Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:26

Rossiya Qurilish vazirligi O‘zbekistondan migrantlarni poyezdlarda olib kelmoqchi


Rossiya qurilish vazirligi qurilish maydonlarida ishlatish uchun mehnat migrantlarini charter poyezdlarida tashib kelish tartib-taomillarini O‘zbekiston bilan muhokama qiladi. Bu haqda vazir o‘rinbosari Nikita Stasishin ma’lum qildi, deb xabar beradi TASS.

“O‘zbekistonda mehnat migrantlarini saralash, emlash va boshqa zarur barcha ishlarni sinov tarzida tashkil qilishni rejalashtiryapmizki, bu bizga ularni poyezdlarda Qozog‘iston hududi orqali, markazlashtirilgan holda va xavfsiz yetkazib kelish imkonini beradi”, deydi Stasishin.

Migrantlarni olib kelish bo‘yicha sinov loyihani yil oxiriga qadar to‘liq ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Migrantlarni jalb qilishni rejalashtirgan yana bir davlat muassasasi bu qishloq xo‘jaligi vazirligidir. Vazirlik yozda agrosanoat kompleksi ehtiyojlari uchun Rossiyaga xorijiy migrantlarni olib kelish maqsadida charter poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘yishni “Rossiya temir yo‘llari” bilan muhokama qilgan edi.

Mart oyidan beri migrantlar Rossiyaga faqat uchoqlardagina borishi mumkin, ammo bu ishlab chiqaruvchilarning sarf-xarajatlarini oshirib yuboradi. Qimmatligi bois, agrosanoat korxonalari migrantlarni aviatsiya bilan tashishni xohlamadi – bir kishi uchun yo‘l xarji o‘rtacha 80 ming rublga tushadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilishicha, charter poyezdi bilan tashiganda bir kishining yo‘lkirasi taxminan 12 ming rublni tashkil qilishi mumkin.

Joriy yilda qishloq xo‘jaligi korxonalari mavsumiy ishlarga qo‘shni mamlakatlardan 38.2 ming nafar ishchini jalb qilishni rejalashtirgan. “Agroinvestor” nashri yozishicha, pandemiya tufayli ishchi kuchi yetishmasligi natijasida Rossiya agrosanoat kompleksida ikki yildan beri inqiroz davom etmoqda. Nashrga ko‘ra, o‘tgan yili mehnat migrantlari kelishi taqiqlangani ortidan rossiyalik sabzavotchi va rezavorchilar hosilning 20 foiziga “kuygan” edi.

2021 - yil martdan boshlab dastavval 250 nafardan ziyod kishi ishlaydigan, tushumi 2.5 mlrd rubldan ortiq bo‘lgan yirik xo‘jaliklarga chet eldan ishchilar olib kelishga ruxsat berilgan edi, biroq tez orada ayon bo‘ldiki, aksari korxonalar bu mezonlarga javob bera olmas ekan.

Shundan so‘ng, may oyida Tojikiston va O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilishga nisbatan belgilangan limit bekor qilindi, lekin bu chora ham amalda foyda bergani yo‘q, chunki migrantlar Rossiyaga hozircha faqat aviatransportda borishi mumkin.

Avvalroq Rossiya Qurilish vazirligi mamlakatda koronavirus epidemiyasi ortidan kiritilgan taqiq sabab yirik qurilish obyektlarida ishchi kuchi yetishmovchiligi sezilganini ma’lum qilgan edi.

Vazirlik hisob-kitobiga ko‘ra, o‘tgan yil dekabr holatiga Rossiyaning 77 mintaqasidan 50tasida qurilishlarda mehnat muhojirlari yetishmovchiligi qayd etilgan.

“Rabota v Rossii” nashri soha ekspertlari birgina qurilish firmalarida kamida 190 ming ishchiga ehtiyoj borligini qayd etgan.

Rossiyadagi qurilish kompaniyalari, birinchi navbatda O‘zbekiston, Ukraina va Tojikistondan kelayotgan qurilish mutaxassislari yetishmovchiligi borligini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG