Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:58

Ramazon, Gagarin va Sheralining parvozi. Tarmoqni titratgan trendlar


Ramazon arafasida tarmoqlar, asosan diniy mavzu, shuningdek, Gagarin va Sheralining parvozini muhokama qildi - kollaj
Ramazon arafasida tarmoqlar, asosan diniy mavzu, shuningdek, Gagarin va Sheralining parvozini muhokama qildi - kollaj

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka hamrohlik qilgan toshkentlik jurnalist Rahmon Abdullayevga ko‘ra¸chorshanbadan chorshanbagacha o‘tgan davrda tarmoqlar din va ayollar mavzusini muhokama qildi.

Ramazon arafasida tarmoqlar ko‘proq diniy mavzularni muhokama qilgan
Ramazon arafasida tarmoqlar ko‘proq diniy mavzularni muhokama qilgan

Tarmoqning olti platformasida «Ro‘za paytida ayollar uzun kuylak kiysin» degan plakat tarqaldi. Tarmoq yuzeri Diyora Abdujabborovaning «uzun kuylagi yo‘qlar nima qilsin?» degan savoli haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri bo‘ldi.

Mikoil Bulgakiy ismli Facebook yuzeri, tarmoqdagilar ta’biricha, “maslahatning dodasini berdi”.

«Sotib olsin. Hozir har qadamda ijob do‘konlar. Just business»

Tarmoq faoli Hilolaxon Mirzayeva esa, erkaklarga qarata «Uydan chiqmay turamiz. Qizlarning soyasidanam ro‘zasi ochilib ketyapti ekan ayrim «taqvoli»larning» deya kesatdi.

O‘zbek ayollari
O‘zbek ayollari

"Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi"

Chorshanbadan chorshanbagacha o‘tgan xaftada avvaliga ijtimoiy tarmoq, keyin esa mahalliy nashrlar Shovot tumanida muntazam kaltaklangani ortidan o‘zini osgan katqal’alik Muxlisa Qadamboyeva haqida yozdi. Hodisa yuz berganidan 11 kun o‘tib, Bosh prokuratura u haqda xabar tarqatib, «Katqal’a» mahallasida yashagan 19 yoshli Muxlisa Qadamboyeva 1 - aprel kuni taxminan 11:00da yashash uyining molxonasida osilgan holda topilganini bildirdi. Yosh juvon yog‘och to‘singa oq rangli shpagat ip bilan o‘zini o‘zi osib, joniga qasd qilgani tafsilotlari ham o‘rtaga chiqdi. Tarmoqni titratgan ushbu mavzuni ilk bor Ozodlik yoritgan edi. Ozodlik muxbiri 8 - aprel kuni Shovot tumaniga safar qilib, hodisa tafsilotlari va Muxlisa yaqinlarining unga munosabatini o‘rgangan. Ozodlikning ushbu xabaridan keyin O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram- kanalida «ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusidagi yangiliklar keyingi kunlarda umidsizlik zanjiriga bog‘lanib ketayotgani»ga e’tibor qaratdi.

Saida Mirziyoyeva
Saida Mirziyoyeva

“Kaltaklarga chidolmay, o‘zini osdi. Qo‘shnilaridan yo‘lkiraga besh ming olganiga do‘pposlashibdi. Bu hali daragi bizgacha yetib kelganlari. Yana qanchasi bosti-bosti bo‘lib ketyapti ekan? Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi. Jamiyatimiz razolat va sukut uchun, ayolning o‘zi aybdor“ degan qarash uchun juda og‘ir badal to‘layapti», — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.

Muxlisa fojiasi tarmoqni titratdi
Muxlisa fojiasi tarmoqni titratdi

Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi ayollardan kechirim so‘radi

O‘tgan xafta Telegram platformasi faoli, doktor Ruslan Xushmirov Toshkentdagi “Minor” masjidi sobiq imom noibi¸ Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Muxtor Aliyning «xotinlar uradigan erkaklarni yaxshi ko‘radi» degan so‘zlari aks etgan videoni tarmoqqa joyladi. Video tarmoqning, ayniqsa rus tilida so‘zlashuvchi segmenti tarafidan qattiq tanqid qilindi. Tanqidchilar O‘zbekiston prezidentining qizi tarafidan ayollarga qarshi zo‘ravonlikni qoralovchi bayonotlar fonida rasmiy din arbobining zo‘ravonlikni targ‘ib qilayotganiga e’tibor qaratishdi. Tarmoqlardagi bu mavzu internet nashrlariga ham ko‘chib o‘tgani ortidan Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi ayollardan uzr so‘rab chiqdi. Bu safar u «ayollarni urmaslik kerak» deya ta’kidladi.

Tarmoq kosmonavt Gagaringa shak keltirdi

Tarmoqning olti platformasi 12 - aprel kuni 60 yil oldin kosmosga uchgan ilk inson Yuriy Gagarin mavzusini ham muhokama qildi.

Yuriy Gagarin
Yuriy Gagarin

Turkiyada yashaydigan o‘zbeklar o‘z Telegram kanalida osmonga uchgan ilk odam musulmon va turk bo‘lganligini ta’kidlashdi. Ularga ko‘ra, Nazarfan Ahmad Chalabiy 1632 - yili Istanbuldagi Galata minorasidan parvoz qilib, 4 kilometr naridagi Uskudar mahallasidagi Do‘g‘onchilar maydoniga qo‘ngan.

