Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:27

Rossiya qurilishda migrantlar o‘rniga mahkumlarni ishlatmoqchi. Loyihaning kelajagi bormi?


Qurilish ishlarida migrantlarni mahkumlar bilan almashtirish g‘oyasi Rossiyada bir necha oydirki qizg‘in muhokama qilinmoqda. Quyidagi maqolada huquqbonlar va ekspertlar ushbu g‘oya davlat byudjetiga qanchaga tushishi, mahkumlar uchun qanday muammolar tug‘dirishi va ikkala toifaning hayotini naqadar o‘zgartirishi mumkinligi haqida fikr yuritadilar.

“Bu GULAG bo‘lmaydi”: FJIEX va Adliya vazirligi taklifi

Odatda mehnat migrantlari jalb qilinadigan sohalarda mahkumlardan keng foydalanishni 2021 -yil mayda Federal jazoni ijro etish xizmatining (FJIEX) o‘sha paytdagi direktori Aleksandr Kalashnikov taklif qilgan edi.

“Bugungi kunda axloq tuzatish muassasalarida 482 ming kishi saqlanmoqda, ulardan 188 ming nafari jazo muddatini majburiy mehnat shaklida o‘tash huquqiga ega. Biz ishchi kuchi yetishmayotgan hududlarda mahkumlar mehnatini tashkil qilishga tayyormiz. Bu GULAG bo‘lmaydi, mahkumlar munosib shart-sharoitda yashaydi: ular yotoqxonada yoki ijara kvartirada va, xohlasa, oilasi bilan yashab, yaxshi oylik olishi mumkin bo‘ladi”, degandi Kalashnikov.

RF prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeyev, ombudsmen Tatyana Moskalkova hamda adliya vaziri Konstantin Chuychenko FJIEX direktori taklifini qo‘llab-quvvatlagan edilar.

Orada Kalashnikov, qamoqxonalarda olingan ko‘plab qiynoq videolari e’lon qilinishi ortidan iste’foga chiqarilgan bo‘lsa-da, uning g‘oyasi yashamoqda.

2022 - yil 31 - yanvarda adliya vaziri Chuychenko prezident Putin bilan uchrashuvda FJIEX axloq tuzatish markazlari tizimini kengaytirish va koloniyadan majburiy ishga olib chiqiladigan mahkumlar sonini ko‘paytirish masalasini muhokama qildi va yakunda g‘oyani amalga oshirish uchun uning “oq fotiha”sini oldi.

Majburiy ishlar nima va u mahkumlarga qanday yengillik beradi?

Qiynoqlarga qarshi qo‘mita (QQQ) raisi Sergey Babinets tushuntirishicha, majburiy ishlar jazo turi bo‘lib, uncha og‘ir bo‘lmagan va o‘rtacha og‘ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etish jazosi muqobili sifatida qo‘llanadi.

Majburiy ishlarga hukm qilingan shaxslar jazoni maxsus muassasalar – axloq tuzatish markazlarida o‘taydi. Ular ma’muriyat ruxsatisiz markaz hududini tark eta olishmaydi va markaz bilan tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan ishlarni bajarishadi. Ish joyini muassasa va jazoni ijro etish organlari belgilab beradi. Aksar hollarda ular chiqindi yig‘ish, qor kurash kabi jismoniy ishlar bo‘ladi. Majburiy ishlarga hukm qilinganlar oylik maoshining 5–20 foizi davlat daromadiga o‘tkaziladi.

RF Jinoyat kodeksining 175-moddasiga muvofiq, jazo muddatining o‘talmagan qismini nisbatan yengilroq jazo, masalan, majburiy ishlar bilan almashtirish mumkin bo‘lgan mahkumlar sudga ariza berib, jazoni yengilrog‘iga o‘zgartirishni iltimos qilish huquqiga ega.

Biroq Babinets qurilish ishlarida mahkumlarni majburan ishlatish g‘oyasining amalda yaxshi samara berishiga ishonmasligini aytadi.

“Migrantlar kamroq ish haqiga ko‘nib ketaverishi sababli qurilishlarda ularga talab yuqori, ammo baribir ularning mehnati anchagina malakali mehnat. Devorni qiyshiq soladigan ishchini hech kim ushlab turmaydi. Boz ustiga, bozorda yaxshi ishchilar ko‘p. Bu sohada raqobat yetarlicha kuchli. Xo‘sh, mahkumlar migrantlar o‘rnini bosa oladigan darajada malakalimi? Qaydam. Albatta, mahkumlar orasida ustalar topiladi, lekin ularning jon koyitib ishlashiga kafolat yo‘q. Aytadilar-ku, askar uxlasa ham xizmat o‘taveradi, deb”, deydi u.

“Rus sidyashchaya” inson huquqlari fondi rahbari Olga Romanova esa, aksincha, migrantlarni mahkumlar bilan almashtirish g‘oyasini “so‘zsiz amalga oshirsa bo‘ladi”, deb hisoblaydi.

