Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:00

Samarqandlik byuti-bloger o‘limi: baxtsiz hodisami yo maishiy zo‘ravonlik?


Go‘zal Mahmatqulova/Instagram.
Go‘zal Mahmatqulova/Instagram.

Taniqli byuti-bloger va kosmetolog Go‘zal Mahmatqulova 8-qavat derazasidan tushib ketib, o‘ldi. Fojia Samarqandda, 12 -dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Rasmiylar marhuma o‘z joniga qasd qilganini aytishmoqda, ammo yaqinlari bunga ishonishmayapti.

Go‘zal Mahmatqulova 23 yoshda edi. U Instagram'da byuti-blog yuritar va obunachilariga vizaj va teri parvarishlashni o‘rgatardi. 150 ming nafarga yaqin folloverlar qizning nafaqat yoshlar, balki go‘zallik industriyasining professionallari orasida ham tanilishini ta’minladi. Uning akkaunti rangdor roliklar va chiroyli manzaralarga to‘la.

Biroq, “NeMolchi.uz” loyihasi faollari aytishicha, qiz sirtdan sho‘x-shodon ko‘ringani bilan oilaviy hayoti murakkab va notinch bo‘lgan; bir necha marta yaqin qarindoshlarining jismoniy va ruhiy zo‘ravonligiga uchragan – fojeiy o‘lim sabablaridan biri shu bo‘lishi mumkin.

Qizning o‘limi videoga tushgan. 12-dekabrga o‘tar kechasi Samarqandda kimdir Go‘zal sakkizinchi qavatdagi xonadon balkonidan yiqilganini tasvirga oladi. Videoda balkonga osilib turgan qizning qo‘lidan bir yigit tutib turgani aks etgan. Yigit baland ovozda uchgacha sanagach, qizga “sakra” deb qichqiradi. Qiz, aftidan, 7-qavatdagi balkonga sakramoqchi bo‘ladi, ammo pastga qulab ketib, hovlida qantarig‘liq avtomobil tomiga tushadi.

Voqea guvohlari mahalliy telekanallar bilan intervyuda videodagi yigit qizning ukasi ekanini, u opasini qutqarmoqchi bo‘lganini, ammo tutib qola olmay, quyi qavatdagi balkonga sakrashni aytganini so‘zlab berishdi.

Go‘zal 2024-yilning bahorida turmushga chiqib, eri bilan birga qaynotasining uyida yashagan. Biroq bir necha oydan so‘ng erining xonadonidan ketib, ukasining ijara kvartirasiga ko‘chib kelgan.

Yuz bergan voqeadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar boshlandi.

“Nemolchi.uz” loyihasi mualliflari qiz ixtiyoriy ravishda o‘z joniga qasd qilganini shubha ostiga olishmoqda.

“Marhuma maishiy zo‘ravonlikka uchragani ayon, balki o‘limiga shu sabab bo‘lgandir. Qizni o‘zini o‘ldirishgacha olib borishgan, degan taxminlar bor”, deyiladi O‘zbekistondagi gender zo‘ravonligiga qarshi loyiha xabarida.

“Qiz unga qanday munosabatda bo‘lishayotgani haqida yozgan o‘nlab skrinshotlar mavjud. U kamsitishlar, ruhiy zo‘ravonlik, erining xiyonatlari haqida gapirgan. Insonni shunchalar xo‘rlash mumkinmi? Haqiqat baribir yuzaga chiqadi!” deya urg‘ulanadi loyiha izohida.

Shunday yozishmalardan birida Go‘zal o‘z turmushini tasvirlar ekan: “O‘lsam kerak, shunda yengilroq bo‘ladi”, deydi. Boshqa yozishmasida esa “asabbuzarliklar tufayli” homilasi tushganini aytadi va ko‘kargan joylari fotosuratlarini qoldiradi.

Shuningdek, Go‘zal qaynonasi unga ham ruhan, ham jismonan zulm qilayotganidan shikoyat qilgan.

Dugonalari bilan shaxsiy yozishmalarida faqat ukasiga ko‘nglini ocha olishiga iqror bo‘lgan: “Bu gaplarni faqat ukamga aytaman, oyimga lom-mim demayman. Yangi kelin bo‘lgan paytlarimda kursdosh dugonalarim opang yuz-ko‘zlari ko‘karib yuribdi, deb ukamga yozib yuborishgandi”.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu ish bo‘yicha tergov qanchalik xolis bo‘lishi xususida qizg‘in munozara ko‘tarildi. Gap shundaki, Go‘zalning eri yuqori martabali odamlardan birining o‘g‘li. Qizning yaqinlari kuyov tomon shundan foydalanib tergovga ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan xavfsiramoqda. Avvalroq ushbu voqeani ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilgan ayrim taniqli shaxslar tergov bo‘layotganini ro‘kach qilib ortiq izoh berishdan bosh tortayotgani manzarasida ushbu xavotirlar yanada kuchaydi.

