O‘tgan yili o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlashda aybdor deb topilib 6 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan “Salimboyvachcha” - Salim Abduvaliyev 5 yil oldin ozodlikka chiqdi.
75 yashar Abduvaliyev sog‘ligi yomonlashgani bois jazodan ozod qilingani aytildi. Unga nisbatan O‘zbekiston jazo tizimida kamdan-kam qo‘llanadigan JK ning 75-moddasi qo‘llangan.
Salim Abduvaliyev va uning atrofida kriminal olamga aloqador ko‘rilgan qator shaxslar 2023-yil oxirida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” reydlari davomida qo‘lga olingandi.
Ammo Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, uning hibsga olinishi Qirg‘izistonda unga nisbatan “uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini moliyalashtirish va narkotik savdosi”ga oid ayblov qo‘yilishi bilan bog‘liq.
Qirg‘iziston tomoni 2024-yilning avgustida ayblov e’lon qilgan va hozirga qadar Abduvaliyev bilan aloqasi uchun 10 ga yaqin qirg‘izistonlik taniqli shaxs so‘roqqa tortildi, hibsga olindi yoxud ishdan bo‘shatildi.
Uzoq yillar O‘zbekiston davlat idoralaridan birida yuqori lavozimda ishlagan manbaning Ozodlikka aytishicha, Salim Abduvaliyev 12-yanvar kuni uyiga borgan.
Manba, "Salimboyvachcha"ning ozod qilinishi aslida Yangi yil bayrami arafasidan beri kutilayotgan edi, deydi.
“Kayfiyati yaxshi boy otaning. “Zo‘r o‘tirdim, 10 ga 7 metr kabinetda”, deyapti hammaga. Ichkarida yurak ushlashi va hokazo, degan gaplar ham bo‘lmagan, deyapti. Kasal bo‘lgani uchun chiqarishgan. Yangi yil oldidan chiqishi kerak edi. Lekin, IIVdagi hamma kattalar dam olishga ketib qolishdi-ku! Buning ustiga Prezident ham Rossiyaga MDH yig‘ilishiga ketvordi. Shunga kechikkan”, deydi Ozodlik manbasi.
Bu manbaga ko‘ra, Salim Abduvaliyevga JKning 75-modda - “Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish” moddasi qo‘llangan.
- 75-modda. Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish
“Hukm chiqarilganidan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxs, shuningdek jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim”.
Manbaga ko‘ra, Abduvaliyev ushbu moddaning og‘ir kasallikka chalinish, degan qismi bilan ozod qilingan.
“Sog‘lik ahvoli yomonligi bilan chiqarishgan, ya’ni uni amnistiya bilan chiqarishmagan. Sog‘ligi yaxshimas, 10 kilogramm vazn yo‘qotgan. Hozir uyida odam ko‘p. Moskvadan, u yoq-bu yoqdan telefon bo‘lib yotibdi”, deydi Ozodlik manbasi.
Salim Abduvaliyev qo‘lga olingani haqidagi xabar 2023-yilning 5-dekabrida jamoatchilikka ma’lum qilingan.
O‘shanda u Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi - “o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash”da gumon qilinib, protsessual tartibda ushlangani aytilgan.
Tergov jarayonida unga JK ning 246-moddasi - kontrabanda aybi qo‘yilgani, biroq muddati o‘tib ketgani bois, javobgarlikdan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Abduvaliyevga kontrabanda aybi nima asosda, qaysi harakatlari uchun qo‘yilgani jamoatchilikka ochiqlanmadi. Advokatlari ham bu haqda hech qanday ma’lumot bermadi.
Hatto, uning o‘zi ham hibsdan so‘ng Toshkent shahridagi IIVga qarashli binoda saqlangani, 2024-yilning 19-martida 6 yillik qamoq jazosiga o‘qilgan hukmdan so‘ng ham, qamoqxonaga yo‘llanmagani o‘rtaga chiqqan edi.
Abduvaliyevga yaqin Ozodlik manbalari, uning Davlat xavfsizligi xizmati tergov hisbxonasida saqlanayotgani, orada advokatlari uni Sangorod - O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi qoshidagi shifoxona-qamoqxonaga borib ko‘rgani qayd etilgandi.
O‘zbekiston kuch-ishlatar idoralarida birida ishlayotgan va shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan mulozimning Ozodlikka aytishicha, Abduvaliyevning qamoqqa tashlanishi - unga nisbatan Qirg‘izistonda ilgari surilgan jiddiy ayblovlar bilan bog‘liq.