Ammo, uning fikricha, majburiy ishlarga jalb etilgan mahkumlarning hayoti oddiy koloniyalardagi mahkumlarnikidan aytarli farq qilmaydi: “Odam xuddi “zona”dagidek qarindoshlari bilan ko‘rishib turadi, faqat ko‘proq ko‘rishadi. Qog‘ozda u bemalol poliklinika yoki do‘konlarga borishi mumkin, deyilgan bo‘lsa-da, amalda bunaqa erkinlik yo‘q. Bunga erishish uchun uzoq sudlashish kerak. Ko‘plab axloq tuzatish koloniyalarida bizga amalda bemalol muassasa tashqarisiga chiqib bo‘lmasligini aytishadi”, deydi Romanova.

Migrantlar yetishmasligi rostmi?

FJIEX va Adliya vazirligi mahkumlarni qurilish ishlariga jo‘natish g‘oyasini, jumladan, migrantlar yetishmayotganligi bilan asoslagan edi. Rossiya hukumati koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri muhojirlar o‘rniga mahalliy ishchilarni yollash zarurati haqida gapirib kelmoqda.

Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi prezidenti Anton Glushkov Rossiyadagi qurilishlarda band bo‘lgan 1,5 mln nafar migrant koronavirus tarqalishi ortidan chegaralar yopilganligi tufayli ishlashga kela olmagan. Qurilish sohasida jami 7,5 mln kishi ishlagan. Ishchi kuchi 20 foizga kamayganligi sababli barcha ish beruvchilar kadrlar tanqisligini boshidan kechirmoqda.

Rossiya FA Sotsiologiya institutining millatlararo munosabatlar tadqiqot markazi rahbari Vladimir Mukomel bu ma’lumotga qo‘shilmaydi. Uning aytishicha, 7,5 mln – bu migrantlarning umumiy sonidir, qurilishdagi migrantlar salmog‘i emas.

“Ayollar, bolalar va qariyalarni ayirib tashlasak, rostdan ham ishlayotgan xorijliklar soni taxminan 5,5–6,5 mln bo‘ladi. Ulardan chorak qismi qurilishlarda ishlayotgan bo‘lsa ham bu yaxshi natija. Pandemiya davrida so‘rov o‘tkazganmiz, qurilishdagi migrantlar hammasi ketib qolmaganini bilamiz. Pandemiyaning birinchi to‘lqini chog‘ida (2020 - yil bahorda) quruvchi migrantlar eng kam zarar ko‘rishdi, chunki qurilishlar deyarli kamaygani yo‘q. Odam yetishmasligi sababli qurilish shirkatlari ish haqlarini oshirdi, shunday ekan, barcha migrantlar qurilishdan ketdi deb bo‘lmaydi”, deydi sotsiolog.

Undagi ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi ikki yil mobaynida umumiy ishchi kuchi yetishmovchiligi bo‘lgan, biroq so‘nggi paytlarda bu bo‘shliq sekin-asta to‘lib, pandemiyadan oldingi darajaga yaqinlashmoqda.

“Markaziy Osiyoda Rossiyaga ishlashga talabgorlar bisyor. Ularga hanuz amal qilayotgan cheklovlar xalal bermoqda. Bir yil avval Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida aviachiptalar narxi osmonga chiqib ketgan edi, hozirda narxlar qariyb to‘rt baravarga pasaygan, lekin baribir Rossiyaga uchish va qaytish bahosi o‘rtasida 2,5 baravarlik tafovut bor. Bu u yerda aviachiptalarga talab hanuz yuqoriligini bildiradi”, qo‘shimcha qiladi Mukomel.

Parvoz cheklovlari Rossiya biznesiga ham yoqmayapti. Uchinchi fevral kuni Putin bilan uchrashuvda “Novostal-M” xoldingi bosh direktori Ivan Demchenko pandemiya sharoitida xorijlik mutaxassislarning ishga kelishi muammo bo‘layotgani haqida gapirib, prezidentdan yordam so‘radi.

“Tushunaman, lekin hozircha epidemiologlar tavsiyalari doirasida harakat qilishga majburmiz. Xotirjam bo‘ling, biz xorijdan keladigan ishchi kuchidan foydalanishni liberallashtirish yo‘liga o‘tamiz, o‘tishni boshlaganmiz”, deb javob berdi Putin.

“Migrantlar va mahkumlar raqobatlashish u yoqda tursin, kesishmaydilar ham”

Sotsiolog Vladimir Mukomelь FJIEX va Adliya vazirligining g‘oyasini “mutlaqo nomaqbul” deb atarkan, mahkumlar hech qachon migrantlar o‘rnini bosa olmasligining besh sababini sanaydi.

Birinchi sabab – geografik. “Ular qaysi hududlarda migrantlarni mahkumlar bilan almashtirishmoqchi? Bizda migrantlar qayerlarda ishlaydi? Yaxshi pul topish mumkin bo‘lgan joylarda: bular – Markaziy Rossiya, Moskva, Sankt-Peterburg, Ural hamda Volgabo‘yining yirik sanoat markazlari. Mahkumlar o‘tirgan qamoqxonalar qaerlarda? Menimcha, aksariyati migrantlar bo‘lmagan hududlarda joylashgan”, izoh beradi Mukomel.

