Линклар

Шошилинч хабар
27 март 2025, Тошкент вақти: 14:20

Ramazon, bolalar va taroveh. O‘zbekistonning maktab va masjid muammosi


Toshkentdagi Ramazon Hayiti namozi. Aprel, 2023-yil. (Gazeta.uz)
Toshkentdagi Ramazon Hayiti namozi. Aprel, 2023-yil. (Gazeta.uz)

O‘zbekistonda Ramazon oyi boshlanganidan beri kuchishlatar tizimlarning masjidlarda reydlari ko‘paydi. Reydlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning murojaatidan keyin boshlandi. U musulmonlarga murojaat qilib, muqaddas Ramazon oyida bolalarni masjidlarda o‘qiladigan taroveh namoziga olib kelmaslikni so‘ragan edi. Ayrim hududlarda bu reydlarga o‘qituvchilar ham ommaviy ravishda jalb qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoroliklarda ichki ishlar xodimlari kattalar bilan bir safda namoz o‘qib turgan bolalarni qo‘llaridan ushlab, masjiddan olib chiqib ketayotgani aks etgan.

O‘zbekistonda bu bolalarni masjiddan haydash bilan bog‘liq birinchi holat emas. Biroq mamlakat muftiysi hukumat va dindorlar o‘rtasida Islom Karimov davridan beri davom etib kelayotgan mojaroda ochiqchasiga davlat tomonida turishi ilk bor kuzatilmoqda.

Рамазондаги рейдлар: Муфтий болаларнинг масжидга келишига қарши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:24 0:00

Joriy oy boshida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov musulmonlarga murojaat qilib, bolalarni taroveh namoziga olib kelmaslikni so‘radi. Taroveh – Ramazon oyida farz bo‘lgan xufton namozidan keyin o‘qiladigan namozdir.

"Mana shu namozlarni biz hushu’ bilan o‘qishimiz uchun yosh bolalar uyda o‘tirib tursa bo‘larkan. Chunki bolalar (masjidga) kelib hali u yoqqa yuguryapti, hali bu ishni qilib qo‘yyapti, hazil qilib qo‘yyapti, kulib qo‘yyapti. Keyin yana bir narsa borki, qavmning tahoratining mukammal bo‘lishligi qorining qiroatining to‘g‘ri bo‘lishligiga yordam berarkan. Agar tahoratida nuqsoni bor odam bo‘lsa ko‘p adasharkan imom. Kitoblarda bor bu gap. Hozir o‘zi maktab mahali. Bolalar beqarov qolyapti. Shuning uchun yosh bolalarimizni uylarda ushlaylik azizlar. Kattalar bir oy hushu’ bilan, huzu’ bilan o‘tkazaylik, maza qilib ibodat qilaylik. Mana shu ibodatga xalaqit qiladigan biron narsani qilmaslik kerak", degan O‘zbekiston muftiysi.

Muftiyning bu so‘zlari O‘zbekiston musulmonlari o‘rtasida turli fikrlarga sabab bo‘ldi: ayrimlar uning fikrini qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar bolalar yoshligidan masjid muhitiga o‘rganib, ibodat an’analarini o‘zlashtirishi kerakligini ta’kidladi.

O‘zbekistondagi masjid imomlaridan birining aytishicha, ichki ishlar organlaridan bolalarni masjidga olib kelmaslik haqida buyruq berilgan va bu qoidaga amal qilmaganlar bilan "jiddiy suhbat" o‘tkazilishi haqida ogohlantirilgan.

"Bugun men ham imomlarga otalarga tushuntirishni buyurdim: agar bola masjidga borishni xohlasa, otasi unga shunday desin: 'O‘g‘lim, uy vazifangni bajar, uxla, men esa masjidga borib sen uchun duo qilaman'. Agar bu bir necha marta takrorlansa va otalar bolalarini taroveh namoziga olib kelishda davom etsa, unda namozdan keyin biz – imomlar, ularni bolalari bilan birga chaqiramiz va ular bilan alohida suhbatlashamiz",– deydi O‘zbekistondagi masjid imomi.

Muftiyning bolalarni taroveh namoziga olib kelmaslik haqidagi murojaatidan keyin mamlakatning ayrim hududlarida masjidlar ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu tadbirlarga ichki ishlar xodimlari va maktab o‘qituvchilari jalb qilindi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, nazorat Qo‘qondagi "Hadya Hoji", "Shayxul-Islom", "Ahmadjon Hoji" va "Shayxon" masjidlarida kuchaytirilgan.

Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, bolalarning masjidga kirishiga qo‘yilgan taqiq ommaga ochiq e’lon qilinmagan. Ular Toshkentdagi ko‘pchilik masjidlarda hozircha bu borada muammo yo‘qligini yozishmoqda.

Farg‘ona vodiysi va O‘zbekistonning boshqa hududlarida ichki ishlar xodimlari muftiyning so‘zlarini asos qilib, bolalarni masjidga kiritmayotgani haqida xabarlar olingan.

O‘zbekiston hukumati avval ham bolalarning masjidga va diniy tadbirlarga qatnashishini taqiqlashga harakat qilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki yillarda maktab o‘quvchilarining ta’til vaqtida masjidlarga borishi taqiqlangan edi. Bu taqiqni ham dunyoviy hukumat va ham diniy arboblar qo‘llab-quvvatlagan.

Стив Свердлов: “Ўзбекистонда диний эркинликлар доираси торайиб бормоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:42 0:00

Ekspertlar hukumatning aholini bu kabi Islomdan uzoqlashtirish siyosatini mamlakatda diniy radikalizmningg o‘sib borayotgani bilan izohlashadi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Mirziyoyev prezidentligi davrida O‘zbekistonda din va e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan ijobiy o‘zgarishlarning kuzatilganini e’tirof etishgan.

Biroq ular mamlakatda hali ham diniy tashkilotlar va diniy ta’lim ustidan kuchli davlat nazoratining saqlanib qolayotganini tanqid qilishadi.

Bu yilgi cheklov va taqiqlar diniy konsepsiya nomi berilgan Vijdon erkinligi va diniy sohadagi davlat siyosatiga doir yangi qonun qabul qilinishi ortidan yuz bermoqda.

Hukumat va qonun chiqaruvchilar O‘zbekistonga bu kabi konsepsiya nima uchun kerakligi haqida rasmiy izoh bermagan.

XS
SM
MD
LG