Qozog‘iston milliy valyutasi zaiflashishda davom etmoqda. Iyun boshida mahalliy fond birjasida AQSH dollari 2022-yilning kuzidagi ko‘rsatkichga qadar qimmatlashdi. Hozirda sarroflar bir dollarga 480 tenge berishmoqda.
Tenge ortiqcha mustahkamlangani haqida moliya bozori ekspertlari ko‘pdan beri gapirib kelishmoqda edi. 2024-yil byudjetida 1 dollar uchun 470 tenge nazarda tutilgan paytda 440-445 tenge kurs foydali bo‘lmasligi hammaga tushunarli.
Yozning boshlarida mamlakatda aholini milliy valyuta qadrsizlanishiga tayyorlash maqsadida axborot kampaniyasi tashkil qilindi. Dastlab Milliy bank rahbarining sobiq maslahatchisi Aydarxon Kusainov davlat aralashmaganida dollar bahosi 700 tengega chiqib ketardi, deya odamlarni shoshirdi. Yaqinda esa chet el valyutalari joriy kursining zarari haqida senat spikeri Maulen Ashimbayev ham fikr bildirdi.
“Yuqori foiz stavkasi, doimiy dollar oqimi va baland neft narxlari sharoitida tenge ortiqcha qimmatlashadi. Bu nimaga olib keladi? Eksport qimmatlashib, import arzonlashadi. Demak, bizning tovar ishlab chiqaruvchilarimiz Xitoy, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar ishlab chiqaruvchilariga nisbatan noqulay ahvolda qoladilar: ular narxlardan yutqazishadi va, binobarin, ichki ishlab chiqarish o‘sishdan to‘xtaydi. Bu iqtisodiy o‘sishga ta’sir qiladi”, dedi mulozim.
Iqtisodchi Arman Beysembayev fikricha, milliy bank kursni tartibga solishdan butkul voz kecha olmaydi, chunki bu haddan ziyod tebranishlarga va milliy valyutaga ishonch uzil-kesil yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Tenge hamisha Milliy fondning valyuta zaxiralarini sarflash hisobiga mustahkamlanadi, hukumatning iqtisodiy bloki valyuta bilan byudjetdagi tuynuklarni yopadi. Biroq Qozog‘iston o‘z zaxiralarini abadiy sarflashi mumkin emas. Fonddan valyuta olish hajmi kamaygach, tenge sekin-asta sho‘ng‘iy boshladi.
“Tengening anomal mustahkamlanishi bilan bog‘liq vaziyat uzoq davom etmasligi va ertami yo kech, barham topishi yil boshidayoq ma’lum edi. Oxir-oqibat shunday bo‘ldi ham, – deydi ekspert. – Chunki 440 kurs bo‘yicha 1 mlrd dollar chiqarish boshqayu, aytaylik, 480 kurs bo‘yicha chiqarish boshqa. Bu yerda bir necha milliard tengelik tafovut yuzaga keladi. Buni tushunish kerak. Agar kurs anomal mustahkamlanayotgan bo‘lsa, siz bu bir necha milliard tengeni ololmaysiz, lekin ularni qayerdandir olish kerak”.
Tenge kursi joriy yil uchun prognoz qilingan ko‘rsatkichga tushgan ekan, savol tug‘iladi: endi nima bo‘ladi? Qozog‘iston moliyachilar assotsiatsiyasiga izoh bergan aksar ekspertlarga ko‘ra, tenge yanada qadrsizlanishiga asos yo‘q. Joriy oyda Milliy fonddan valyuta chiqarish rejalari ham shunga ishora qilmoqda. Iyulda hukumat 550 million dollarni bozorda sotmoqchi. O‘tgan oyda bu summa 420 millionni tashkil qilgandi.
Qadrsizlanayotgan tenge eng avvalo daromadi kam fuqarolarga zarba beradi. Qimmat dollar o‘z-o‘zidan barcha tovar va xizmatlar narxlarini oshirib yuboradi. Bu qachon sodir bo‘lishi hozircha noma’lum, lekin sodir bo‘lishiga hech kimda shubha yo‘q.