Ekspert ikkinchi muammo qurilish sohasini migrantlarning asosiy ish joyi deb hisoblashda ekanini aytadi: “Bu bo‘lmag‘ur gap. Migrantlar qaysi sohalarda ishlayapti? Savdo, qurilish (unda migrantlar salmog‘i kamayib boryapti), kommunal soha, xizmat ko‘rsatish va ovqatlanish, uy xo‘jaligi (enagalar, bemorlar va qariyalarga qarovchilar). Men, masalan, kasal boqishga yoki sotuvchilikka mahkumlarni yollashga rozi bo‘ladigan odamlar ko‘p deb o‘ylamayman”.

Uchinchidan, Mukomel mahkumlar mehnatining samaradorligi pastligini aytarkan, bugungi kunda qurilishlar yagona markazdan boshqarilmasligini eslatadi: “Mahkumlardan foydalanish mumkin bo‘lgan yagona soha – bu qurilish. Ammo buning uchun ulkan qurilishlar kerak. Bizda yuz minglab qurilish biznesi subyektlari mavjud. Yirik qurilish shirkatlari o‘nlab pudratchi brigadalar bilan ishlaydi. Ya’ni, bu soha markazlashmagan. Adliya vazirligining gap daromadiga ko‘ra, go‘yo minglab mahkumlar yirik xalq xo‘jaligi obyektlari qurilishida ishlatilarmish. Axir bunaqa gigant qurilishlar yo‘q-ku?”

To‘rtinchidan, ekspertning fikricha, mahkumlar ishchi sifatida ish beruvchilarga kerak emas. “Mahkumlarning malakasi ularni band qilish mo‘ljallanayotgan ish o‘rinlari talablariga qay darajada mos? Ish beruvchilarning manfaatdorligi qanaqa? Mahkumlarni kim ishga oladi? Huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik-chi? Bular bari turgan-bitgani boshog‘riq-ku? Men ular migrantlar mehnati o‘rnini bosa olishiga umuman ishonmayman, hukumatning bu tashabbusi mehnat bozoriga zig‘ircha ta’sir etmaydi. Migrantlar bilan mahkumlar o‘zaro raqobatlashishi tugul, ularning yo‘llari kesishmaydi ham”, deydi sotsiolog.

“Beshinchidan, mahkumlarning aksariyatini erkaklar tashkil qiladi. Ha, qurilishda erkaklar ishlaydi, lekin migrant ayollar mashg‘ul sohalar ham bor-ku, mahkumlar ularning o‘rnini qanday bosa oladi?” deya fikrini yakunlaydi Mukomel.

“Yotoqxonalar qurish, odamlarga qorovullik qilish kerak”

“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” rahbari Sergey Babinets Adliya vazirligi loyihasini amalga oshirishga katta sarf-xarajatlar xalal berishini aytadi. Ammo vazir Chuychenko Putin bilan uchrashuvda mahkumlarni majburiy ishlarda ishlatish umumiy tartibdagi koloniyalarda saqlashdan ko‘ra arzonroqqa tushadi, ya’ni ular o‘z xarajatlarini o‘zlari qoplashadi, deb ishontirgan edi.

Olga Romanova esa katta xarajatlar kuchishlatar idoralarni to‘xtatib qola olmaydi, degan fikrda. “Yotoqxonalar qurish, odamlarni qorovullash kerak. Qolaversa, koloniya xodimlarini ham ko‘chirib kelish kerak bo‘ladi. Katta mablag‘ zarur, ammo Rossiyada bunaqa loyihalarga pul hamisha topiladi”, deydi “Rus sidyashchaya” rahbari.

Mahkumlarning huquqlari nima bo‘ladi?

Olga Romanova Adliya vazirligi 2024 - yilgacha mahkumlar uchun 100 mingta ishchi o‘rni tashkil qilmoqchi ekaniga to‘xtalib, endi sudlar ayblanuvchilarni majburiy ishlarga ko‘proq hukm qilishini aytadi.

“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” rahbari Sergey Babinets esa “mahkumlar bepoyon Rossiyaning ovloq go‘shalariga ishga jo‘natilgan taqdirda ularning huquqlarini ta’minlash jiddiy muammoga aylanishi”ni bashorat qiladi.

“Hatto koloniyalarda ham, doimiy nazorat qilinishiga, advokatlar va mustaqil tashkilotlar tez-tez xabar olishiga qaramay, mahkumlarning huquqlari surunkali buzib kelinmoqda. Tamaddundan chekkadagi olis-ovloq joylarda ularning holi ne kechadi?” deydi huquqbon.

“GULAG g‘oyasi mahkumlarni qulga aylantirish edi. Bu o‘ta zararli g‘oya. Agarda hukumatning ushbu tashabbusi “mahkumlar mehnati suvtekin, ular hech kimga arz qila olmaydi”, degan tushuncha ustiga qurilgan bo‘lsa, – bu juda yomon”, deya xulosa qiladi Sergey Babinets.

XS
SM
MD
LG