“Qirg‘izistonda unga ayblov e’lon qilingan paytda, ular uni o‘zlaridagi sudlarga chaqirtirib, so‘roq qilishmoqchi bo‘lishdi. Shuning uchun, bu yerda shunaqa programma qilindi - uni ichkariga olib kirib, uni qirg‘izlar uchun chiqarishgan. U yerda sud tugadi, buni sudga chaqirishmoqchi edi. Lekin ular uni bu yerga tiqdi, yegani oldida yemagani ortida. Shunga programma qilingan. U yerda sud tugadi. Yangi yildan oldin chiqishi kerak edi. 40 kunlikka hech aloqasi yo‘q. Qolganlariyam chiqib keladi hali”, deydi Ozodlikning kuch ishlatar idoradagi yana bir manbasi.
Bunday iddaolar yoki uning aksini tasdiqlovchi ma’lumotlar Ozodlikda yo‘q.
Abduvaliyev hibsga olingan kezlarda anonim shaklda Ozodlik bilan gaplashgan advokatlar, bu ish maxfiylik grifi ostida ko‘rilayotganini bildirgan.
Shu kunga qadar Abduvaliyevga nisbatan jinoyat ishi doirasida - ayblov, sudlov yoxud hukmga oid biror bir ma’lumot berilmagani, rasmiy idoralarning ham sukut saqlayotgan bunday iddaolarni jonlantirmoqda.
O‘tgan yil avgust oyida qo‘shni Qirg‘izistonda Abduvaliyevga nisbatan juda jiddiy ayblovlar ilgari surilgan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 5-avgust kuni bergan bayonotida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi Abduvaliyev ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani va shu ish doirasida xalqaro qidiruvga bergani aytildi.
“Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini moliyalashtirishda gumonlanadi”, deyiladi MXDQ matbuot xizmati xabarnomasida.
Bishkek shahar sudi ochgan jinoyat ishida Abduvaliyev, “Birodarlik xalqasi” xalqaro uyushgan jinoiy guruhi tarkibiga kiruvchi qirg‘izistonlik Qamchi Ko‘lboyev bilan aloqadorlikda ayblanadi.
“Kolya qirg‘iz” laqabi bilan tanilgan “Qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Ko‘lboyev o‘tgan yilning 4-oktyabrida Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan amaliyotda o‘ldirilgan.
“S.Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoiy tuzilmalarga rahbarlik qilgan, shuningdek, MDH davlatlarida bevosita ta’sirga ega bo‘lib, giyohvandlik vositalarini Yevropa davlatlariga olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy kanallarni tashkil etgan holda “qonundagi o‘g‘ri” deb atalmish K. Asanbek bilan aloqa o‘rnatib, tizimli ravishda moddiy yordam ko‘rsatgan. Bundan tashqari, uning Qirg‘iziston, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi boshqa nufuzli kriminal avtoritetlar qatorida jinoyat olamining yetakchisiga aylanishiga yordam bergan va hissa qo‘shgan”, deyilgandi MXDQ matbuot xizmati xabarnomasida.
Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi, Kolbayevning Salim Abduvaliyev tadbirlarida qatnashgani ularning aloqasi mustahkam bo‘lganini ko‘rsatadi, deb hisoblamoqda.
Bayonotga Abduvaliyev va Ko‘lboyev birga tushgan surat hamda videolardan iborat rolik ilova qilindi. Hozircha Abduvaliyevga nisbatan Qirg‘izistonda ochilgan jinoyat ishi konkret qanday dalillarga asoslangani haqida ma’lumot yo‘q.
Shuningdek, Qirg‘izistonda shu kunga qadar Salim Abduvaliyev bilan aloqador ko‘rilgan 10 ga yaqin taniqli shaxs so‘roqqa tortildi, hibsga olindi yoxud ishdan bo‘shatildi.
Bulardan ko‘pchiligining Salimboy bilan birga, hatto uning uyida tushgan suratlari va videolari Internetda tarqalgan.
Qirg‘izistonda birinchilardan bo‘lib Abduvaliyevga aloqadorlikda ayblangan deputat Emil Jamgirchiyev esa katta shov-shuv bo‘lgandi.
Tergovga chaqiruv qog‘ozini to‘g‘ri parlament binosiga olib borishganida, deputat jonini xatarga qo‘yib, ikkinchi qavatdan sakrab qochgandi. Jamgirchiyev, go‘yoki Salim Abduvaliyevdan yordam olish uchun O‘zbekistonga noqonuniy o‘tishda ayblangandi.
