11 - may kuni Tatariston poytaxti Qozon shahridagi 175-sonli gimnaziyada yuz bergan otishmada 9 kishi halok bo‘ldi.
Bir necha yil oldin bunday otishmalar Rossiyada kamdan-kam uchraydigan holat edi. Ammo bu safar rus matbuoti Qozondagi hujumni 1999 - yil AQShning “Kolumbayn” maktabida amalga oshirilgan hujumga qiyoslamoqda.
Gimnaziya sayti ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ta’lim maskanida 1000 dan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Hujum ayni dars vaqtida sodir etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs – 19 yashar Ilnaz Galyaviyev. Xabar qilinishicha, u avvalroq ayni maktabda o‘qigan, so‘nggi 4 yildan buyon kollejda tahsil oladi.
Qonli hujum ortidan Rossiya rasmiylari kelajakda bunday otishmalar oldini olish yo‘llarini muhokama qila boshladi. Jumladan, prezident Vladimir Putin fuqarolarga sotish mumkin bo‘lgan qurol turlarini nazoratga olishga chorladi.
So‘nggi yillarda Rossiyada yoshlar tomonidan bir necha hujum amalga oshirildi. Bunga qadar mamlakatda maktab otishmalari faqat AQShga xos muammo o‘laroq ko‘rilardi.
2014 - yilda Moskvadagi 263-sonli maktabda ikkita miltiq tutgan 15 yoshli bola o‘qituvchi va politsiyachini otib o‘ldirdi, 29 sinfdoshini garovga oldi. O‘sha paytda Putin hodisani fojia deb atadi, shahar meri poytaxt maktablarida har tomonlama xavfsizlik choralarini ko‘rishni buyurdi.
2018 - yil yanvar oyida Perm shahrida 16 yoshli ikki o‘smir sinfga bostirib kirib, 11 nafar o‘quvchi va o‘qituvchini pichoqladi. Jarohat olganlarning aksariyati 10-12 yoshda edi.
O‘shanda gumonlanuvchilardan biri “VKontakte” tarmog‘idagi sahifasida AQShda maktab hujumlarini amalga oshirganlar, shu jumladan, “Kolumbayn” qirg‘inini amalga oshirgan o‘spirin videosini ulashgani aytilgandi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Ulan-Ude shahri yaqinidagi qishloqda to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi “Kolumbayn” hujumini amalga oshirganlarning birinikiga o‘xshash futbolka kiyib, to‘rt nafar o‘quvchi hamda o‘qituvchini bolta bilan jarohatladi. So‘ng Molotov kokteylidan foydalanib maktabni yoqib yubordi.
2018 - yilning oktabr oyida Rossiya anneksiya qilib olgan Qrimdagi Kerch shahrida joylashgan universitetda sodir etilgan otishma va portlashda 21 kishi halok bo‘ldi.
Qrimdagi hujumni ham “Kolumbayn” hujumchilariga taqlidan kiyingan o‘smir amalga oshirdi. Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarida Kerchdagi hujumni “Kolumbayn” fojiasiga taqqoslash man etildi.
1999 - yil aprelda Kolorado shtatidagi “Kolumbayn” o‘rta maktabi o‘quvchilari Erik Harris va Dilan Klibold 13 kishini (12 o‘quvchi va bir o‘qituvchini) o‘ldirib, yana 23 kishini yaralagan, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan edi.
Boshqa hukumatlar singari Rossiya ma’muriyati ham bunday hujumlarning oldini olish yo‘llari haqida bosh qotirib keladi. 2014 - yilda Moskvada sodir etilgan xuruj ortidan prezident Putin har tomonlama puxta ta’lim berish maktablarda zo‘ravonliklar oldini olishga yordam berishi mumkinligini ta’kidladi.
Rossiyada Beslan maktabi qamalidan keyingi o‘n yil ichida mamlakat bo‘ylab maktablarda qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rildi. 2004 - yil 1 - sentabr kuni Beslanning 1-sonli maktabidagi tantanali yig‘ilish chog‘ida bir guruh jangarilar 1128 kishini garovga olgan edi. Maxsus kuchlarning operatsiyasi vaqtida 334 kishi, jumladan, 186 nafar bola halok bo‘lgan.
Keyingi yillarda Rossiyada maktablar xavfsizligini ta’minlash uchun katta mablag‘ sarflandi. Xususan, Putinning 25,4 million dollarli milliy raqamlashtirish loyihasi doirasida 43 mingdan ziyod maktabda yuzni tanib olish tizimini o‘rnatish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu texnologiya o‘quvchilarning xatti-harakatini kuzatib borish va maktab hududida begonalarni aniqlash orqali xavfsizlikni ta’minlashni ko‘zlaydi.
Qozondagi hujum ortidan maktabdagi xavfsizlik choralari haqida bir-biriga zid xabarlar tarqaldi. Ayrim xabarlarda ushbu ta’lim maskanida uch yildan beri qorovul faoliyat yuritmagani aytildi. Ammo Ozodlikning tatar-boshqird xizmati maktabning 62 yoshli qorovuli hujum paytida ishda bo‘lgani va kuni kecha shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi.