Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:32

Ramzan Qodirov qanday kasallikka chalingan va uning ehtimoliy vorisi kim?


Ramzan Qodirov. 2023-yil dekabrida olingan surat.
Ramzan Qodirov. 2023-yil dekabrida olingan surat.

“Novaya gazeta. Yevropa” 22-aprel, dushanba kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning og‘ir xastaligi va uning ehtimoliy vorisi haqidagi materialni chop etdi. Bir necha soat o‘tgach, Qodirovning matbuot xizmati uning ishtirokidagi yangi videoni e’lon qilib javob berdi: videoyozuvda Checheniston rahbari sekin va tushunarsiz, qimirlamay gapiradi. Quyida uning sog‘lig‘i va atrofida nimalar sodir bo‘layotgani haqida ma’lumot beramiz.

Qodirovning sog‘lig‘i haqida nimalar ma’lum?

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov og‘ir kasal bo‘lishi mumkin, deb yozdi “Novaya gazeta. Yevropa”. Nashrning yozishicha, Qodirov pankreatik nekrozga uchragan. Unga bu kasallik bo‘yicha 2019-yilda tashxis qo‘yilgan. Qodirov muntazam ravishda ta’tilga chiqadi, omma oldida ko‘rinmaydi, keyin esa sog‘lig‘i yaxshi ekanini isbotlash uchun mo‘ljallangan videolar yozib olinadi. Qodirov o‘zining jismoniy kuchini namoyish etgan ushbu yozuvlardan biri 20-aprel kuni Youtube'da “Katta tosh ko‘taryapman” degan sarlavha bilan e’lon qilingan. “Novaya gazeta Yevropa”ning Ramzan Qodirov kasalligi haqidagi xabaridan so‘ng, Checheniston rahbarining rasmiy Telegram kanalida Qodirov «SVO» (“maxsus harbiy operatsiya”) mavzusida yig‘ilish o‘tkazayotgani to‘g‘risida yangi video paydo bo‘ldi.

“Novaya gazeta. Yevropa” bosh muharriri Kirill Martinov «Nastoyashcheye Vremya» telekanali bilan suhbatda Qodirovning sog‘lig‘i atrofidagi savollarga javob berdi:

“Biz Checheniston Respublikasi va undan tashqaridagi va Rossiya Federatsiyasidan tashqaridagi bir qator manbalar bilan suhbatlashdik va Qodirovning ommaviy faolligi kamaygani haqidagi va uning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarini taqqosladik. Qiziq voqea bo‘lgan edi, u Markaziy klinik kasalxonada bo‘lgan – go‘yoki amakisi bilan uchrashish uchun. Videoda amakisi uni ko‘rgani borgan Qodirovning o‘zidan ko‘ra ancha tetik va quvnoq ko‘rinardi. Checheniston Respublikasi hukumati bugun yangi videoni e’lon qildi, unda Qodirovning ish vaqti aks ettirilgan. Unda Ramzanni har turli burchakdan tasvirga olishgan, ammo katta planda ko‘rsatilmagan. Umuman olganda u juda sekin gapiradi va talaffuzida muammolar seziladi.»

Путиннинг ваҳшат қуроли - қодировчилар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:18 0:00

Qodirovning og‘ir kasalligi haqidagi mish-mishlar birinchi marta paydo bo‘layotgani yo‘q. 2020-yilda, koronavirus epidemiyasi avjida Ramzan Qodirov Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan edi. Keyin u haqiqatan ham yiliga ikki marta Moskva klinikalaridan birida tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tan oldi. Qodirov Koviddan tuzalib ketgani haqida rasman xabar berilmagan. "Novaya gazeta. Yevropa" nashri yozishicha, koronavirus Checheniston rahbariga "endokrin tizimi bilan jiddiy muammolar" olib kelgan.

Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar haqidagi mish-mishlarning yana bir ko‘tarilishi 2023-yil qishida, asosan Qodirovning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq edi. O‘shandan beri e’lon qilingan videolarda Checheniston rahbarining semirib ketgani, yuzi va ko‘z qovoqlari jiddiy shishib ketgani seziladi.