O‘shanda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev, Jogorku Kenesh (parlament) deputati Emil Jamg‘irchiyev «Salimboy»dan bizni yo‘q qilishda yordam so‘ragan, deb bayonot bergan. Tashiyevga ko‘ra, Salimboy buni tasdiqlagan.
“O‘zbekiston, Qozog‘istonda mavjud qonunchilikka muvofiq, ular hech kimga hech qachon o‘z fuqarosini bermaydi. Qirg‘iz huquq-tartibot idoralari buni juda yaxshi biladi. Abduvaliyevga nisbatan jinoyat ishi bizning hukumatdagilar uchun oddiy piar kampaniya edi. Shuning uchun hozir ham uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun hech qanday harakat bo‘lmaydi. Rasman uni so‘rab, so‘rovnoma kiritishadi va O‘zbekiston bermaydi. Shu bilan ishni yopishadi va unutishadi”, deydi Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi sobiq raisi O‘murbek Suvonaliyev.
Ayni paytda, O‘zbekiston tomoni o‘z fuqarosi - qo‘lga olinguniga qadar O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti bo‘lgan Salim Abduvaliyevga nisbatan qo‘shni davlatda ilgari surilgan ayblovlarga hech bir shaklda munosabat bildirgani yo‘q.
Ammo, O‘zbekiston hokimiyatiga yaqin manbalar, Abduvaliyev masalasi ikki davlat rahbari darajasida muhokama qilingan, degan iddaoni ilgari surgan. Bu iddaoga ham O‘zbekiston tomoni hech bir shaklda munosabat bildirmagan.
Salim Abduvaliyev har doim hukmron elita bilan yaqin aloqada bo‘lgan va hatto, shu kunda O‘zbekistonda ishlab turgan kuch ishlatar idoralardagi rahbar kadrlarning ishga kelishida uning qo‘li borligiga oid jiddiy iddaolar bor.
Bunday iddaolar, 2004-2007-yillarda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan Jon Purnellning Wikileaks saytiga sizdirilgan diplomatik yozishmalarida ham aks etgandi.
WikiLeaks chop etgan hujjatlarda O‘zbekistonda katta ta’sirga ega “mafiya boshlig‘i” sifatida ta’riflangan Abduvaliyevning hukumat mulozimlari bilan yaqin aloqalari, xususan davlat lavozimlari va hukumat shartnomalarini sotishda, xizmat haqi evaziga, vositachilik qilishi haqida so‘z boradi.
"Vikiliks"da 2006-yilda tilga olingan bu ma’lumotlar boshqa manbalarda tomonidan tasdiqlanmagan. Bu ma’lumotlarga ham na Abduvaliyev va O‘zbekiston rahbariyati munosabat bildirgan.
Kablogrammalarda davlat lavozimlarini, kriminal shaxslar vositasida sotish jarayonida ishtirok etgani aytilgan sobiq Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov ham hanuz vazirlikda, hozir ichki ishlar vazirining maslahatchisi.
Ayni paytda, Salimboyning O‘zbekistonda qamalishi-yu u bilan aloqador ko‘rilgan “ko‘cha”ning Qirg‘izistonda tizginlanishi ortidagi sabab, hozir qirg‘iz tomoni aytayotganiday “noqonuniy daromadlarni legallashtirish”, mintaqa orqali “giyohvand moddalar tashiladigan kanallarni tashkil qilish”, “kriminal olamni nazorat qilish” kabi jinoyatlar oldini olish ekaniga shubha qilayotganlar ham bor.
Ayrim tahlilchilar fikricha, bu yerdagi asl sabab, hokimiyatga yaqin kuchlarning 2023-yilning kuziga qadar Qirg‘izistonda “Kolya qirg‘iz” deyilgan Qamchi Ko‘lboyev, O‘zbekistonda esa Salimboyvachcha, deyilgan Abduvaliyev nazoratida bo‘lgan kontrabanda mahsulotlari savdosini o‘z nazoratiga olish urinishidir.
Ayniqsa, Qirg‘izistonda Ko‘lboyev o‘ldirilgach, Xitoydan keladigan kontrabanda mahsulotlar savdosi ikki qo‘shni respublikalarda bugungi hukumatiga yaqin doiralar qo‘liga o‘tgani iddao qilinadi.