Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:28

Saylov-2024: O‘zbekiston "yangicha", ammo hanuz muxolifatsiz saylovga tayyorlanmoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z boshqaruvining ilk davrida parlamentarizmni rivojlantirish va siyosiy muxolifat kerakligi haqida gapirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z boshqaruvining ilk davrida parlamentarizmni rivojlantirish va siyosiy muxolifat kerakligi haqida gapirgan.

O‘zbekistonda navbatdagi parlament saylovi, qonunda belgilangan jadvalga muvofiq joriy yil oktabr oyi oxirida o‘tishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yilgi parlament saylovi birinchi marta yangicha, aralash - proporsional va majoritar tizimda o‘tadi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, shu kunda siyosiy partiyalarga, Oliy Majlis va mahalliy organlariga nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish topshirilgan.

Ozodlik manbalari, yuqori doiralarda parlament saylovlarini shu yil bahorda o‘tkazishga hozirlik borayotgani haqida ham yozmoqdalar.

Hozircha, parlament saylovini muddatidan oldin o‘tkazish haqida biror rasmiy bayonot berilmadi.

-----------------------------------------------------------------------------------

“Balki bahor, balki kuzda...”

O‘zbekistondagi siyosiy partiyalardan birining vakili parlament saylovini muddatidan avval o‘tkazish haqida “gap yurganini” aytdi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan vakilga ko‘ra, shu kunda aksar siyosiy partiyalarga, nomzodlar ro‘yxatini shakllantirib, saylovga tayyor turish topshirig‘i berilgan.

“Balki bahorda, balki kuzda bo‘lishi mumkin, degan gap bo‘lyapti”, dedi partiya vakili.

Bundan tashqari, Ozodlikning bir-biridan mustaqil yana ikki manbasi parlament saylovi muddatidan avval o‘tkazilishi ehtimoli haqida xabar yo‘lladi.

Hozircha na siyosiy partiyalar, na Markaziy saylov komissiyasi va na Adliya vazirligi bu haqda biror aniq ma’lumot berdi.

  • O‘zbekiston parlamenti – Oliy Majlis - oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organidir.
  • Oliy Majlis 2 palata — vakolati 5 yil bo‘lgan Qonunchilik (quyi) palata va Senatdan iborat.
  • Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli okruglardan - umumiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosda yashirin tarzda saylangan 150 deputatdan iborat.
  • Buning 15 nafari O‘zbekiston Ekologik harakati uchun ajratilgan.
  • Senati 100 (ammo yangi qonunchilikka binoan 65) a’zo - Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridan - 6 kishidan saylangan hamda fuqarolar orasidan Prezident tanlagan 16 (bundan buyon 9) senatordan iborat.
  • 2023-yilning noyabridan, O‘zbekistonda aralash saylov tizimi joriy etildi. 150 deputatning yarmi umumxalq saylovi, 75 nafari bir mandatli okrugdan majoritar tarzda saylanadi.

Aralash saylov - Mirziyoyev taklifi

Bu galgi parlament saylovlari avvalgilardan farqli, aralash tizimda o‘tadi.

O‘tgan yilning 6-mart kuni Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalar rolini oshirish uchun - majoritar va proporsional saylov tizimiga o‘tishni taklif qilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 9-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zXDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov ma’lum qilgandi.

Ushbu taklif asosida 2023-yilning 18-dekabr kuni “O‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun qabul qilindi.

Yangi qonunchilikka binoan, O‘zbekistonda yangi -aralash saylov tizimi joriy etildi.

Bundan buyon parlamentdagi 150 o‘rinning yarmi - proporsional shaklda - partiyaviy ro‘yxatlar bilan, yarmi - majoritar tizimda - nomzodlarga ovoz berish yo‘li bilan taqsimlanadi.

Bundan tashqari, yangi qonunchilikka binoan, O‘zbekistonda parlament o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolatiga ham ega bo‘ldi.

Bu o‘tgan yiliyoq parlament saylovlari muddatidan avval o‘tkazilishi mumkin, degan taxminlarni kuchaytirib yuborgandi.

Bunday muhokamalarga javoban, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev muddatidan avval parlament saylovi bo‘lmaydi, degandi:

“Ikkinchi eng ko‘p uchragan savol — parlament palatalarining o‘zini o‘zi tarqatib yuborishi haqidagi norma parlament saylovi muddatidan ilgari o‘tkazilishini anglatadimi? Yo‘q. Qonun loyihasida ushbu vakolatning belgilanayotgani joriy yilda muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishini anglatmaydi”.

Ammo, bundan beri 4 oy o‘tdi - xo‘p hozir texnik jihatdan parlament o‘zini o‘zi tarqatib, muddatidan avval saylov o‘tkazib yuborilishi mumkinmi, degan savolga rasmiylar hozircha javob bermayotir.

Parlamentdan boshlangan oliy hokimiyatga yo‘l

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy karyerasi aynan parlamentdan boshlangan.

1980-yillarning oxirida u Sovet ittifoqi kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan, 1990-yillarning boshida esa O‘zbekiston Oliy kengashining o‘sha kezda bir palatali parlamentiga so‘nggi - 12-chaqiruvda Toshkent shahridan xalq deputati bo‘lib saylangan.

O‘sha paytda parlamentning Sanoq komissiyasiga raislik qilgan.

1991-yilning 31-avgustida O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgach, Mirziyoyev a’zo bo‘lgan Kommunistik partiya - Xalq demokratik partiyasiga aylandi.

Avtomat tarzda kommunistdan deputatga aylangan partiya a’zosi o‘laroq, Shavkat Mirziyoyev, keyin yana ikki marta - 1995-yil va 1999- yilardagi saylovlarda Oliy Majlis deputati bo‘lib saylangan.

Ya’ni, 1995-yildan 2003-yil - Bosh vazir bo‘lib tayinlanguniga qadar - deputat bo‘lgan.

Uning prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng hokimiyatga kelishida ham aslida parlament qonuniy vosita bo‘lishi lozim edi.

Ammo, Mirziyoyev oliy hokimiyatdagi ilk qadamini o‘z xizmat karyerasida pillapoya bo‘lgan parlamentni chetlab o‘tishdan boshladi.

Karimov davri parlamenti

Mustaqil O‘zbekiston parlamentining eng uzoq - 27 yillik tarixi - bir shaxs - O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan bog‘langan.

Karimov 1989-yilda - O‘zbekiston parlamenti hali O‘zbekiston Oliy soveti bo‘lgan paytda - O‘zbekiston kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasiga birinchi kotib etib tayinlangan edi.

  • 1991-yilning 31-avgustida - O‘zbekistonning mustaqilligini e’lon qilgan parlament - O‘zbekiston Oliy kengashi bo‘ldi.
  • Bu parlament - O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining to‘g‘ridan-to‘g‘ri davomchisi edi.
  • 1995-yilda O‘zbekiston Oliy kengashi – Oliy Majlis, deb o‘zgartirildi.
  • Mustaqil O‘zbekiston parlamenti - dastlab bir palatali - 250 deputatdan iborat bo‘lgan.
  • Bu parlamentga 2 ta chaqiriqda - 1994-1995 hamda 1999-yillarda 3 va 2 bosqichda saylangan deputatlar saylandi.
  • 2002-yil 27-yanvarda o‘tgan referendumda o‘zbekistonliklar ikki palatali parlamentga ovoz berishdi.
  • Oliy Majlisda 2 palata — vakolati 5 yil bo‘lgan Qonunchilik (quyi) palata va Senat paydo bo‘ldi.


1990-yilning 24-martida Oliy kengash sessiyasida Karimov O‘zbekistonning birinchi prezidenti etib tasdiqlangan.

Islom Karimov davrida O‘zbekiston parlamenti qator jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutdi. Jumladan, Qonunchilik palatasi uchun saylovchilarning tashabbus guruhariga birlashib, o‘z nomzodini ilgari surish huquqi bekor qilindi.

Deputatlar ko‘p bosqichda emas, asosan bir bosqichda, yuqoridan tushirilgan ro‘yxatlar asosida saylanadigan bo‘ldi.

Qonunchilik palatasidagi 150 o‘rindan 15 tasi Ekologik harakatga ajratib berildi va ular saylovlarsiz, ro‘yxat asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlamentga kirish huquqiga ega bo‘ldi.

Ammo, Islom Karimov, 27 yillik boshqaruvining so‘nggi yillarida parlament vakolatlarini biroz kengaytirgandek bo‘ldi.

