4 - sentabrda Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri binosining “kapital ta’mirdan so‘ng” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ochilish marosimi ta’mirlash ishlari tugallanmay o‘tkazilgan.
Mazkur tadbirga oid xabarlarda ta’mir uchun sarflangan mablag‘ to‘g‘risidagi raqamlar ham bir-biridan keskin farq qilishi e’tiborni tortdi.
Ba’zi nashrlar ta’mirga 10 mlrd so‘mga yaqin pul sarflanganini yozsa, boshqalari viloyat hokimligiga tayangan holda 17 mlrd so‘m sarflanganini xabar qildi.
Teatr ta’mirini amalga oshirgan korxona rahbariyati Ozodlikka taqriban 9 mlrd so‘mlik ish bajarganini tasdiqladi.
Teatr rahbariyatining Ozodlikka bildirishicha, ochilish marosimi ta’mirlash ishlari yakuniga yetmay o‘tkazilgan.
Viloyat hokimligi rasmiysi ta’mirlash ishlari davom etayotgani, tilga olingan 17 mlrd so‘m ishlar bitguncha sarflanishini bildirdi.
Har xabarda har raqam
4 - sentabrda Qashqadaryo viloyat Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomidagi musiqali drama teatri binosining kapital ta’mirdan keyingi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Madaniyat vazirligining xabar qilishicha, marosimda viloyat hokimi Zoir Mirzayevga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Ayrim nashrlar 2020 - yilning noyabrida boshlangan ta’mirlash ishlariga salkam 17 milliard so‘m sarflanganini xabar qildi.
17 milliard so‘m sarflangani to‘g‘risida dastlab viloyatdagi Qarshiliklar Telegram kanali hamda Nasafnews.uz sayti yozdi
Biroq O‘zA axborot agentligining xabar qilishicha, teatr ta’miriga 7 mlrd 800 mln so‘m ajratilgan.
Ta’mirlovchining ham o‘z raqami bor
Teatr ta’mirini amalga oshirgan qurilish tashkiloti – “Qurilish ko‘chma kolonna 017” MChJ rahbariyati vakili (ismi aytilishini istamadi-tahr.) Ozodlikka sarf-harajatlarga oid raqamlarning uchinchi variantini aytdi. Uning aytishicha, ta’mirga 9 801 035 873 so‘m sarflangan. Korxona vakili bu mablag‘ nimalarga ketganining yozma hisobotini Ozodlikka taqdim etdi.
MChJ vakilining aytishicha, ta’mirlash ishlari uchun dastlab ajratilgan mablag‘ning kelib tushishi bilan bog‘liq muammo bo‘lmagan. Muammo smetadan tashqari harajatlarni qoplash masalasida yuzaga kelgan. Uning aytishicha, ta’mir smetasiga kirmagan taqriban 2 mlrd so‘m masalasi hozircha hal bo‘lmay turibdi.
“Qurilish ko‘chma kolonna 017” MChJ rahbariyati vakili teatr ta’miriga sarflangani aytilayotgan 17 mlrd so‘m haqidagi ma’lumot qanday paydo bo‘lganini “tushunmayroq turganini” aytarkan, bunday dedi:
“Teatr ta’miri uchun 17 mlrd so‘m sarflandi, degan gap qayerdan paydo bo‘lganini tushunmayroq turibman. Balki smeta hujjatlariga ko‘ra, biz amalga oshirgan ishlarimizdan tashqari, viloyat hokimligi teatrga olib kelib qo‘ygan narsalar bo‘lishi mumkin. Biz smetada belgilangan ishlarni qilib, unga qo‘shimcha tarzda binoning fasadi va obodonlashtirish, masalan teatr hovlisining bir qismiga bruschatka yotqzish bilan bog‘liq ishlarni qildik va natijada taqriban 9 mlrd so‘mlik ish bajardik”, - dedi Ozodlikka “Qurilish ko‘chma kolonna 017” MChJ rahbariyati vakili.
Oddiy arifmetika
MChJ vakili taxmin qilayotgan “viloyat hokimligi teatrga olib kelib qo‘ygan narsalar” ga O‘zA davlat axborot agentligi o‘z xabarida bir qadar oydinlik kiritdi:
“Qashqadaryo viloyati hokimligi “Do‘stlar klubi” faoliyati doirasida asosiy homiy sifatida teatrning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida ko‘pgina amaliy va moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 829 million so‘mga katta monitor, 378 million so‘mga teatr sahnasi uchun parda olib berildi. Teatrning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va teatr uchun zaruriy mebel va jihozlar olish uchun teatr hisobiga 2 milliard so‘m moddiy mablag‘ ajratib berildi”.
