Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:37

Rossiyaning Ukrainaga urush tahdidi o‘zbekistonlik muhojirlarga qimmatga tusha boshladi


Rossiyadagi migrantlar daromadlari kamayganidan arz qilmoqda
Rossiyadagi migrantlar daromadlari kamayganidan arz qilmoqda

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasining Ukraina hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaatida Toshkent—Kiyev yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani va O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lganlar ushbu reyslar orqali vatanlariga qaytishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

Elchixona vatandoshlardan “tasdiqlanmagan, feyk ma’lumotlarni tarqatmaslik va vahimaga berilmaslik”ni so‘radi.

Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari Rossiya -Ukraina munosabatlarining keskinlashishi ularning daromadlariga salbiy ta’sir qilayotganini gapirmoqda.

"Vahimaga tushishga o‘rin yo‘q!"

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘z Telegram-kanali orqali Ukrainadagi vatandoshlarga murojaat qildi.

Ozodlik bilan suhbatda elchilik rasmiylari Ukrainadagi o‘zbekistonliklardan “tekshirilmagan, soxta ma’lumotlarni tarqatmaslik va vahimaga tushmaslik”ni so‘radi.

- Hozirgi kunda “O‘zbekiston Havo yo‘llari” ikkita reysi bor – seshanba va yakshanba kunlari uchyapti. Bundan tashqari Ukrainaning “Skyup” aviakompaniyasi reyslari ham bor – 23 - fevral kuni uchadi. Lekin ular bortlarni Kishinyovga qo‘ndirganidan keyin Ukraina hududidan ucholadimi-yo‘qmi aniqlik kiritish kerak. Biz fuqarolarga tushuntirdikki, vahima qilmaslik kerak, vaziyat kuzatib borilyapti. Qo‘shimcha ma’lumot bo‘lsa xabar beramiz. Ketmoqchi bo‘lganlar bemalol uchishi mumkin, dedi Ukrainadagi O‘zbekiston konsuli yordamchisi Abdusattor.

Shu kunlarda urush harakatlari boshlanib qolishi xavfi sharoitida Ukraina hududidan uchib o‘tayotgan havo kemalari bu mamlakatni aylanib o‘tmoqda.

Ayni paytda diplomatlar O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina davlat idoralari hamda vatandoshlar bilan doimiy aloqada ekanini, biror muammo tug‘ilgan taqdirda elchixonaga elektron pochta va telefon orqali yoki elchixona xodimlarining telegram-adreslariga murojaat qilishni so‘rashgan.

Konsul yordamchisi konsullikda bitta konsul ishlayotgani bois ommaviy axborot axborot vositalarida ko‘rsatilayotgan telefon raqamlari orqali hamma vaqt ham qo‘ng‘iroqlarga javob berish imkoni yo‘qligini bildirdi.

Diplomatik missiya “O‘zbekiston Havo yo‘llari” aviashirkati Kiyev-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha eng yaqin reyslar 16 va 20 - fevralga rejalanganini bildirdi.

G‘arb davlatlari o‘z vatandoshlariga Ukrainani tark etishni tavsiya qildi

Dunyodagi 30 dan ortiq mamlakat o‘z fuqarolarini Ukrainadan chiqib ketishga chaqirdi.

Rossiya Ukrainaga istalgan vaqtda hujum qilishi mumkin ekani to‘g‘risidagi G‘arb davlatlari ogohlantiruvi ortidan o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirgan davlatlar orasida AQSh, Britaniya va Germaniya ham bor.

Niderlandiyaning Kiyevdagi elchixonasi o‘z vatandoshlariga Ukrainani tark etishni taklif qildi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi saytiga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya va Belarus bilan chegaradosh hududlari atrofidagi 10 km maydon qizil chiziqda belgilanib, u yerda xavf darajasi yuqori deya ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Finlyandiya, Latviya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya mamlakatlarining TIVlari ham o‘z vatandoshlariga Ukrainani tark etishni maslahat qilgan.