Ya’ni, biror sabab bilan prezident o‘z vazifasini bajarolmay qolsa, uning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga beriladigan bo‘ldi.

Ammo, xalqaro maydonda olqishlangan bu huquqiy norma ham Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelayotgan pallada ishlamadi.

Karimov va Mirziyoyev parlamenti

Aksar tahlilchilar O‘zbekiston parlamentida 2016-yildan keyin kuzatilgan - bir muddat jonlanishni aynan Islom Karimov boshqaruvining ilk 5 yiliga qiyoslamoqdalar.

O‘sha kezda parlamentda nisbatan erkin chiqish qilgan deputatlar - 2018-2023-yillar oralig‘ida ko‘zga tashlangan bugungi yosh deputatlar bilan parallel o‘tkazishadi.

Qobul Do‘sov, Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev kabi yosh deputatlar shular jumlasidandir.

Kobul Do‘sov Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani kengashi sobiq deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi sobiq a’zosi bo‘lgan.

Uning ilk chiqishi - 2019-yilda Feysbuk tarmog‘idagi sahifasida bo‘lgan. O‘shanda u prezident Shavkat Mirziyoyevdan Xitoyning Shinjoy-Uyg‘ur muxtor rayonida zulm chekayotgan qardosh millat - uyg‘urlarga yordam ko‘rsatishni so‘ragan edi.

Shavkat Mirziyoyev davri parlamentarizmining yana bir taniqli yuzi o‘tgan yili parlamentdan iste‘fo bergan sobiq deputat, yurist va jurnalist Rasul Kusherbayevdir.

O‘zbekistonda monopoliya, korrupsiya va ekologiya sohasidagi keskin muammolarni ochiq aytgan, Oliy Majlis sessiyalarida keskin savollarni o‘rtaga tashlagan yosh siyosatchiga aylandi.

U hatto O‘zbekiston prezidentining nazariga ham tushdi.

Ammo prezident Mirziyoyevning shaxsiy e’tibori Kusherbayevni deputatlikda olib qololmadi.

Byudjet muhokamasi chog‘ida parlamentdan iste‘fo bergan Kusherbayev Ekologiya qo‘mitasi raisiga maslahatchi etib tayinlandi.

Aksar kuzatuvchilarga ko‘ra, shu kunda hanuz Oliy Majlisda o‘tirgan va jamoatchilik orasida erkin chiqishlari alohida e’tirof etilayotgan yagona deputat - Doniyor G‘aniyev bo‘lib qolmoqda.

Uning chiqishlaridagi pozitsiyasi va tanqid qilayotgan muammolari ko‘lami ham Rasul Kusherbayevniki kabi keng. Ammo parlamentdagi oxirgi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan deputat G‘aniyev keyingi saylovlarda nomzodini qo‘ymoqchi emasligini aytgan.

"Ichkaridan chiqqan muxolifat"

O‘tgan yil 30-aprelida mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar amaldagi prezident Mirziyoyevning 2037-yilgacha davlat rahbari lavozimida qolishiga yo‘l ochdi.

Oradan ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tib o‘tkazilgan haqiqiy raqobatsiz prezident saylovida Mirziyoyev yana bir, amalda uchinchi muddatga prezident etib saylandi.

14-iyuldagi qasamyod nutqida Mirziyoyev "konstruktiv muxolifat" iborasini tilga oldi va demokratik islohotlarni amalga oshirishga yana bir marta va’da berdi.

“Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaymiz”, degan Shavkat Mirziyoyev bunga oid tafsilotlarga to‘xtalmadi, xususan, uning “konstruktiv muxolifat” deganda kimni yoki nimani nazarda tutgani majhulligicha qolib ketaverdi.

OzodNazar: ҲТБДП лидери Хидирназар Аллақулов: Партия фаолларига босим кучайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:45:53 0:00

O‘zbekiston siyosiy hayotida muxolifatning o‘rni muhimligi yuzasidan bahslar boshlangan 2019-yil oxirida amaldagi prezident Mirziyoyev bunga munosabat bildirib, “muxolifat mamlakatning ichida paydo bo‘lishi lozim”ligini urg‘ulagan edi.

Biroq o‘shandan beri mavjud besh partiya faoliyatida muxolifatga xos bo‘lgan, mavjud iqtidorni tanqid qilib, muqobil boshqaruv yo‘llarini taklif qilgan qadamlar qo‘yilmadi.

