Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2024, Тошкент вақти: 00:05

Rossiya: Maxsus reyestrda ro‘yxatdan o‘tmagan blogerlar postlarini tarqatish taqiqlandi


Rossiya, blogerlar. Illyustrativ surat.
Rossiya, blogerlar. Illyustrativ surat.

2024-yil 30-iyulda Davlat Dumasi axborot va reklama to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritdi. O‘zgarishlar birinchi navbatda blogerlarga ta’sir qildi. Hozir 10 mingdan ortiq auditoriyaga ega blogerlar “Roskomnadzor»ga ularni aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni mustaqil ravishda yetkazishi shart.

Reyestr 2024-yil kuzida tuziladi va 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab unda ro‘yxatdan o‘tmagan blogerlarni repost qilish har bir foydalanuvchi uchun, hatto besh kishi o‘qisa ham, noqonuniy hisoblanadi.

Keling, ushbu o‘zgarishlar qaysi ijtimoiy tarmoqlarga, blogerlar va ularning obunachilariga qanday ta’sir qilishini va bu tartiblarga rioya qilmaganlik uchun qanday jazo choralari belgilanishini ko‘rib chiqaylik.

To‘liq deanonimlashtirish: "blogerlar to‘g‘risida"gi yangi qonun nima o‘zi?

Yangi tuzatishlar Rossiyaning blogerlarni nazorat qilishga birinchi urinishi emas. 2014-yilda “Axborot, axborot texnologiyalari va axborotni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilib, o‘z mohiyatiga ko‘ra “kuniga 3000 dan ortiq foydalanuvchi” auditoriyasiga ega bo‘lgan blogerlar ommaviy axborot vositalariga tenglashtirildi. Qonunga ko‘ra, internetdagi istalgan veb-sayt yoki sahifa blog hisoblanishi mumkin edi.

Blogerlar «Roskomnadzor»da ro‘yxatdan o‘tishlari va kontentni, jumladan, obunachilar sharhlarini filtrlashlari kerak. Ularga pornografiya, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi yoki “behayo so‘z” bo‘lgan materiallarni joylashtirishga ruxsat berilmasdi. Shuningdek, ular e’lon qilingan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirishlari va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan kontentni darhol olib tashlashlari kerak edi.

"Кремл қўлидаги қурол". Тармоқ фаоллари АEС га қарши ёзмаслик ҳақида огоҳлантирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:15 0:00

Blogerlar o‘z kanallarida familiyasi, initsiallari va elektron pochta manzilini joylashtirishlari kerak edi. Internetda chop etilgan barcha ma’lumotlarning (shu jumladan shaxsiy ma’lumotlarning) saqlash muddati kamida olti oyni tashkil etardi. Shu bilan birga, blogerlar ushbu ma’lumotni Rossiya huquq-tartibot idoralarining ilk talabidayoq taqdim etishlari shart edi.

Biroq bu tuzatishlar samarali bosim vositasiga aylana olmadi. 2017-yilda ular bekor qilindi. Bekor qilish vaqtida maxsus reyestrda atigi 2208 ta qayd mavjud bo‘lib, ularning aksariyati «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi guruhlar edi.

2024-yil yozida qabul qilingan “blogerlar to‘g‘risidagi qonun”ning yangi tahriri kattaroq va qattiqroq ko‘rinadi. Advokat o‘zgarishlarni shunday ta’riflaydi (biz suhbatdoshning xavfsizligi uchun uning sharhini anonim ravishda e’lon qilamiz, chunki Rossiya rasmiylari "Nastoyashcheye Vremya"ni nomaqbul tashkilot" deb e’lon qilganlar):

"Ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi 10 mingdan ortiq obunachi bo‘lgan shaxsiy sahifalar egalari o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni «Roskomnadzor»ga ma’lum qilishlari va yangi reyestrga kiritilishi kerak bo‘ladi. Bu talab «Roskomnadzor» tomonidan kiritilgan ijtimoiy tarmoqlardagi bloglarga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Bloger reyestrda ro‘yxatdan o‘tmasa, unga o‘z sahifasi donat yig‘ish haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish, o‘z sahifasida reklama joylashtirish taqiqlanadi. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tmagan blogerlar yoki kanallar «Roskomnadzor»ning so‘roviga binoan, bu haqdagi ma’lumotlar reyestrga o‘tkazilgunga qadar ijtimoiy tarmoqlar egalari tomonidan bloklanadi."

"O‘zlari eplasin": mashhur blogerlar va Z-kanallari munosabati qanday?