Bu gapga javoban Telegramdagi “Xonqalilar” gruppasi ilk uchgan odam xonqalik Eltak ota ekani, u Xonqaning Sarapoyonidan zambarak o‘qiga bog‘lab otilganida Xazoraspning “Durvadik” degan joyiga borib tushganini aytishdi.

"Andijonliklar" guruhi esa, 12 - aprel kuni Asakada dunyoga kelgan ulug‘ hofiz Sherali Jo‘rayevning musiqiy parvozi Gagarindan baland ekanligini aytishdi. Aynan 12 - aprel kuni Sherali Jo‘rayevning prezident bilan qo‘l ushlashib tushgan rasmi Instagramda "qo‘lma-qo‘l" bo‘ldi.

Sherali Jo‘rayev 12 - aprelda tug‘ilgan
Sherali Jo‘rayev 12 - aprelda tug‘ilgan

Urganchlik ikki xonanda antiklerikal qo‘shiq ijro qildi

Xorazm viloyati Urganch shahrida ijod qiladigan ikki xonanda Navro‘z va Ulug‘bek Sobirovlarning "Qo‘shiq harom bo‘lsa, alla ne bo‘lg‘ay?!" deb nomlangan klipi Ramazon arafasida tarmoqda tarqalib, muhokama qilindi.

Klip “shariat taqiqlagan” deya san’atni tark qilayotganlarga javob sifatida ko‘rildi.

Beshik tebratib, alla aytayotgan ona tasviri bilan boshlanadigan klip, pirovardida musiqaga qiziqqan yosh o‘spirinning mutaassib ota qarshiligiga uchraganini tasvirlaydi. Qora do‘ppi kiygan ota klip finalida o‘g‘lining torini daraxtga urib sindiradi. O‘g‘il esa, singan tor parchalari uzra faryod qiladi.

Ilk odam yaralgan asliy sanada,

Jon musiqa birlan kirgan tanaga,

Qo‘shiq xarom bo‘lsa alla ne bo‘lur,

Bu qanday haqorat ona sha’niga?..

Klip davimida O‘zbekiston ramzlari ham ko‘rsatilib, “Adolat ustuvorligi” haqidagi plakat gaplar ham aytiladi. Pirovardida, mamlakat gimni ham qo‘shiq-ku axir“, degan xulosa yasaladi.

"Eltuz" nashrida e’lon qilingan karikatura
"Eltuz" nashrida e’lon qilingan karikatura

Toshqol kontent

Jurnalist va bloger Eldor Asanov o‘zining "Asanov formati" Telegram-kanalida o‘zbek segmentidagi diniy kontent borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Afsuski, na diniy, na dunyoviy bilimi yo‘q ba’zi blogerlar o‘z platformalarida ko‘tarayotgan mavzular xavfli bo‘lmasaydi, ahmoqona, kulgili desa bo‘lardi. O‘zbek interneti toshqol (o‘zbek tilini yaxshi bilmaydiganlarga – shlak degani bu) kontentga to‘lib ketdi: qayerga qaramay, Amerika – Dajjol, masonlar va yahudiylar fitnasi, ayollarni urishning foydasi, ko‘pxotinlikning foydasi, O‘zbekistonda bir erkakka o‘n olti ayol to‘g‘ri kelayotgani singari yolg‘on-yashiq cho‘pchaklar. Bunday mavzuni ko‘taradigan oratorlar og‘zilariga kelganni qaytarmay, tushunmagan narsalarini komil ishonch bilan gapirishi qanchalar kulgili va ayanchli bo‘lmasin, afsuski, ular ma’lum auditoriyaga ega. Ya’ni ular minglab o‘quvchi va ko‘ruvchilariga ma’rifat po‘stini yopingan jaholat va mutaassiblikni targ‘ib qilishyapti...

Buning natijasida ularning auditoriyasi radikallashib ketyapti, odamlarda o‘ta agressiv kayfiyat shakllantirilyapti. Bunday kayfiyatdagi kimsalar o‘ziga ma’qul kelmagan kishilarni va guruhlarni haqorat, shantaj, qo‘rqitish yo‘llari bilan jim qilishni, axborot maydonidan yo‘q qilishni o‘rganib oldi. Bunga biror chora ko‘rilmasa, jazosizlik hidi olgan toifalar ertaga amaliy harakatlarga ham o‘ta boshlashiga shubham yo‘q.

...Meniyam so‘kishadi – radikal kayfiyatdagi kimsalar arzimagan narsaga haqoratlab, tahdid qilishiga o‘rganib ham qoldim.

Ziyoli insonlar bu kabi saviyasiz va agressiv kontentni qo‘rqmay fosh etishi, jamiyatda o‘qimishlilik, bag‘rikenglik, ilm-fanga, san’at va adabiyotga qiziqishni, o‘zaro tenglik va irfon g‘oyalarini yoyishi, shubhasiz, ijobiy holat. Bunaqa olomondan qo‘rqib yuraversak, ertaga qoloq va mutaassib jamiyatda uyg‘onamiz. Ana unda aniq kech bo‘ladi.»

Saharlikka osh yeyish mavzusi ham muhokama bo‘ldi
Saharlikka osh yeyish mavzusi ham muhokama bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

XS
SM
MD
LG