13-dekabrda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Go‘zal Mahmatqulova o‘limi bo‘yicha sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanganini, ish xolis va har tomonlama tergov qilinishini, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar o‘rganilishini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura xabaridan so‘ng tarmoqda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi bayonotining skrin qilingan surati tarqaldi. Samarqand shahridagi 9-sonli ichki ishlar profilaktika bo‘limi inspektori O.Qahramonov imzolagan hujjatda “o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv natijasida aniqlanishicha, Go‘zal Mahmatqulova ilgari bir necha marta o‘zini o‘ldirishga uringani” haqida so‘z boradi.

Аёлларга қарши зўравонлик ва тармоқлардаги жанг. Блогер Ақида Ханум билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:03 0:00

Go‘zalning yaqinlari bu kabi bayonotlarda ishni “bosdi-bosdi” qilish harakatini ko‘rishmoqda. Ko‘pchilik “agar kimdir qizni jonidan to‘ydirgan bo‘lsa ham aybdor jazolanmay qoladi”, degan fikrga kelgan.

Qator faollar va taniqli shaxslar ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi. Ular orasida xonanda Munisa Rizayeva, “NeMolchi.uz” loyihasi asoschisi Irina Matviyenko ham bor.

Ayni chog‘da Go‘zalning do‘stlari va tanishlari “ushbu mavzuda gapirish taqiqlangan”ini aytib, jurnalistlar bilan muloqotdan bosh torta boshladilar. Oldinroq zo‘ravonlikka qarshi kurashda birlashishga chorlab postlar qoldirgan blogerlar orasida ham shunaqa holat kuzatilgandi. Ular izoh berish haqidagi iltimoslarga “tergov natijalarini kutish kerak”, deya javob qaytaradigan bo‘lishgandi.

O‘zbek internetida Go‘zalning o‘limini o‘z eri – Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayev tomonidan o‘ldirilgan Saltanat Nukenova fojiasiga qiyoslashmoqda. Jamoatchilik sud jarayoni Saltanat ishida bo‘lganidek ochiq-oydin bo‘lishini talab qilayotir.

Руководитель фонда «НеМолчиKZ» Дина Смаилова
«NeMolchiKZ» fondi rahbari Dina Smailova.

Qozog‘istonda zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi “NeMolchiKZ” fondi rahbari Dina Smailova Bishimbayev ishi katta ijtimoiy rezonans ko‘targani haqida gapirarkan, bu “nafaqat faollarning sa’y-harakatlari, balki prezident va boshqa xizmatlarning aniq siyosiy irodasi natijasi” bo‘lganini aytadi. Smailovaga ko‘ra, jamoatchilik fojiani qizg‘in muhokama qilib, ko‘plab fuqarolar qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgach, mamlakatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik muammosiga e’tibor ortgan.

Smailova mazkur ish atrofidagi faollik qarindoshlar va huquq himoyachilari bilan cheklanmaganini ta’kidlaydi.

“Bishimbayev ishida faqat qarindoshlar va huquq himoyachilari faollik ko‘rsatishganida, bu qadar rezonans bermagan bo‘lardi”, deydi u.

Oilaviy muammolarga ixtisoslashgan toshkentlik psixolog ham “bu kabi fojialar haqi sukut saqlash vaziyatni faqat chuqurlashtirishi”ni aytadi.

“Oiladagi zo‘ravonlik – xususiy muammo emas, balki ijtimoiy epidemiyadir. U haqida ochiq gapirmas ekanmiz, shunga o‘xshash vaziyatlarda qolganlarga yordam bera olmaymiz”, deydi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.

Rasmiylar hozircha byuti-bloger o‘limini “o‘z joniga qasd qilish” deb atashmoqda. Biroq psixolog e’tiborni tortishga urinish ortidan kelib chiqqan fojiyaviy tasodif yoki maishiy zo‘ravonlik manzarasida o‘z joniga qasd qilish kabi bir necha taxminni ilgari suradi.

Vaziyatning butun og‘irligini tushunish va kelgusida bu singari fojialarning oldini olish uchun barcha ehtimollarni chuqur tahlil qilib ko‘rish lozim, urg‘ulaydi ekspert.

XS
SM
MD
LG