Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:33

Rahbarlari sudlangan Kun.uz va Azon.uz nashrlari ishni to‘xtatib qo‘ydi. Jurnalistlar xavotirda


Diniy mazmundagi materiallar uchun muharrir hamda ta’sischilari sudlangan Kun.uz va Azon.uz mustaqil Internet nashrlari 22 - iyun kuni birorta ham material chop etmadi.

21 - iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida Kun.uz saytida e’lon qilingan diniy mavzudagi materiallar qonuniy ekspertizadan o‘tkazilmagan, degan ayblov bilan ochilgan ma’muriy ish ko‘rildi.

Sayt rahbari Maqsud Asqarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash va tarqatish) asosida 12 mln. 200 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Shu kuni ayni mazmundagi ayblovlar bilan Azon.uz nashri rahbariyatidan ham 3 mas’ul sudlanib, har biri 12 mln. 250 ming so‘mgacha miqdorda jarimaga tortildi.

Har ikki nashrning ma’lum qilishicha, Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi bu ikki platformada so‘nggi 1 yil ichida chop etilgan diniy mazmundagi materiallarni monitoring qilgan.

Monitoring paytida, ichki ishlar ekspertlarini “gumonlantirgan” maqolalar to‘planib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ekspertizaga jo‘natilgan.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, qo‘mita ayrim maqolalarni “ixtilofli masalalarni zimdan qo‘zg‘atishga olib kelishi mumkin” degan xulosaga kelgan. Azon.uz nashrining xabar qilishicha, bu nashrdagi ayrim maqolalar "O‘zbekistonning xorij davlatlari bilan aloqalariga putur yetkazuvchi", deb topilgan.


Kun.uz nashriga ayblov

21 - iyun kuni Kun.uz saytida chop etilgan eng so‘nggi material “Kun.uz sayti ma’muriy ish doirasida jarimaga tortildi” sarlavhali maqola bo‘ldi.

Maqolada yozilishicha, o‘sha kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida Kun.uz sayti rahbari diniy mazmundagi materiallarni ekspertizadan o‘tkazmay bosgani uchun ma’muriy tartibda sudlangan.

Maqolada keltirilishcha, 2020 - yilning 23 - iyulidan - 2021 - yilning 18 - apreliga qadar chop etilgan 7 ta material - maqola, xabar va ko‘rsatuv Din ishlari qo‘mitasi tomonidan ekspertiza qilingan.

Bu materiallardan faqat bittasida "mamlakat qonunchiligiga zid mazmundagi ma’lumot borligi" aniqlangan:

“Ekspertning fikriga ko‘ra, «Yangi Zelandiya politsiyasi hijob uslubidagi formani tanishtirdi» sarlavhali xabarda «Men muslima ayollar ham politsiyada ko‘proq ishlashi kerakligini his qilaman. Yangi Zelandiyada hijob politsiya formasining bir qismi sifatida namoyish qilinishi juda yaxshi. O‘ylaymanki, buni ko‘rgan muslimalar politsiya sohasiga ko‘proq qiziqishi mumkin» — deydi Zina Ali» deya keltirilgan iqtibos hijob formasidagi politsiyachilar hatto musulmon bo‘lmagan o‘lkalarda ham borligini maqsadli ko‘rsatish aholi orasida bu mavzulardagi bo‘layotgan ixtilofli masalalarni zimdan qo‘zg‘atishga olib kelishi mumkinligi sababli uni tarqatish taqiqlanishi ta’kidlangan”, deb xabar qildi nashr.

Bu iqtibos VVS Jahon xizmatining 2020 - yil 18 - noyabr kuni e’lon qilingan xabaridan o‘girilgan. Ya’ni Diniy qo‘mita eksperti, VVS Jahon xizmatida e’lon qilingan maqoladagi bu iqtibosni “ixtilofli masalalarni zimdan qo‘zg‘atishga olib kelishi mumkin” deb topgan.

Ammo bu orada, IIV gumoniga uchragan bu materiallarning hech biri nashr qilinishidan oldin ekspertizadan o‘tkazilmagani o‘rtaga chiqqan.

Nashrning xabar qilishicha, natijada bu maqolalar qonunga xilof ravishda tarqatilgan, degan xulosaga kelingan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-2-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosida ish ochilib, sayt rahbari Maqsud Asqarovga bazaviy hisoblash miqdorining ellik barobari (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida jarima solingan.

Kun.uz sayti yuqoridagi xabar chop etilganidan keyin 22 - iyun oqshomiga qadar birorta material chop etgani yo‘q. Tahririyat bu yuzadan Ozodlikka rasman javob bergani yo‘q.

Tahririyatdan olingan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sayt rahbari Maqsud Asqarov O‘zbekiston ichkarisida “komandirovkaga ketgan”, tahririyat esa “ozgina tin olish” uchun ishni vaqtincha to‘xtatgan, tez orada ishni boshlash niyatida”.

Ammo tahririyat nomidan e’lon qilingan so‘nggi maqolada Internet nashri, bundan buyon diniy mazmundagi maqolalarni Diniy qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazib, chop etishini bildirgan:

“Albatta, Kun.uz avvalo mamlakatda qonunlarga barcha birdek rioya etishga mas’ul ekanligini e’tirof etgan holda, kelgusida diniy mavzudagi har qanday materiallar va xabarlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazibgina berib borilishini ma’lum qiladi".

Azon.uz nashriga ayblov

21 - iyun kuni asosan diniy mazmundagi maqolalarni chop etib kelayotgan Azon.uz Internet nashri ta’sischisi Mubashshir Ahmad, MChJ rahbari G‘ayratxo‘ja Saidaliev, bosh muharrir Abdulaziz Muborak hamda «Azon TV» rahbari Farhod Tohirovlar ham sudlandi.

Internet nashri tahririyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Azon.uz tahririyatiga nisbatan ma’muriy ish, Kun.uz Internet nashri bilan ayni kunda, ayni sudda (Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi), ammo alohida-alohida ko‘rilgan.

Azon.uz mas’ullariga ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasi bilan ayblov e’lon qilingan.

Sud qarori bilan Mubashshir Ahmad, Farhod Tohirov, Abdulaziz Muboraklarga - har biriga - bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari (4 mln. 900 ming so‘m), G‘ayratxo‘ja Saidaliyevga nisbatan 50 barobari (12 mln. 250 ming so‘m) miqdorida jarima solingan.

Ular ham diniy mazmundagi materiallarni Diniy qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazmaslikda ayblangan hamda ba’zi maqolalarda O‘zbekistoning chet el mamlakatlari bilan aloqalariga putur yetkazuvchi ma’lumotlar bor, degan xulosaga kelingan.

Ozodlik so‘roviga javoban, nashr tahririyati: “Ayblovlarni qabul qilmaymiz. Norozilik ifodasi o‘laroq ishlamayapmiz. Biz bu masalaga prezident va hukumat e’tibor qaratishini so‘raymiz”, degan javobni taqdim qildi.

Ozodlik O‘zbekistonda auditoriyasi yirik bo‘lgan bu ikki nashrga nisbatan ekspertizaga oid savollariga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan hozircha javob ololmadi.

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov esa, Gazeta.uz nashriga javoban, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasining barcha harakatlari qonun doirasida amalga oshirilgan, tahririyatlarning shikoyati bo‘lsa sudga murojaat qilishi mumkin, deb izoh berdi.

Munosabat

Bu ikki nashr sukunatiga, respublikadagi ayrim jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollari o‘z munosabatini bildirmoqda.

Jumladan, mamlakatdagi yana bir yirik Internet nashrining ismi sir qolishini so‘ragan muharriri bu ahvolni “O‘zbekistonning tashqi dunyoda endigina tiklanayotgan imijiga soya tashlovchi”, deb baholadi:

“Diniy masalada o‘tgan yillardagi qarashlarini o‘zgartira olmayotgan yoki o‘zgartirishni istamayotgan shaxslar, aytish joiz bo‘lsa mas’ul mutasaddilarni ham tushunsa bo‘lar, menimcha. Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, degan naql borku har holda. Albatta, nazorat qilishi kerak. Lekin ko‘r-ko‘rona emas. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin, deyiladiku, diniy sohadagi olimlarga, domlalarga ishonish ham kerak. Hozir diniy masalada bo‘ladimi, dunyoviymi, qandaydir cheklovlar O‘zbekistonning jahon maydonida yaxshilanib borayotgan imijiga faqat soya tashlaydi”.

Bu muharrirning fikricha, hozir “chorak asrlik o‘ziga xos yopiqlikdan ochiqlik sari yuz tutgan” O‘zbekiston ahli uchun radikallashgan guruhlardan xavf bor:

“Qaerda, qaysi masalada ochiqlik bo‘lsa mo‘’tadil qarashlar bilan birga yot unsurlar ham jonlanib qolishi tabiiy. Davlat o‘zi bu borada kimga ishonish va kimga ishonmaslikni yaxshi biladi. Hech kim osmondan tushmagan bu sohada. Ya’ni, aynan diniy idoraga ishonishni nazarda tutyapman. Lekin, Internetda radikallar uchun istalgancha maydon yetarli. Shuning uchun, bunday katta auditoriyaga ega nashrlarga qandaydir cheklovlar yoki jarimalar qo‘llash - radikallashuvni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin”.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev esa bu vaziyatga "kerakli odamlar e’tibor qaratishi lozim", deb yozdi:

"Kun.uz sayti 21 - iyun kuni soat 21.00 dan buyon xabarlar joylashtirmay qo‘ydi. Bu so‘z erkinligiga nisbatan bo‘layotgan salbiy munosabatga qarshi noan’anaviy norozilik ko‘rinishini bildirmoqda. Oxirgi vaqtdagi ishlar jamoatchilikda juda salbiy taassurot qoldirmoqda. Buni kerakli odamlar ham tushunib yetishi lozim".

Kun.uz nashrining go‘yoki, sahna ortidagi asl egasi deb iddao qilinadigan (tahririyatning o‘zi bu iddaoni rad etib keladi - tahr.) AOKA sobiq rahbari, hozirda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov esa qisqagina qilib: "No comment" (izohga hojat yo‘q) mazmunida sharh qoldirdi.

Uning bu postiga munosabat bildirganlar esa, bu aynan Kun.uz nashrining sudlanishiga bildirilgan munosabat sifatida qabul qilmoqdalar.

O‘zbekistonda tanilgan yana bir mashhur bloger Ali Qahhorov har ikki nashr jurnalistlariga sabr tiladi:

"Kun.uz i Azon.uzdagi hamkasblarga muvofiqlashtirilmagan diniy materiallar uchun jarima solishdi. Ular uchun duo qilaman va sabr tilayman! Buvim bunaqa holatlarda doim aytardilar: "Bu dunyo o‘tkinchi. Muhimi - Ollohning hukmi".

XS
SM
MD
LG