Deanonimlashtirish, ya’ni anonimlikdan chiqarish va blogerlarga bosim o‘tkazish bo‘yicha yangi urinish yanada aniqligiga qaramay, taqiq va shartlarga rioya qilmagan taqdirda jazo mexanizmi qanday aniq ishlashi hanuz noma’lum. Blogerlarning ta’kidlashicha, "nishon"dagi barcha saytlar Rossiya hukumati bilan hamkorlik qiladi.

“Reyestrga kiritilmagani uchun repostlar va kraudfanding taqiqlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik hali belgilanmagan. Reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 14.3-moddasi, 1-qismida ko‘zda tutilgan”, deya tushuntiradi advokat.

O‘zgartirishlarga taalluqli bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxatiga quyidagi saytlar kiradi: "Odnoklassniki", "VKontakte", "Dzen", RuTube, "Pikabu", Yappy, LiveJournal, Likee, X, TikTok, YouTube, Telegram, Pinterest, Twitch, Discord. Instagram va Facebook ushbu reyestrga kiritilmagan (ular Rossiya Federatsiyasida ekstremistik tashkilotlar sifatida tan olingan). Ro‘yxatga kiritilgan ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyati “Roskomnadzor” talabiga binoan o‘z foydalanuvchilari haqida ma’lumot berishi kerak bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, uning so‘roviga binoan, blogerlarning o‘z resurslariga kirishini bloklashi kerak. Ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, reyestrga kiritilgan bloglarni belgilashlari kerak bo‘ladi – buning aniq qanday bo‘lishi hali noma’lum.

Yirik blogerlar qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan salbiy munosabatda bo‘lishdi. Misol uchun, Yevgeniy Bajenov (BadComedian) «Roskomnadzor» istasa, soliq idorasiga murojaat qilib, u haqidagi barcha kerakli ma’lumotlarni bilib olishi mumkinligini ta’kidladi. Blogerning aytishicha, u mas’uliyatni yaxshi his qiladi va nima uchun "Roskomnadzorga qo‘shimcha ma’lumot berish kerakligini" tushunmaydi.

“Men butunlay ochiqman, so‘rov ham shart emas, ular parallel agentlikka so‘rov yuborishlari mumkin va ular men haqimda barcha ma’lumotlarni olishadi. O‘zlari hal qilsinlar”, deb izoh berdi bloger.

Мирзиёев VS Блогерлар. Таёқ, таҳдид ва таъма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:40 0:00

Rossiya hukumatining ko‘plab repressiv choralarini qo‘llab-quvvatlovchi Z-blogerlar – urush tarafdorlari ham norozilik bildirdi. "Verum Regnum|Nash Regnum" Telegram kanali:

"Ularning 303-FZ-sonli ajoyib «vatanparvarlik» qonuni Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi bilan qanday uyg‘unlashadi. Konstitutsiyaning 29-modda 4-bandida shunday deyilgan: "Har kim istalgan shaklda ma’lumotni erkin izlash, olish, uzatish, ishlab chiqarish va tarqatish huquqiga ega. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati federal qonun bilan belgilanadi». Hurmatli deputatlar qanday tushunmoq kerak buni, ijtimoiy tarmoqlar "ma’lumotni qidirish, olish, uzatish, ishlab chiqarish va tarqatishning qonuniy usuli" bo‘lmay qoldimi?»

Yana bir Z-bloger Roman Alexin bu borada ancha vazmin va qonunda "hech qanday jiddiy narsani" topmaganini ta’kidlaydi. Ammo uning texnik savollar ro‘yxati "Verum Regnum"dagi hamkasbiniki bilan taxminan bir xil.

Blogerlar va agentliklar uyushmasi (ABA) qonunning yangi qoidalarini joriy etish uchun ko‘proq vaqt so‘ragan. ABA ma’lumotlariga ko‘ra, kontent yaratuvchilarga o‘zgarishlarga moslashish uchun kamida bir yil kerak bo‘ladi. Assotsiatsiya a’zolari ta’kidlashicha, ularga har kuni o‘zgartirishlarni tushuntirish bo‘yicha so‘rovlar kelib tushadi. ABA 2022-yil aprel oyidan beri mavjud. Uning asoschilari Tatyana Ivanova (hello blogger bosh direktori va assotsiatsiya prezidenti), Maksim Perlin (Blacklight bosh direktori) va Petro Sheksheyev («Agentlikdan kattaroq» bosh direktori). Uyushma "soha ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilish" uchun tashkil etilgan, deyiladi uning rasmiy veb-saytida. Uning tarkibida 50 ming bloger va 50 agentlik, jumladan Setters va Hype Agency bor.