O‘zAning bu ma’lumotlar keltirilgan xabarida mana bu ma’lumot ham bor:
“… viloyat musiqali drama teatri binosida o‘tgan yilning noyabr oyidan boshlab davlat byudjeti hisobidan mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu maqsadlar uchun 7 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratildi”.
O‘zA xabarida keltirilgan barcha raqamlar qo‘shilsa (7mlrd 800 mln + 829 mln + 378 mln + 2 mlrd) 4 sentabrgacha qilingan sarf-harajatlar jami 11 mlrd 007 mln so‘mni tashkil qiladi.
Lekin Qashqadaryodagi nashrlar, viloyat hokimligiga tayanib, 17 mlrd so‘m mablag‘ sarflangani to‘g‘risida xabar qildi.
Bitmagan ta’mirga ketmagan pul
Teatr ta’miriga aslida necha pul sarflandi? Nima uchun xabarlarda keltirilayotgan farq juda katta? Ozodlikning bu savollariga Qashqadaryo viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Yusupov javob berishni istamadi. “Teatr ta’mirini Madaniyat vazirligi moliyaladi. Barcha savollaringizni vazirlikka bering, biz aralashganimiz yo‘q”, - deya aloqani uzib qo‘ydi.
Madaniyat vazirligi Moliya boshqarmasi kichik mutaxassisi Suhrob Mahmarahimov Qashqadaryo teatri ta’mirini moliyalash masalalaridan xabardor yetakchi mutaxassis ta’tilda ekanligini, boshqarma boshlig‘i esa, majlisda ekanligini bildirish bilan cheklandi.
Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqovning so‘zlariga qaraganda, bitgani aytilgan kapital ta’mir hali bitmagan, sarflandi deyilgan 17 mlrd so‘m ham hali to‘liq sarflanmagan:
“Haqiqatan ham 17 mlrd ketadi, lekin ish hali oxiriga yetmagan. Taxmin qilingan 17 mlrd ketadi, deb. Katta ishlar qilindi. Pulni Madaniyat vazirligi ajratgan. Teatrda qishgacha qo‘shimcha qilinadigan ishlar hali juda ko‘p. Tomini remont qilish kerak hali. Kanalizatsiya bilan bog‘liq ishlar bor. Hali ish ko‘p”.
Ta’mir arzonmi, qurilishmi?
Qashqadaryo viloyat Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomidagi musiqali drama teatri ta’miriga sarflangani aytilayotgan mablag‘ni qiyoslash uchun ma’lumot: mahalliy nasafnews.uz nashri shu yilning iyunida Qarshi shahar hokimligi axborot xizmatiga tayanib, viloyatda qurilayotgan qo‘g‘irchoq teatri qiymati 16 mlrd 516 million so‘mni tashkil etajagini xabar qilishgan edi.
Nima uchun bir teatrni 16 mlrd 516 million so‘mga qurish mumkin bo‘lgan bir paytda boshqa teatrning ta’miriga 17 mlrd sarflanmoqda? Bu savolga Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov bunday javob berdi:
“Qo‘g‘irchoq teatri binosi hajmi bilan drama teatri binosi hajmini qiyoslasangiz, javob o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib qoladi. Qo‘g‘irchoq teatri binosi kichikroq bo‘ladi, demak, harajati ham shunga yarasha bo‘ladi”.
Qashqadaryo viloyat Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomidagi musiqali drama teatri direktori O‘tkir Mahmatqulovning Ozodlikka bildirishicha,
“Teatrning 89- mavsumi boshlandi, lekin Maxsus komissiya tomoshabin yig‘ib, spektakl ko‘rsatishga ruxsat bergani yo‘q. Qolaversa, qurilish-ta’mir ishlari davom etyapti. Teatr atrofini obodonlashtirish, isitish tizimiga ulash ishlari davom etyapti, teatrning sahnani yorituvchi chiroqlari o‘rnatilishi kerak”.
Direktor teatri ta’miri uchun necha pul sarflangani to‘g‘risida aniq ma’lumoti yo‘qligi, viloyat hokimligi ham moliyaviy yordam ko‘rsatayotgani, jumladan teatr pardasini yangilash uchun, boshqa maqsadlar uchun pul ajratganini bildirdi.
4 sentabrda 89- mavsumini boshlagan Qashqadaryo viloyat teatrining kuni kecha ta’mirdan chiqqan binosi 1983 - yilda foydalanishga topshirilgan, o‘tgan davr mobaynida bino deyarli yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi.
1932 - yili Qarshi va Shahrisabzdagi havaskor guruhlari negizida tashkil etilgan teatr truppasi 1936 - yilda davlat teatri maqomini olgan. Teatrga 1943 - yili vafot etgan xonanda, o‘zbek ashulachilik san’atining yirik namoyandasi, O‘zbekiston xalq hofizi Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomi berilgan.