Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konida 17-sentyabr kuni ro‘y bergan hodisa oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Gazeta.uz nashri O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovga iqtibosan xabar tarqatdi.
Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligi mas’ullari 17-sentyabr kuni vodorod sulfid sizib chiqishi emas, balki “ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik hodisa” ro‘y berganini ma’lum qilgan, ammo uning tafsilotlarini ochiqlamagan.
17-sentyabr kuni ro‘y bergan “ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik hodisa” Boysundagi gaz konida so‘nggi haftalarda kuzatilayotgan navbatdagi favqulodda vaziyatdir.
Boysun tumanidagi M-25 gaz koniga qarashli 604-son qudug‘ida 1-sentyabr kuni soat 15:17 da portlash sodir bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, quduqda burg‘ulash ishlari olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt, ya’ni vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatilgan.
Buning ortidan kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
FVV o‘shanda fuqarolar orasida tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagani, vaziyat to‘liq nazorat ostida ekaniga ishontirgandi.
Ammo o‘shanda ham ijtimoiy tarmoqlarda Enter Engineering shirkatining to‘rt nafar ishchisi hodisa joyida halok bo‘lgani haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqalgandi.
Konda gaz sizib chiqishi qariyb ikki hafta davom etdi. 15-sentyabr kuni Eriell kompaniyasi matbuot xizmati mahalliy matbuotga vodorod sulfid sizib chiqqan quduqda so‘ndirish jarayoni yakunlangani, jarayonga Rossiya va AQSHdan mutaxassislar jalb qilinganini ma’lum qildi.
Hodisani tekshirish uchun maxsus hukumat komissiya tuzilgani e’lon qilingan, ammo komissiya hozirgacha hodisa sabablari borasida biron dastlabki xulosani e’lon qilganicha yo‘q.