Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:12

Rasmiy Toshkent va Yaqin Sharq: Falastinni qo‘llash mumkin, ammo namoyishlarga ruxsat yo‘q


Toshkentning Amir Temur xiyoboni. 29-oktabr, 2023. Tarmoqlarda tarqalgan video skrinshoti.
Toshkentning Amir Temur xiyoboni. 29-oktabr, 2023. Tarmoqlarda tarqalgan video skrinshoti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘azo sektori aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 million 500 ming dollar yordam ajratilishini ma’lum qildi. O‘zbekiston prezidenti bu haqdagi qarorini 31-oktabr kuni energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlashga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida e’lon qilgan.

Prezident matbuot xizmatining iqtibos keltirishicha, ushbu mablag‘ Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga o‘tkaziladi.

Mirziyoyev O‘zbekiston "Falastin xalqi bilan birdam ekani" va "mustaqil Falastin davlati barpo etilishini qo‘llab-quvvatlashini" ta’kidlagan.

U “Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik” izhor etgan.

“Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, - deb aytgan Mirziyoyev.


Ayni paytda u o‘zbek yoshlarini “turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslik” haqida ogohlantirgan.

Bu Mirziyoyevning shu yil 7-oktabrida Yaqin Sharqda yangi zo‘ravonlik to‘lqini boshlanib ketganidan buyon bergan ilk bayonotidir.

Namoyishchilar javobgarlikka tortildi

Prezident Mirziyoyevning bayonoti O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Toshkentda Falastin tarafdorlari namoyishini tarqatib yuborganidan 2 kun o‘tib yangramoqda.

29-oktabr kuni Toshkentning Amir Temur xiyobonida Falastinni qo‘llash maqsadida miting o‘tkazmoqchi bo‘lgan 100 dan ortiq namoyishchi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tarqatib yuborilgan.

Aksiyaga chaqiruvlar ilk bor ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Tashkilotchilar Istanbulda Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitingi uchun qilingan bannerdan ko‘chirilgan bannerni ham tarmoqqa joylashgan.

Bannerda Amir Temur haykali va uning atrofida yig‘ilgan, qo‘llariga O‘zbekiston va Falastin bayroqlarini ko‘tarib olgan ko‘plab odamlar tasvirlangan. Unda vaqt va joy ham ko‘rsatilgan edi: 14:00, Amir Temur xiyoboni. Bannerning pastki qismida «Falastin bilan yelkama-yelka», «15 sutka meni qo‘rqitmaydi» va «Ko‘pchilik bo‘lsak, bizni eshitishadi» degan yozuvlar bor edi.

Isroil hukumatining shu yil 7-oktabr kuni mamlakat janubiga HAMASning qonli hujumi ortidan boshlangan G‘azodagi amaliyotlariga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishga uringanlar shu kunning o‘zida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 201-moddasiga ko‘ra, jarimaga tortilgan.

Amalga oshmagan namoyish qatnashchilari ustidan sud Toshkentning Mirobod, Yashnobod, Yunusobod tumanlari ma’muriy sudlari tomonidan ko‘rilgani.

Ulardan ayrimlariga 5 sutkagacha qamoq jazolari berilgani aytilmoqda, biroq Ozodlik rasmiy idoralardan buni tasdiqlay olmadi.

Ayni paytda norozilik namoyishi o‘tkazmoqchi bo‘lgan fuqarolarning jazolanishi tarmoqlarda e’tirozlarga ham sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Parlamentining sobiq deputati Rasul Kusherbayev, "fuqarolarni amalda yo‘q tartib uchun javobgarlikka tortish yana qancha davom etadi?", deb yozdi.

Eks-deputat Kusherbayevga ko‘ra, qonunchilikda hamon yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibi mavjud emas. "Hukumat o‘zi hali tegishli tartibni joriy etmagan ekan, ularni qaysi tartibni buzganlikda ayblash mumkin?", deydi u.

ҲАМАС-Исроил уруши: 23-кун | Исроил ҳарбийлари Ғазо секторига ҳужумларни давом эттирмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:14 0:00

Muhokamadan olib tashlangan qonun loyihasi

O‘zbekistonda hanuzgacha miting, ko‘cha yurishlari va norozilik namoyishlarini tartibga soluvchi qonun hujjati mavjud emas. Bu turdagi aksiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tartibga solinadi.

Biroq huquqshunoslarga ko‘ra, mazkur normativ hujjatda miting, ko‘cha yurishlari va norozilik namoyishlarini o‘tkazishga oid tadbirlar to‘la o‘z aksini topmagan.

O‘zbekiston Respublikasining “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida”gi ilk qonun loyihasi 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. 25 moddadan iborat qonun loyihasi O‘zbekiston hukumatining regulation.gov.uz platformasiga 2020-yilning 18-avgustida joylashtirilgan.

Jamoat tashkilotlari va fuqarolarning keskin tanqidlariga sabab bo‘lgan mazkur qonun loyihasi oradan 25 kun o‘tib, muhokamalardan olib tashlangan.

Qonun loyihasi tanqidchilaridan biri, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, loyiha "Ichki ishlar vazirligining tezkor majlisi bayonnomasiga o‘xshaydi".

Loyihaga ko‘ra, miting, yig‘ilish va namoyishlarni haftaning ish kunlari soat kunduzi 10:00dan 18:00gacha vaqt oralig‘ida o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bir joyda va bir vaqtning o‘zida bir ob’ekt yonida ikki yoki undan ortiq miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Qonun bilan miting, yig‘ilish va namoyishlar davomiyligi ikki soatdan oshmasligi belgilangan.

Vazirlik go‘yo ushbu qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya, AQSH, Qozog‘iston, Turkmaniston, Germaniya, Fransiya, Estoniya va Ozarbayjon davlatlarining tajribalarini o‘rganganini aytgan.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, IIV organi miting, yig‘ilish va namoyishlar haqidagi qonun hujjatida faqatgina hukumatdan norozilik aksiyalarini ko‘zda tutgan.

"Holbuki, miting, yig‘ilish va namoyishlar faqatgina norozilikni ifodalamaydi. Aksincha, u qo‘llab-quvvatlov maqsadida o‘tkazilishi ham mumkin", deydi Abdurahmon Tashanov.

XS
SM
MD
LG