Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:24

Saudiya Arabistonidagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlarni pasaytirish buyurildi


Dushanba kuni Saudiya Arabistoni Islom ishlari vaziri Abdulatif al-Shayx azon eshittiriladigan masjid karnaylari ovozini pasaytirish haqida buyruq berdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayrim oilalar bir-biri bilan raqobat qilayotgan radiokarnaylar yosh bolalar hamda keksalarning oromini buzayotgani, ularni uyg‘otib yuborayotganidan shikoyat qilgan. Bu haqda “Reyter” agentligi xabar bermoqda.

“Namoz o‘qimoqchi bo‘lganlar... imomning ovozini kutishlari shart emas. Ular barvaqt masjidda bo‘lishlari lozim”, – dedi vazir.

U, ayni choqda, ibodatlarni bir nechta telekanal efirga uzatishini qo‘shimcha qilgan.

O‘tgan hafta Saudiya islom ishlari vazirligi masjidlar ma’muriyatiga ovoz kuchaytirgichlarni maksimal balandlikning uchdan bir qismidan yuqori ko‘tarmaslik haqida ko‘rsatma bergan edi. Shuningdek, azon aytib bo‘lingach, karnay o‘chirib qo‘yilishi, ya’ni imomlarning mav’izasi karnay orqali eshittirilmasligi kerak.

Saudiya Arabistonining amaldagi hukmdori, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon dinning jamiyat hayotidagi o‘rnini isloh qilishga bel bog‘lagan.

Yangi ko‘rsatma podshohlikdagi masjidlarga qanday ta’sir ko‘rsatgani borasida uzil-kesil fikr aytishga hali erta. Dushanba kuni “Reyter” muxbiri bilan suhbatlashgan poytaxt Ar-Riyodning to‘rt nafar turg‘uni ayrim masjidlar karnaylari ovozi biroz pasayganini aytdi. Kamida bir masjid imomining va’z-nasihati oldingiday baland ovozda eshittirilayotgani xabar qilindi.

Saudiyalik ayrim Twitter foydalanuvchilari o‘z hududlarida shovqin kamayganini mamnuniyat bilan qabul qildi. Ayrimlar esa ibodatning farahbaxsh ovozini sog‘inayotganlari haqida yozishdi.

“Qur’oni karimni karnay orqali o‘qish bir necha kishini bezovta qilayotgani uchun to‘xtatilgan bo‘lsa, umid qilamizki, restoran va bozorlarda ko‘pchilikning tinchini buzayotgan baland musiqaga ham e’tibor beriladi”, – deya luqma qoldirdi Muhammad al-Yahyo ismli foydalanuvchi Twitter tarmog‘ida.

Islom ishlari vaziri al-Shayx ayrim g‘araz niyatli shaxslar yangi siyosatga ishonchsizlik uyg‘otish maqsadida salbiy ruhda xat-xabar yozayotganini qayd etdi.

“Podshohlik dushmanlari o‘z xabarlari orqali jamoatchilik fikrini chalg‘itish, davlat qarorlariga shubha tug‘dirish va pirovardida milliy birdamlikni buzishni istaydilar”, – deb hisoblaydi vazir.

XS
SM
MD
LG