Bild nashri yozishicha, Qodirovni Abu-Dabidagi xususiy klinikaning nefrologiya bo‘limi bosh shifokori kuzatgan. Go‘yo kasallik tufayli Qodirov Vladimir Putinning Federal Majlisga yillik murojaatida ishtirok etmagan. Checheniston rahbarining sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlar fonida Vladimir Putin to‘ng‘ich o‘g‘li Axmat Qodirov bilan uchrashdi.

2023-yil 31-avgustida esa Qodirov telefoni old kamerasida olingan G‘arbdan onasi Ayman Qodirovaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni talab qilib yozib olgan videosi chiqdi. Unda Checheniston rahbarining yuzi juda shishgani, talaffuzi bilan bog‘liq muammolar sezilib turardi. 2023-yil sentyabrida Chechenistonning anonim Telegram kanallarida Ramzan Qodirovning komaga tushgani yoki hatto o‘limi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. "Novaya gazeta. Yevropa" nashri yozishicha, o‘sha paytda Checheniston rahbari Moskvada Prezident ma’muriyatining markaziy klinik kasalxonasida bo‘lgan, u ventilyatorga ulangan, ammo bemorning hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf bo‘lmagan.

“Ochiq-oydin narsani inkor etish juda ahmoqlik, nima uchun ular hech narsa bo‘lmayotganini hammaga isbotlamoqchi bo‘lishyapti. Qodirovni besh yil oldin va bugungi kunni taqqoslab, bu odamda hammasi o‘sha-o‘sha deydiganlarni tushunmayman", deydi chechen bloger Tumso Abdurahmonov "Nastoyashcheye Vremya"ga. Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i haqida Grozniy va umuman respublikadagi kundalik hayotdagi o‘zgarishlardan ham bilsa bo‘ladi deydi u.

Agar siyosatchining ahvoli jiddiy xavotir uyg‘otsa, Chechenistonda o‘ziga xos «erish» boshlanadi, bu allaqachon bir necha bor yuz berdi: "Agar repressiv choralar zaiflashsa, bu Qodirovning sog‘lig‘ida muammolar borligini anglatadi. Uning atrofidagilar uning sog‘lig‘i va keyin nima bo‘lishi bilan mashg‘ul bo‘lib qoladi. Yoshlar mashinalarga tonirovka qilishni boshlaydi, politsiya ham ularni ta’qib qilmaydi. Qodirov o‘zini yaxshi his qilgach, hammasi avvalgi tartibga qaytadi.

“Tonirovka bo‘yicha reydlar boshlanmoqda. Inqirozdan so‘ng, Qodirov Grozniy meri bilan birgalikda o‘z qarorgohi yonidagi xususiy sektorni ko‘zdan kechirdi», deydi Tumso Abdurahmonov.

Ўзбекистон президенти даҳшатли қотилликларга масъул кўриладиган Рамзан Қодировга ноëб совға йўллади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00

Bolalari, qarindoshlari va Apti Alovuddinov

Ramzan Qodirovning katta oilasi bor: uning xotini Medni Qodirova, uning ikkinchi xotini Fotima Xazuyeva va kamida 15 nafar bolasi bor, ularning bir qismi asrab olingan. Qodirov allaqachon bolalarni katta siyosatga olib kelmoqda. Katta o‘g‘li Ahmat otasining maslahatchisi lavozimida ishlaydi va Chechenistonda yoshlar siyosatiga rahbarlik qiladi. Ahmatning ukasi Adam Qodirov 15 yoshida Ramzan Qodirovning xavfsizlik xizmatini boshqargan. 2003-yildan keyin Ramzanning o‘zi ham otasi Ahmat Qodirovning xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lgan.

2023-yildagi eng katta janjallardan biri Adam Qodirov nomi bilan bog‘liq edi – Kirill Martinovning aytishcha, bu e’tiborni katta Qodirovning sog‘lig‘i mavzusidan chalg‘itadigan bahonalardan biri bo‘lishi mumkin:

"Biz o‘tgan yil davomida Qodirovning sog‘lig‘i bilan bog‘liq mishmishlardan chalg‘itadigan yangi janjalni yaratishga harakat qilganini ko‘ryapmiz. Buning eng yorqin misoli Grozniydagi tergov izolatoridagi dahshatli voqea edi. O‘shanda Nikita Juravel Qodirovning o‘n besh yoshli o‘g‘li Adam tomonidan kaltaklangan edi. O‘sha iflos voqeani eslaysizmi, o‘shanda hamma Adamni maqtashga majbur bo‘lganida, u bir nechta medallar va sertifikatlar oldi. Bunga qo‘shimcha yana [Apti] Alovuddinov kabi shaxs Rossiya Mudofaa vazirligida lavozim egalladi. Bularning barchasi birgalikda Qodirov, agar u yaqin kelajakda vafot etmasa ham, rasmiy vazifalarini bajara olmasligini bildiradi", deydi «Novaya gazeta. Yevropa» bosh muharriri.

Kirill Martinov tilga olgan Apti Alovuddinov Checheniston maxsus kuchlari qo‘mondoni. Nashrga ko‘ra, u Qodirovning sog‘lig‘i shu qadar og‘ir bo‘lib chiqsa va prezidentlikni davom ettira olmasa, uning vorisi bo‘lishi mumkin. "Novaya gazeta. Yevropa" Alovudinovning yaqinda ko‘tarilganiga e’tibor qaratadi: 16-aprel kuni Vladimir Putin uni Rossiya Mudofaa vazirligining Harbiy-siyosiy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlash haqidagi farmonni imzoladi. Ushbu kadrlar qaroridan so‘ng Kavkaz.Realii Alovuddinovning voris bo‘lishi mumkinligi haqida ham yozgan.

“U Qodirov bilan juda yaxshi munosabatda emas, balki uning o‘zi ham, prinsipial jihatdan boshqacha ekanini ta’kidlaydi. Bizdagi qaydlarda u ko‘proq «madaniyatli», Mudofaa vazirligi tizimiga ko‘proq integratsiyalashgan shaxs ekanligi ta’kidlangan. Masalan, buni Shoyguning apparatiga yangi tayinlanishi ham tasdiqladi. Menimcha, gap Qodirov boshqaruvining ba’zi elementlarini qisqartirish va Chechenistonni Rossiyaning mintaqalaridan biriga aylantirish haqida ketyapti. Ehtimol, urush vaqtida, rekord darajadagi harbiy xarajatlar vaqtida va urushda qatnashgani uchun Rossiya Qahramonini olgan Alovudinovning harbiy karyerasi fonida, Kreml yangi imkoniyat darchasi ochilganini ko‘ryapti. Qodirov sog‘lig‘i yomonlashganidan Chechenistonda «tartibni» tiklash uchun foydalanish. Biz yaxshi bilamizki, boshqa mintaqalardan chiqqan xavfsizlik kuchlari xodimlari ko‘pincha Qodirovdan nafratlanadi.

Shu bilan birga, Martinov Alovuddinov merosxo‘r roliga yagona nomzod emasligini ta’kidlaydi: "Keyingi epizodlarda yana qaysi shaxslar muhokama qilinayotganini tasvirlab beramiz, ammo Alovuddinov bizning mutaxassislar fikricha, eng ehtimoli kattasi. Menimcha, qodirovchilarni aktivlarini saqlab qolgan holda faxriy pensiyaga chiqarishni taklif etishadi va Chechenistonda ham, undan tashqarida ham, o‘z ta’sirini faol oshirish imkoniyati kamaytiriladi. Masala shuki, ular bunga rozi bo‘ladimi va Alovuddinov kimlar bilan ishlaydi? Ular orasida federal markazdan kelganlar qancha bo‘ladi? Rossiya xavfsizlik kuchlari xodimlarining Chechenistonga joylashishi juda salbiy qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG