Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:42

Rossiya va Xitoy G‘arb sanksiyalariga qarshi o‘zaro birdamligini namoyish qilmoqda


Van I va Sergey Lavrov 23 - mart kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Van I va Sergey Lavrov 23 - mart kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Xitoy va Rossiya tashqi ishlar vazirlari BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarini sammit o‘tkazishga chorladi. Har ikki davlat o‘z hududida inson huquqlari buzilayotgani hamda siyosiy muxolifatga qarshi bosim o‘tkazilayotgani uchun G‘arb sanksiyalariga yo‘liqqan.

Van I va Sergey Lavrov 23 - mart kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida G‘arb davlatlarining o‘zlariga qaratilgan tanqidlarini rad etdilar. Rossiya va Xitoy AQShni xalqaro huquqiy tizimni izdan chiqarib, Sovuq urush davridagi harbiy va siyosiy ittifoqlarga suyanayotganlikda aybladi.
Lavrov va Van qo‘shma bayonot e’lon qilib, yana bir bor o‘zlarining ichki ishlariga boshqa davlatlar aralashayotganini qoraladilar va «demokratik model uchun yagona standart yo‘q» deya da’vo qildilar.

«Suveren davlatlarning o‘z rivojlanish yo‘llarini mustaqil belgilash bo‘yicha qonuniy huquqlarini hurmat qilish lozim. “Demokratiyani targ‘ib qilish” bahonasida suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», - deyiladi qo‘shma bayonotda.

Van Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada va AQSh Xitoyning Shinjon mintaqasida uyg‘urlar huquqlari toptalayotganini aytib, mamlakat rasmiylariga qarshi sanksiya joriy qilganini qoraladi.

Yevropa Ittifoqi Xitoyga nisbatan joriy etgan sanksiyalar Magnitskiy qonuniga hamohangdir. Ushbu qonunga binoan, AQSh hukumati inson huquqlarini keng ko‘lamda buzgan shaxslarga qarshi sanksiya joriy qilishi, ularning mol-mulkini muzlatib qo‘yishi va ularning AQShga kirishini taqiqlashi mumkin.
Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari o‘z bayonotlarida BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarini sammit o‘tkazishga chorladilar.

Van va Lavrov, dastlab, 22 - mart kuni Xitoy janubidagi Nannin shahrida uchrashdi. Ikki diplomat Vashingtonni boshqa davlatlar ishlariga aralashishda aybladi va AQShni 2015 - yilda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuvga qaytishga undadi. Sobiq prezident Donald Tramp 2018 - yilda Vashingtonni kelishuvdan bir tomonlama chiqarib, Eronga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.

O‘sha bitimni Rossiya va Xitoy ham imzolagan bo‘lib, ushbu ikki davlat Tehron bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda.

«Mamlakatlar har qanday bir tomonlama sanksiyaga qarshi turishlari kerak, - dedi Van. - Bunday choralar xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilinmaydi».

Vanning ushbu izohlaridan avvalroq Pekin G‘arb sanksiyalariga javoban Yevropa Ittifoqida yashovchi 10 nafar shaxsga va to‘rtta tashkilotga nisbatan o‘z sanktsiyalarini e’lon qilgan edi. Pekin ularni Xitoyning suvereniteti va Shinjondagi manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishda aybladi.

Van va Lavrovning qo‘shma bayonotidan bir kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan suhbatlashib, Yevropa Ittifoqini «qarama qarshilik siyosati» olib borishda ayblagan edi.
O‘sha kuni Yevropa Ittifoqi Chechenistonda inson huquqlari toptalishiga aloqador ikki amaldorga qarshi sanktsiya joriy qildi.

Yevropa Kengashi prezidenti Putinni yana bir bor muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni ozod qilishga va uning 2020 - yilning avgustida zaharlangani bo‘yicha shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.

Rossiya hukumati Navalniyning sovet davrida ishlab chiqilgan modda bilan zaharlanishi bo‘yicha tergov o‘tkazishdan bosh tortib keladi.

Joriy oy boshida AQSh va Yevropa Ittifoqi Navalьniyning zaharlanishi va qamalishiga aloqador yuqori martabali yetti amaldorga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.

XS
SM
MD
LG