13 - fevraldan boshlab Avstraliyaning Kiyevdagi elchixonasi faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bundan tashqari ayirmachilar bosib olgan Donetskdan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) xodimlari ham olib chiqib ketilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Kanada esa Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini Polsha chegarasi yaqinidagi Lvov shahriga ko‘chirayapti.

Rossiya o‘z hududida hech qanday “g‘ayrioddiy harbiy harakatlar” o‘tkazmayotganini da’vo qilib kelmoqda va aksincha, Ukrainani Donbassda harbiy operatsiya boshlashga tayyorlanayotganlikda ayblamoqda. Kiyev YeXHT orqali Rossiyadan chegara yaqinidagi va anneksiya qilingan Qrimdagi olib borilayotgan faol harbiy harakatlar haqida ma’lumot so‘ragan.

Rossiya bu so‘rovnomani javobsiz qoldirib kelmoqda.

Rus-ukrain munosabatlarining migrantlarga ta’siri

Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar uchun Ukrainaga migratsiya qaydini yangilash uchun kirib-chiqish tartibi 2014 - yili Qrim anneksiyasidan keyin keskin o‘zgargan edi. O‘zaro bordi-keldini deyarli uzgan Ukraina va Rossiya kirmoqchi-chiqmoqchi bo‘layotgan har bir shaxsni qattiq nazoratga oldi, ikki davlat o‘rtasidagi nazorat-o‘tish punktlari sonini kamaytirdi.

2022 - yilning 12 - fevralidan ukrain chegarachilari rossiyaliklar uchun kirishni mutlaqo taqiqlaganini e’lon qildi.

Rossiya va Ukraina mojarosi manzarasida Rossiya rublining qadri tusha boshladi. Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbek muhojirlari Rossiya ichkarisida, ayniqsa mamlakatning Ukraina bilan chegaradosh viloyatlarida tekshiruvlar kuchayganini xabar qilmoqda.

Moskvada kuryer bo‘lib ishlayotgan Alisher rubl qadrining tushib ketishi ortidan daromad kamayganini gapiradi. Suhbatdosh Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar ularning ham daromadi va sharoitlariga salbiy ta’sir qilayotganiga ham to‘xtaldi:

- Oldinroq 30 ming rublga 5-6 ming qo‘shib jo‘natsak 500 dollar bo‘lsa, 1 dollar 80 rublga chiqib ketganidan keyin hozir kamayib ketdi. Ayrimlarimiz 80 ga chiqqanidan keyin jo‘natganimiz ham yo‘q – pasayishini kutib turibmiz. Bu hammasi G‘arbning Rossiyaga sanksiyalarni qo‘yganidan, deb o‘ylayman.

Menimcha ikki davlat o‘rtasida urush bo‘lmaydi. Biz kirdi-chiqdi qilolmayotganimiz – Ukrainadagi voqealarning ta’siri! Oldin Ukrainaga yugurib borib kelardik, hozir qilolmaymiz. Boshqa ta’siri yo‘q bizga.

O‘zbekistonlik yana bir mehnat muhojiri - Uyg‘unning aytishicha, rus-ukrain mojarosi bevosita migrantlar hayotiga ta’sir qilishini aytadi:

- Dollar ko‘tarilib ketishi mumkin. Oshib ketishi hech gap emas. Albatta, tekshir-tekshir kuchayadi, chunki Ukrainaning odamlari josuslik qilib yuribdimi, deb tekshirishi mumkin. Qolaversa, bizning ish o‘rnimizni ruslar ololmaydi, chunki bunday past oylikka ishlamaydi ular. Masalan, oddiy dvornik 35 ming oylik olsa, ruslar ikki dunyoda ham bu pulga ishlamaydi. Urush, har holda, yomon narsa, oddiy xalqqa jabr. Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush bo‘lmaydi -ular bitimga kelishadi baribir.

Ozodlik suhbatlashgan aksar muhojirlar ikki davlat o‘rtasidagi mojaro ularning daromadini keskin kamaytirib yuborishidan xavotir bildirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG