O‘zbekistonning Enter Engineering Pte.Ltd va UZLITI Engineering MCHJda ishlayotgan qozog‘istonlik xodimlar o‘tgan yilning may oyidan buyon oylik maoshlarini ololmayapti. Bu haqda ular tomonidan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov nomiga yozilgan jamoaviy murojaatida aytilgan.
Nusxasi Ozodlikda bo‘lgan murojaatnomada qozog‘istonliklar o‘zlariga 2024-yilning may oyidan buyon maosh to‘lanmayotgani, shu tufayli ular va oilalari qiyin ahvolda qolganlaridan shikoyat qilishgan. O‘zbekiston shirkatlari bilan shartnoma asosida ishlayotganlarini bildirgan qo‘shni davlat fuqarolari pulsizlik tufayli o‘zlarining asosiy ehtiyojlarini ta’minlash, kreditlar va turarjoy uchun ijara pullarini to‘lash va boshqa majburiyatlarini bajarishga imkon topa olmay qolganlarini ma’lum qilishgan.
“Bizning shirkat rahbariyatiga qilgan qator murojaatlarimiz natija bergani yo‘q. Rahbariyat maosh kechikayotgani va oylik to‘lanadigan muddat yuzasidan natija beradigan hech qanaqa izoh bermayapti. So‘nggi 7 oy ichida faqat sentyabr oyida aprel oyi uchun va noyabr oyida qisman may oyi uchun oylik maosh to‘langan”, deb yozgan qozog‘istonliklar elchidan Enter Engineering Pte.Ltd va UZLITI Engineering MCHJ bilan yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish, o‘zlarining qonunchilikda ko‘zda tutilgan mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat qonunchiligini buzgani uchun shirkat rahbariyatini javobgarlikka tortish bo‘yicha chora ko‘rilishi bo‘yicha ko‘mak so‘rashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, qozog‘istonliklarning elchiga murojaatidan keyin ham muammoni hal etilishi bo‘yicha ijobiy o‘zgarish kuzatilgan emas.
Ozodlik o‘tgan yilning mart oyidan buyon Enter Engineering ishlariga oylik berilmayotgani haqida bir necha material yoyinlagan. Bu mavzuda noyabr oyida yoyinlangan so‘nggi videolavhada oyliksiz qolgan minglab ishchi ish tashlash bilan tahdid qilgani haqida hikoya qilingan edi.