozgan satirachiga jinoyat ishi ochildi (VIDEO)


“Instagram”dagi satirik ruhdagi yangiliklar sahifasi muallifi Temirlan Yensebek
“Instagram”dagi satirik ruhdagi yangiliklar sahifasi muallifi Temirlan Yensebek

15 - may kuni Olmaota politsiyasi “Instagram”dagi satirik ruhdagi yangiliklar sahifasi muallifi Temirlan Yensebekning uyida tintuv o‘tkazdi, so‘ng uni uzluksiz besh soat so‘roq qildi. Avvalroq Yensebek Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi “Nazarboyevga xudo maqomini berish”ni taklif qilgani to‘g‘risida hazil xabar yozib qoldirgan edi.

Yensebekning o‘zi aytishicha, uning sahifasida barcha xabarlar satira, to‘qima va hazil ekanligi, “hayotda mavjud odamlar bilan har qanday o‘xshashliklar tasodif”ligi “ko‘rga hassa qilib” yozib qo‘yilgan.

Biroq hukumat hazilni tushunmabdi. Qiziqchi yigitchaga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 274-moddasi (“Jamoat tartibining buzilishi yoki fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga yoxud jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga sezilarli zarar yetkazilishi xavfini tug‘diruvchi yolg‘on ma’lumotlarni bila turib tarqatish”) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Unga katta jarima yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lish jazosi xavf solmoqda.

“Men hech qanday yolg‘on ma’lumot tarqatmadim!” deya urg‘ulagan Yensebek so‘roqdan chiqqanidan so‘ng.

Qozog‘iston IIV saytida Yensebekning uyi tintilib, o‘zi hibsga olingani haqidagi xabar “Soxta yangiliklar muallifi jazolandi” degan sarlavha bilan e’lon qilingan. Lekin keyinroq sarlavhani o‘zgartirganlar.

Politsiya hazil-mutoyiba sahifasida chop qilingan ma’lumot “jamiyatda turli munosabatlarga sabab bo‘lgani va fuqarolarni chalg‘itgan”ini ma’lum qildi.

Temirlan Yensebek – “Oyan Qazaqstan” (“Uyg‘on, Qozog‘iston”) fuqarolik harakati faolidir. Uning safdoshlari unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatishni talab qilib, “Satira – jinoyat emas!” deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib piketga chiqishdi. Yensebekning hamkasblari va jurnalistlar ham hukumat idoralarining xatti-harakatidan g‘azabda.

“Kaznyus 24”ning instagramdagi sahifasi administratori Temirlan Yensebekka nisbatan ochilgan ish 274-modda bo‘yicha tergov qilinayotgani noto‘g‘ri deb o‘ylayman, – deydi “Factchek” sayti (Olmaota) bosh muharriri Duman Smakov.

Mazkur sayt Qozog‘iston hukumatiga murojaat yo‘llab, satira jinoyat emasligini ta’kidlagan.

– Qozog‘iston Konstitutsiyasida ijod erkinligi haqida, mamlakatda senzura taqiqlangani haqida eslatmalar mavjud. 100-200 ming o‘quvchisi uning sahifasidagi satirik yangilikni yoyinlagan bo‘lsa, bunda Yesenbekning aybi yo‘q. Axir u sahifasida e’lon qilingan barcha xabarlar to‘qima va yolg‘onligi haqida ogohlantirgan-ku!”

Satirik Asqar Naymantoyev, aksincha, Qozog‘iston aholisi, uning hukumatidan farqli ravishda, “xudo maqomi” to‘g‘risidagi hazilni va umuman, vaziyatning absurdligini juda yaxshi anglaganlarini aytadi. Yensebekning hibsga olinishi esa, uning nazdida, Qozog‘istondagi senzura darajasini ko‘rsatadi.

“Uning qo‘lga olingani, har yoqqa sudrashayotgani fakti jamiyatning nega bunaqa ishlarni mazax qilishini ko‘rsatib berdi: chunki odamlar vaziyatning tuturuqsizligini ko‘rib-bilib turishibdi, – deydi u. – Qarang, hukumat Elboshining xudoga tenglashtirilishi haqidagi hazilni go‘yoki qabul qila olmayapti, holbuki juda ko‘p odamlar uni rostdan ham xudoga mengzaydi. Nazarboyev iste’foga chiqqanida parlament deputatlaridan biri ho‘ngrab yig‘laganini ko‘rib rosa kulgandik. Nega o‘shanda sudga berishmadi. Axir butun xalq kulgandi-ku?”

Naymantoyev satirachilar hamisha Qozog‘iston hukumati tarafidan muammolarga duch kelishayotganidan yozg‘iradi.

“Biz, satirachilarni hozir kim efirga chiqara oladi? Hech kim! Hamma yoqda senzura!” – deydi u.

Nazarboyev 2010 - yil maydan beri Qozog‘istonda Millat yetakchisi rasmiy maqomiga ega. O‘shanda parlament, Qozog‘istonning birinchi prezidentiga maxsus imtiyozlar taqdim etishni, uni va uning oila a’zolarini jinoiy javobgarlikdan butkul ozod qilishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni qabul qilgan.

Qozog‘iston Jinoyat kodeksida Nazarboyevning suratlariga shikast yetkazish, uni omma oldida haqorat qilish va tarjimai holidagi faktlarni buzib talqin qilganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilangan.

Mamlakatda birinchi prezident tirik bo‘la turib shahar, aeroportlar, muzeylar, OTMlar, ko‘chalar va boshqa maskanlarga uning nomi berilgan, unga haykallar o‘rnatilgan.

XS
SM
MD
LG