10−11-noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining ilk sammiti bo‘lib o‘tadi. 9-noyabr kuni sammitga mezbonlik qilayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yetib bordi.
Sammit ishtirokchilaridan birinchi bo‘lib tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Samarqandga tashrif buyurdi. Sammit arafasida O‘zbekiston va Vengriya ishbilarmon doiralarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni yoritish uchun Samarqandga safar qilgan Ozodlik muxbirining xabar qilishicha, shahar 9-noyabr kuni ochiq, transport qatnovi cheklanmagan, ammo sammit munosabati bilan Samarqand aeroporti tijoriy parvozlar uchun yopilgan.
10-noyabr kuni Samarqandga tashkilotga a’zo Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon davlat rahbarlari, shuningdek, yana bir kuzatuvchi davlat Turkmanistonning sobiq prezidenti - amaldagi prezidentning otasi Gurbanguli Berdimuhamedovning kelishi kutilmoqda.
TDT - 2009-yilda tuzilgan Turkiy Kengash o‘rniga 2021-yil noyabr oyida turkiy tilda so‘zlashuvchi 5 davlat tomonidan ta’sis etilgan tashkilotdir.
Transport-logistika va portlarga chiqish yo‘li
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, sammit kun tartibilan a’zo davlatlar o‘rtasidagi transport-logistika, madaniy, gumanitar sohalar, xususiy biznes va tadbirkorlik bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Sammit arafasida Samarqandda bo‘lib o‘tgan biznes forumda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning ma’lum qilishicha, 2021-yil O‘zbekistonning a’zo mamlakatlar bilan savdo aylanmasi 8,3 milliard dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 3,1 milliard, import miqdori 5,3 milliard dollarni tashkil etgan. Yuk tashish ko‘rsatkichi - 27,6 million tonnalik miqdorning 80 foizi temir yo‘l, 18 foizi avtomobilь transporti hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar portlari orqali yuk tashishni ko‘paytirishni rejalamoqda.
“Ta’kidlash joiz, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa transkontinental yo‘nalishlar turkiy davlatlar orqali o‘tadi. Demak, tuzilma doirasida birlashuv va integratsiyalashuv tranzit yuk tashish hajmi oshishiga olib kelish barobarida Yevroosiyo qit’asining barcha mamlakatlari yanada rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi”, dedi O‘zbekiston rasmiysi.
9-noyabr kuni Samarqandda o‘tgan TDT iqtisodiyot va savdo vazirlari uchrashuvida, tashkilot doirasida investitsiya jamg‘armasining ta’sis etilishiga kelishilgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev "savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida, Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish bo‘yicha Bitimni imzolanishini kelishib olingani"ni aytdi.
O‘tgan oy Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Samarqanddagi sammitda yana bir turkiy tilda so‘zlashuvchi davlat - Turkmanistonning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishini e’lon qilgan edi. Ammo hozirgacha turkman tomoni tashkilotga qo‘shilish niyatini tasdiqlagani yo‘q. Turkmaniston o‘zini betaraf davlat deb e’lon qilgan va siyosiy-harbiy bloklardan chetda turib keladi. Ammo turkiy davlatlar birligida asosan, tarixiy madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalarga ustunlik berilayotgani inobatga olinsa, Turkmanistonning ushbu tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishiga to‘sqinlik qiladigan omil yo‘qdek. Ayrim tahlilchilar mintaqani o‘zining "orqa hovlisi" sifatida ko‘radigan, ammo hozirda Ukrainadagi urush sabab ta’siri zaiflashgan Rossiya bunga to‘sqinlik qilishi mumkinligini ham taxmin qilishmoqda.
Media hozirlik
Samarqand so‘nggi ikki oydan kamroq vaqt ichida ikkinchi yirik sammitga mezbonlik qilmoqda. Shu yilning 15-16-sentabr kunlari Samarqandda ShHT ga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tgan edi. Sammit asnosida Xitoy rahbari Si Szinpin koronavirus pandemiyasi boshidan buyon ilk bor xorijga safar qilgan. Ukrainadagi urush fonida Samarqand sammitida jahon matbuotida eng ko‘p tilga olingan voqealardan bo‘ldi.
Ukraina inqirozida faol vositachilik rolini o‘ynashga harakat qilayotgan Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Samarqanddagi sammitda hozir bo‘lishi inobatga olinsa, bu safar ham Ukraina borasida muhim bayonotlarni kutish mumkin.
O‘tgan oy Ostonadagi uchrashuv chog‘ida prezident Erdo‘g‘on prezident Putinni ham Samarqanddagi sammitga taklif qilgan edi, ammo Putin bu taklifni qabul qilgan-qilmagani ma’lum emas. Mezbon davlat O‘zbekiston rasmiylari Erdo‘g‘onning bu taklifini sharhlamagan.
Sammitni 570 dan ziyod mahalliy va xorijiy jurnalist yoritvdi. Ular orasida Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining 5 nafar jurnalisti ham bor.
Samarqandga borgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra, Toshkent va xorijdan borgan yuzlab jurnalist, maxsus tashkillashtirilgan shaklda, Toshkentdan Samarqandga olib borilgan. Ular uchun Samarqanddagi “Boqiy shahar” hududida 2 ta matbuot markazi tashkil etilgan.
Turkiy birlik orzusi
1991-yilga qadar turk tilida gapirgan yagona mustaiql davlat Turkiya edi.
Sovet ittifoqi qo‘lagach, 1992-yilning 30-oktabrida Anqarada “Turk tilli davlatlar sammiti” bo‘ldi. Unda Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston rahbarlari uchrashdi.
12-iyul, 1993-yilda Olmaotada “Turk davlatlari san’ati va tili birligi” tuzildi. Bu birlashma, 1998-yil Bakuda, Turk madaniyati xalqaro birlashmasiga aylandi.
Hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti esa, rasman 3 oktyabrь, 2009-yilda Naxchivan kelishuvi asosida Bakuda “Turkiy kengash” nomi bilan tuzildi. 2012-yilda takshilot bayrog‘i qabul qilindi.
Dastlab unga 4 davlat - Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston a’zo bo‘ldi. Hozirda Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi davlat. 2020-yilda Ukrina ham kuzatuvchi davlat maqomini olish niyatini bildirgan edi.
O‘zbekiston esa prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so‘ng - 2019-yil 12-sentabrda a’zo bo‘ldi.
O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov, 1990-yillardan vafotiga qadar, Anqara bilan sovuq aloqalar bois, Turkiya boshchiligidagi integratsiya tashabbuslariga shubha bilan qarab kelgani aytiladi.