Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:14

Reuters faktcheki: “Magnit testi” COVID-19 vaksinalarida metall yoki mikrochip borligini isbotlamaydi


COVID-19 vaksinalari emlangan shaxs tanasidagi inyeksiya joyini magnitlanadigan qilmaydi. Buni “Reuters” agentligiga intervyu bergan fizika va tibbiyot mutaxassislari tasdiqladi.

Ushbu asossiz da’vo emlangan shaxslar qo‘llari magnitni o‘ziga tortayotgani aks etgan bir necha video yordamida tarqalib ketgan. Bir necha videoda bu holat emlangan shaxslar tanasiga mikrochip o‘rnatilganini isbotlashi iddao qilindi. Boshqa videolarda bu holat izohlanmadi. Videolarning birida tanasi magnitni tortayotgan shaxs Pfizer/BioNTech vaksinasi bilan emlangani iddao qilindi.

Biroq, bu videolar vaksina emlanganlarda magnit reaksiyasini keltirib chiqarishini yoki COVID-19 dozalarida mikrochip mavjud ekanini isbotlamaydi.

Birinchidan, “Reuters” agentligi koronavirusga qarshi vaksinalarda mikrochiplar borligi haqidagi fitnalar asossiz ekanini fosh qilgan. Pandemiya davomida keng tarqalgan bu iddaolar ko‘pincha “Microsoft” shirkati asoschisi va filantrop Bill Geytsni nishonga oldi.

Ikkinchidan, Buyuk Britaniyada yoki Amerika Qo‘shma Shtatlarida tasdiqlangan COVID-19 vaksinalarining birortasida metall ingredientlar mavjud emas. Boshqa ayrim vaksinalarda oz miqdorda alyuminiy bor, ammo bu metall magnitlanmaydi.

Oksford universiteti tadqiqotchilarining aytishicha, vaksinalardagi alyuminiy miqdori deyarli barcha oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvidagi alyuminiy miqdori bilan teng va umuman zararli emas.

Uchinchidan, COVID-19 vaksinalarida magnit metallar bo‘lgan taqdirda ham, ular magnetik reaksiya keltirib chiqara olmagan bo‘lardi. “Meedan” shirkati tibbiyot xodimlari:

“Magnitni jalb qilish uchun yetarli bo‘ladigan metall miqdori emdorining kichik dozasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan miqdordan ancha ko‘pdir.”

Dublin Triniti kolleji qoshidagi Fizika maktabi professori Maykl Kou ham bu da’volarni “uchiga chiqqan bema’nilik” deb ta’rifladi.

Professor elektron pochta orqali “Reuters” agentligiga yozgan maktubida inyeksiya joyida doimiy magnitni jalb qilish va ushlab turish uchun kamida bir gramm temir kerak bo‘lishini aytdi. Olim bu miqdordagi metall tanaga kiritilsa, uni “osongina his qilish” mumkin bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“Aytgancha, bugun rafiqam “Pfizer” vaksinasining ikkinchi dozasini oldi. Men bundan ikki hafta oldin emlangandim. Magnitlar qo‘llarimizga tortilmasligini tekshirib ko‘rdim!”, deb yozdi professor Kou.

“Pfizer” shirkati matbuot kotibi shirkat vaksinasini olgan shaxs tasvirlangani da’vo qilingan videoga javoban shirkat ishlab chiqqan vaksinada metallar yo‘qligini va u inyeksiya qilinganidan keyin, tanada magnitli reaksiyaga olib kelmasligini tasdiqladi.

Xulosa

Bu iddao yolg‘on. Mutaxassislarning aytishicha, emlangan shaxslar inyeksiya joyida magnitlanishni boshdan kechirmaydi.

Ushbu maqola “Reuters Fact Check” jamoasi tomonidan hozirlandi.

Tuzatish (25 - iyun, 2021): Ushbu maqolaning eski versiyasida MRI tekshiruvi mexanizmi noto‘g‘ri tasvirlangan va inson tanasi bilan bog‘liq zaif magnitik ta’sirlar haqida to‘liq ma’lumot berilmagan edi. Bu jumlalar o‘chirib tashlandi, chunki ularning xulosaga hech qanday aloqasi yo‘q. Shuningdek, maqola barcha metallar magnitlanmasligini ochiqlash uchun tahrir qilindi.

XS
SM
MD
LG