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, 2024-yil 1-noyabrga qadar blogerlar uchun maxsus reyestr yaratilishi kerak. Unga kirishdan bosh tortganlar bloklanishi va reklama taqiqlanishi ham mumkin. Ushbu jazo choralari 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

"Hozirgi vaziyatda deyarli hamma narsa mumkin"

Qonun kuchga kirgan paytdan boshlab, auditoriyasi 10 mingdan ortiq bo‘lgan blogerlar kichikroq va maxsus reyestrga kiritilmagan kattaroq bloglardagi repostlarni o‘chirib tashlashlari kerak bo‘ladi. Roskomnadzor tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi faqat yirik bloglar Rossiya qonunchiligini buzmasdan repost qilishlari mumkin. Boshqa tomondan, "ruxsatsiz qayta joylashtirganlik" uchun qanday jazo berilishi hozircha noma’lum.

"Roskomnadzorga o‘zi haqida ma’lumot bermagan bloger obunachilari uchun ham cheklovlar mavjud: ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga Roskomnadzor reyestrida ro‘yxatdan o‘tmagan blogerlardan repost taqiqlanadi, ammo bu talabni bajarmaganlik uchun javobgarlik hozircha belgilanmagan», deb tushuntiradi advokat. Bundan tashqari, ushbu cheklov barcha abonentlar uchun, ularning auditoriyasi kengligidan qat’i nazar, amal qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, blogerlar to‘g‘risidagi yangi qonun oxir-oqibatda yozgan va hech bo‘lmaganda ba’zan boshqalar yozganlarini repost qiladigan har bir kishiga ta’sir qiladi. Kichikroq blogerlar ham, obunachilar ham aziyat chekadi. Kino haqidagi Telegram kanal muallifi Maksim (ismi o‘zgartirilgan) hali 10 ming obunachiga yetmagan, biroq uning blogi barqaror o‘sib bormoqda.

"Agar biz umuman qonunga qaytadigan bo‘lsak, unda, ehtimol, uning birinchi qurbonlari hozir u yoki bu darajada hokimiyat ro‘yxatida, shuningdek, fikr yetakchilari – yirik blogerlar bo‘ladi. Menimcha, qonunda ko‘rsatilgan platformalarning hammasi ham davlat bilan hamkorlik qilmaydi, qonun chiqaruvchining talablariga javob berishiga shubha qilyapman. Ammo bu qonun ta’sir qiladigan foydalanuvchilar ko‘p bo‘ladi. Ushbu reyestrga kirganlar Rossiya Federatsiyasida tarqatilishi taqiqlangan ma’lumotlarni doimiy ravishda o‘z kanallari va sahifalarida chiqib ketmasligi uchun tekshirishlari kerak bo‘ladi. Bunday ma’lumotlar ro‘yxati juda keng", deydi Maksim.

Украинага босқин: 914-кун | Telegram асосчиси Павел Дуров Париж аэропортида ҳибс этилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:56 0:00

Blog yuritishni davom ettirmoqchi bo‘lgan, lekin rasmiylar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganlar uchun qochish yo‘llari bormi? Advokat so‘zlariga ko‘ra, bir nechta variantlar mavjud:

"Agar bloger o‘zi haqidagi ma’lumotlarni Roskomnadzorga o‘tkazishni istamasa va shu bilan bog‘liq holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar oldini olishni istasa, u o‘z obunachilari sonini nazorat qilishi kerak bo‘ladi.

Maksim shu rejaga amal qilmoqchi:

“Hozircha men qonun qanday ishlab chiqilishini, qaysi platformalar unga rioya qilishga rozi bo‘lishini kuzatmoqchiman va Telegram bu ro‘yxatda bo‘lmasligiga umid qilyapman, kanalni yopiq qilishni rejalashtiryapman, lekin hozirgi vaziyatda deyarli hamma narsa bo‘lishi mumkinligini kutishga o‘rganib qolganman”.

2024-yil bahorida «Roskomnadzor» Telegram va YouTube «noqonuniy» materiallarni olib tashlamaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar YouTube videolari Rossiya rasmiylari iltimosiga binoan bloklangani haqida xabar berishdi: xususan, ular safarbarlik va harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash haqidagi videolar o‘chirilgani haqida gapirishgan. Bloklangan videolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri havola orqali ko‘rish mumkin.

Telegram'ga kelsak, kompaniya rahbariyatining turli mamlakatlar, jumladan, Rossiya rasmiylari bilan aloqalari platforma asoschisi Pavel Durov 24-avgust kuni Fransiyada hibsga olinganidan keyin yana muhokama mavzusiga aylandi. 2021-yilda Telegram Aleksey Navalniy jamoasining “Aqlli ovoz berish” botini bloklagan, biroq Durovning o‘zi o‘shanda “jimlik kuni”ga amal qilayotgani va «Roskomnadzor» yoki boshqa tuzilmalar talablarini bajarmayotganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG