Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:29

Rossiyada koronavirusdan o‘lganlar ko‘pligidan morglarda joy yetishmayapti (VIDEO)


Rossiyada bir kecha-kunduzda 1163 bemor koronavirusdan o‘ldi – bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Yangi kasallanganlar soni esa bir sutkada 40 mingga yetayozdi.

Mamlakatda koronavirus yuqtirgan va koviddan o‘lganlar soni bir necha oydan beri muttasil ortib bormoqda. O‘lim ko‘pligi sababli bir necha mintaqada morglar to‘lib-toshgan. Rasmiylar bu ma’lumotni inkor etishmoqda, ammo mahalliy aholi vakillari o‘likxonalarda yelim xaltalarga joylangan jasadlar shundoqqina yerda yotganini aytmoqda.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali Ivanovo viloyatidagi morglardan birida olingan videotasvirlarni namoyish etdi. Videoda qora yelimxaltalarga solingan bir talay jasad shundoqqina yerda qalashib yotganini ko‘rish mumkin. Maxsus konteyner ichida esa mayitlar ustma-ust taxlangan. O‘likxona xodimlari o‘z tilida “qayta yuklash” deb ataladigan ish bilan band. Morgda ishlovchilar bir kunda bu qadar ko‘p jasad yig‘ilganini birinchi marta ko‘rib turishganini aytishadi.

“Bir sanitarimizning tobi qochib qolganidan so‘ng yuklashni oz sonli xodimlar, jumladan, ayollar kuchi bilan davom ettiryapmiz. Yoqimsiz manzara, albatta. Qaraganda odamning eti jimirlab ketadi”, deydi Ivanovo shahridagi 4-sonli klinik shifoxonaning pataloganatomiya bo‘limi mudirasi Yelena Boyko.

Chelyabinsk va Ufada o‘likxonalar binolari yonida navbat kutib turgan qavm-qarindoshlar izdihomi va dafn etish xizmati maxsus avtomobillari odatiy manzaraga aylangan. Jasadlarni egalariga berishga ulgurishmayotgani sababi shundaki, har bir holatda pataloganatomlar o‘likni yorib ko‘rishi kerak. Murdalar haddan ziyod, ularni yorib ko‘radigan mutaxassislar esa pandemiyadan oldin ham yetishmasdi.

Boshqa joylarda ham ayni ahvol. Xususan, payshanba kuni kechqurun Yekaterinburg shahrida pataloganatomlar “navbatida” 80 ta o‘lik bor edi, deyishadi mahalliy aholi vakillari.

Sverdlov viloyati SSV Yekaterinburg o‘likxonalarida joy tanqisligi haqidagi ma’lumotni tasdiqlaganicha yo‘q, biroq mahalliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, kamida ikkita – 14 va 24-sonli kasalxonalar qoshidagi morglar jasadlarga to‘lgan. Jumladan, 14-klinika o‘likxonasida hatto marosimlar zalida ham mayitlarni saqlashayotgan ekan.

Kursk viloyati Jeleznogorsk shahridagi kasalxonaning pataloganatomiya bo‘limi mudiri Valeriy Jirnov muammoni kamera qarshisida tan olgan hozircha yagona rasmiy xodimdir.

“Bizdagi sovutkich 12 o‘rinli. Ba’zan joy yetishmay qoladi. Nima qilamiz, bilasizmi? Jasadni aravachaga ortib, sovutkich yonida qoldiramiz. U xona isitilmagani sababli har holda o‘lik saqlashga yaraydi”, deydi u.

Ayrim mintaqalar, masalan, Ivanovo viloyatida rasmiylar morglarda joy yetishmasligi muammosiga yechim topish uchun FVV xodimlarini jalb etishmoqda. 30 - oktabrdan boshlab kasalxona hududida chodirlarga joylangan bir nechta ko‘chma sovutkich ishlayapti. Qolgan hududlarda esa, tibbiyot xodimlari ta’biricha, noyabrning ayozli havosidan umid qilishmoqda.

XS
SM
MD
LG