Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:22

Rossiyada taqiqlangan “Finist-Sarlochin” “Ilhom” teatrida o‘qildi


"Finist-Sarlochin" spektakli
"Finist-Sarlochin" spektakli

Toshkentdagi “Ilhom” teatrida Rossiyada taqiqlangan, mualliflari “terrorizmni yoqlash”da ayblanib qamalgan “Finist-Sarlochin” spektakli mutolaasi bo‘lib o‘tdi.

“Islomiy davlat” jangarilariga turmushga chiqqan rossiyalik ayollar haqidagi bu spektakl Rossiyada taqiqlab qo‘yilgan.

Uni sahnalashtirgan dramaturg Svetlana Petriychuk va rejissyor Yevgeniya Berkovichlar 5-may kuni Moskva shahar Zamoskvoretsk sudi tomonidan “terrorizmni yoqlashda” ayblandi va ikki oyga hibsga olingandi.

Dramaturg Svetlana Petriychuk Moskvaning Zamoskvaretskiy tumani sudida.
Dramaturg Svetlana Petriychuk Moskvaning Zamoskvaretskiy tumani sudida.

“Ilhom” teatri rejissyori Maksim Fadeyevning aytishicha, bu spektaklni u Svetlana Petriychuk va rejissyor Yevgeniya Berkovich bilan birdamlik ramzi sifatida sahnalashtirgan.

“Jenya va Svetaning ikkita “Oltin niqob” mukofotini olgan spektakli uchun terrorizmni yoqlaganlikda ayblanib, hibsga olinganini eshitib shokka tushdim. Umuman Rossiyada so‘nggi paytlarda bo‘layotgan voqealar manzarasida ikki iste’dodli ayolning san’at asari uchun qamalishi menimcha qonunsizlikni bir ko‘rinishi”, - deydi Fadeyev.

“Ilhom” teatri rossiyalik rejissyor Yevgeniya Berkovich bilan azaliy do‘stlik rishtalariga ega.

Toshkentlik rejissyor Berkovich bilan hamkorlikda “Gerkulesning to‘rtinchi jasorati” spektaklini sahnalashtirgan.

“Biz shu spektaklni bu yerda tomoshabinlarga namoyish etishga qaror qildik Maqsad Jenya va Svetani qo‘llab- quvvatlash edi”, - deydi Fadeyev.

Spektakl mutolaasi - bu teatr tomoshasining bir turi. Sahnada dekoratsiyalar bo‘lmaydi, aktyorlar roliga mos libos kiymaydi. Aktyorlar spektaklni o‘qib, tomoshabinga yetkazadi.

“Maqsad bu yerda iloji boricha ko‘proq tomoshabin spektaklni ko‘rib o‘zi xulosa chiqarsin, ikki ayol rejissyorga nisbatan ilgari surilagan ayblov qanchalik absurd ekanini tushunsin. Birinchi navbatda biz insonmiz. Har birimiz shu qizlarni o‘rnida bo‘lib qolishimiz mumkin. Eshigimizni qachon taqqilatishini kutib o‘tirmaysizku. Biz bu haqda bong urmoqchi emasmiz, shunchaki odamlarga ko‘ring mana spektakl, qanaqa qilib buning uchun uni mualliflarini qamash mumkin”, - deydi "Ilhom" teatri aktyori Gleb Golender.

"Finist-Sarlochin" spektakli "SOSO qizlari" mustaqil teatrining loyihasi bo‘lib, u targ‘ibotga berilib, "radikal islomiy jangarilarga turmushga chiqishga" va Suriyaga ketishga qaror qilgan ayollar haqida.

Rejisser Evgeniya Berkovich.
Rejisser Evgeniya Berkovich.

Svetlana Petriychuk spektakli ijtimoiy tarmoqlar orqali jihodchilar bilan tanishib Suriyaga ketgan rus ayollarining haqiqiy hikoyalariga asoslangan.

2019-yilda premyerasi bo‘lgan spektaklь 2022-yilda “Oltin niqob”ning ikki nominatsiyasi bo‘yicha mukofot oldi.

Berkovich eng yaxshi rejissyor nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Ikki rejissyorning hibsga olinishi taniqli san’atkorlar va madaniyat arboblari tomonidan qoralanmoqda.

Ular fikricha, ikki rossiyalik san’atchiga qarshi ochilgan ish "johillik namunasi”.

"Sukut saqlab bo‘lmaydigan narsalar haqida gapirish kerak"

“Ilhom” teatri aktrisasi Klavdiya Bezmaternixning aytishicha, spektakl aslida terrorizmni qoralaydi.

“Menimcha teatr sukut saqlab bo‘lmaydigan narsalar haqida gapirishi kerak. Menimcha bu aynan jim qarab turib bo‘lmaydigan narsalar haqida gapirish kerak bo‘lgan mavzu.

Uning qahramonlari buyuk va sof sevgi uchun hamma narsaga tayyor ayollardir. Muammo shundaki, ular hayotlarida hech qachon bunday tuyg‘uni, shuningdek, g‘amxo‘rlik, mehribonlikni his qilmaganlar”, - deydi aktrisa Klavdiya Bezmaternix.

O‘tgan yili Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Moskva so‘z erkinligiga bosimni kuchaytirdi.

“Finist- Sarlochin” spektaklining mutolaasi qo‘shni Qozog‘istonda, Olmaotadagi “ART va ShOK” teatrida ham namoyish etilmoqda.

Teatr repertuarda Svetlana Petreychukning "Finist-Sarlochin" spektalidan tashqari "Mushketyorlar" va “Hamma narsaga Vaynshteyn aybdor” spektaklllari ham bor.

O‘zbekistondagi o‘ziga xos madaniyat va hurfikrlilik markazi bo‘lgan teatr xalqaro festivallarda O‘zbekiston san’atini taqdim qilib keladi.

O‘tgan yil sentabr oyida “Ilhom” teatrida “Xilvatdagi qizlar” spektakli uni bekor qilish urinishlariga qaramay kechikish bilan bo‘lsa ham namoyish etildi.

“Ilhom” teatrida “Er osti qizlari” spektakli kechikish bilan bo‘lsa ham namoyish etildi.
“Ilhom” teatrida “Er osti qizlari” spektakli kechikish bilan bo‘lsa ham namoyish etildi.

Spektaklda Afg‘onistonda 2021-yil avgustida hukumat Tolibon qo‘liga o‘tganidan keyin dahshatli ahvolga tushgan ayollar qismati haqida hikoya qilinadi.

O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi spektakl Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarga putur yetkazishi mumkinligini aytib, IIB va Milliy gvardiyaga ssenariyni o‘rganib chiqishni so‘rab xat yozgan edi.

Ushbu xat ortidan spektaklning 10-sentabr kuniga belgilangan premyerasi qoldirildi.

Spektaklning taqiqqa uchrashi tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach masalaga O‘zbekiston Adliya vazirligi aralashdi.

Vazirlik O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasining xatini qonuniy kuchga ega emas deb topdi, uyushma qonunchilikni buzdi deya, davlat tashkilotlariga yuborgan xatini ijrodan chaqirib olish haqida ko‘rsatma berdi.

Teatr jamoasi buni jaholat ustidan erishilgan g‘alaba deb atagan. "Ilhom" teatri xodimlariga ko‘ra, Rossiyada taqiqlangan "Finist-Sarlochin" spektakli o‘qilishiga "tepadan e’tiroz bo‘lmagan".

#LepsKerakmas

Ayni paytda Ukrainadagi urushni dastaklovchi, putinparast rossiyalik ashulachi Grigoriy Lepsning Toshkentda konsert o‘tkazish rejasi tarmoqlarda norozilikka sabab bo‘ldi.

Ko‘plab foydalanuvchilar Ukrainadagi urushni dastaklayotgan rossiyalik artistning tashrifiga o‘z noroziliklarini bildirmoqda.

Leps shu yilning 23-oktabrida Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida konsert berishi haqida xabar qilgan. E’longa ishonilsa, Ukraina tanklariga qarshi safarbarlik e’lon qilgan xonandaning konserti uchun chiptalar 4 million so‘mgacha (taqriban 350 AQSH dollari) sotilmoqda.

O‘zbekistonlik bloger Mirzo Zomini kremlparast rossiyalik qo‘shiqchi Grigoriy Lepsning 23-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan kontsertini bekor qilish kampaniyasini boshladi.

O‘zining Telegram kanalida u #LepsKerakmas xeshtegi tashabbusi bilan chiqdi.

"O‘zbekiston senlarning ota-bobongdan qolgan mulk yoki jangchilaringni mukofotlash uchun pul yig‘iladigan joy emas. Toshkentdagi konserti uchun chiptalar 150 000 so‘mdan 4 million so‘mgacha ekan.

Or-nomusi bor o‘zbekistonliklar, maksimum bo‘lishing. Qonxo‘r mashina yoqilg‘i bilan ta’minlanishiga yo‘l qo‘ymang“, deb yozdi bloger.

Ukrainaning tanklarini portlatganlik uchun pul mukofoti berishni va’da qilgan xonanda Lepsning Qozog‘istondagi konserti ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik to‘lqini ortidan bekor qilingan edi.

Konsert shu yilning iyul oyida Olmaota viloyatidagi Konayev shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Avvalroq xonandalar Grigoriy Leps va Nikolay Baskov Ukraina Qurolli kuchlariga oid tanklarni yo‘q qilgan har bir kishiga bir million rubldan mukofot berishlarini e’lon qilishgan edi.

XS
SM
MD
LG