Rejimga muxolif bo‘lgan professor Xidirnazar Allaqulov partiyasini ro‘yxatga olish esa 2021-yildan buyon rasmiylar tomonidan bir necha bor rad etildi.

Aralash saylov tizimi

Shu tariqa, bu yil oktabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida parlament saylovi bo‘ladi.

Bu oliy davlat vakillik organi - O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatidagi 33 yillik tarixida ilk bor aralash tizimda saylanadi.

Bunga qadar ayni tizim Qozog‘istonda prezident Qasim-Jomart Toqayev taklifi bilan joriy etildi.

O‘tgan yilning 19-martida parlament saylovlari yangi tizimda o‘tdi - Majlis deputatlarining 70 foizi partiya ro‘yxatlari proportsional tizimi, 30 foizi esa majoritar tizim bo‘yicha saylandi.

Ammo, viloyat va yirik shaharlar deputatlari kengashlaridagi nomzodlarning yarmi proporsional, yarmi majoritar, viloyatlar mas’ullari esa to‘liq majoritar tizim bilan saylandi.

Hozir jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollardan biri - bu yangicha saylovdan keyin O‘zbekistonda nima o‘zgaradi, degan savoldir.

Hali rasmiy idoralar yoki siyosiy partiyalar bu savolga javob berishi mumkin bo‘lgan chiqishlarini boshlagani yo‘q.

Ammo, 2 muddat prezidentlikni uchinchi muddatga uzaytirgan va hokimiyatini 2037-yilgacha mustahkamlagan Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi tanqidchilarida ayrim taxminlar bor.

Bunday tahlilchilardan ayrimlari, prezident o‘z tashabbusi bilan vakolatlarini kengaytirgan parlmentga, xususan Senatga qizi Saida Mirziyoyevani ilgari surishi mumkin, demoqdalar.

Bir shaxsga ikki muddatdan ortiq raislik yo‘q

Siyosiy tahlilchilarning bunday taxminlarini bilvosita asoslovchi yangilik esa joriy yil 20-fevral kuni paydo bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oliy Majlisning Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunga o‘zgartirish kirituvchm qonunni imzoladi.

O‘zgarishga binoan, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat raisi bo‘lishi mumkin emas.

Aslida bu normaning tashabbuschisi ham prezident. 2023-yilda Yangi Konstitutsiya loyihasi muhokamalarida ayni norma tilga olingan.

O‘zbekistonda mavjud qonunchilikka binoan, davlat boshqaruvida Senat raisi prezidentdan keyin turadigan ikkinchi muhim shaxs.

Ayni paytda, bu lavozimni 57 yashar Tanzila Norboyeva 2019- yildan buyon egallab turibdi. Ya’ni, uning birinchi muddati oxiriga etmoqda.

Qonun - qabul qilingan paytdan kuchga kirishi inobatga olinsa, Tanzila Norboyevaning ham, xuddi Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgani kabi, birinchi muddati de-fakto “nollashishi” mumkin.

Ya’ni, parlament ma’qullagan kezda Norboyeva yana ikki muddat Senatga raislik qilishi ehtimoli katta.

O‘zbekistonda bu yil bo‘ladigan parlament saylovlari - O‘zbekiston konstitutsiyasi 65 foizga o‘zgargan, qariyb to‘liq yangilanganidan keyingi ilk saylovlar bo‘ladi.

Prezident tashabbusi bilan yangilangan konstitutsiya Shavkat Mirziyoyevga 2037-yilgacha yoki umrbod prezidentlikda qolish imkonini bergan.

Ayni konstitutsiya yangi saylanadigan parlament va Senatning yangi raisiga kengaytirilgan vakolatlarni taqdim qilishi aytilgan, ammo tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi mavjud prezident vertikalida yangi vakolatlarning taqdim qilinishi ko‘p narsani o‘zgartirmaydi.

Mirziyoyev o‘z boshqaruvining ilk davrida siyosiy islohotlar o‘tkazish, jumladan, muxolif partiyalarga yo‘l berish haqida gapirgan, ammo hozirgacha Karimovdan qolgan siyosiy tuzumni o‘zgartirish yo‘lida biron jiddiy qadam qo‘ygani yo‘q.

XS
SM
MD
LG