Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:35

Sergelidagi portlash: Hodisadan besh kun o‘tdi, hukumat komissiyasi jim


Sergeli tumanidagi bojxona omborxonasida yuz bergan portlashdan so‘ng hovli uylar yashashga yaroqsiz holga kelgan.
Sergeli tumanidagi bojxona omborxonasida yuz bergan portlashdan so‘ng hovli uylar yashashga yaroqsiz holga kelgan.

Toshkentning Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida yuz bergan portlashdan besh kun o‘tib, hanuz bu portlashga nima sabab bo‘lgani haqida hukumat komissiyasi hatto dastlabki xulosasini ham bergani yo‘q.

Portlash sodir bo‘lgan omborxona Interlogistics kompaniyasiga tegishli. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa yuzasidan Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb 6 milliard so‘mlik talafot ko‘rilgan. Bosh vazir matbuot xizmatining bildirishicha, ko‘rilgan talafot 10 milliard so‘mgacha yetishi mumkin.

Сергелидаги портлаш. 16 ёшли ўсмир ҳалок бўлди, 163 киши жароҳатланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:52 0:00

Rasmiylarga ko‘ra, portlash oqibatida 17 yashar o‘smir halok bo‘lgan, 163 kishi turli xil tan jarohati olgan. Hozirgacha kasalxonada yotgan jabrlanganlar bor.

Portlash to‘lqinidan yaqin atrofdagi o‘nlab ko‘p qavatli uylarga shikast yetgan. Yarim tunda uxlab yotgan odamlar dahshatga tushganini Sergelidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Dilmurod Hoshimov bunday eslaydi:

“Kuchli to‘lqin kelib oynaga urdi. Oyna rom-pomi bilan uchib ketib, kelib mening ustimga tushdi. O‘rta eshikni tamoman ichkariga uchirib yubordi. Besh yashar nevaram tualetda ekan, u dodlab yig‘lab yubordi. Derazadan olov tepaga qarab yonganini ko‘rib yanayam dahshatga tushdik”.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 134 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Xabarda necha kishi va qanday ahvolda kasalxonada qolayotganligi haqida ma’lumot berilmagan.

OzodNazar: Сергелидаги ёнғин ва дорилардан зарар кўрганларга ким товон тўлайди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:32:47 0:00

Sergelilik Halima Turopovaning Ozodlikka aytishicha, ular yashab turgan ko‘p qavatli uyda juda ko‘p odam jiddiy jarohat olgan:

“Dahshatdan uyg‘ondik. Nima bo‘lganini bilmasdik. Keyin kimdir samolyot tushib ketdi deyishdi, kimdir bomba portladi, dedi. Shok bo‘lib qoldik. Bizning domda to‘rtinchi etajda bitta bolaning ko‘zi operatsiya bo‘ldi, beshinchi etajdagi Murod degan kishi hozir bolnitsada, ikkinchi etajdagi qo‘shnimning eri komaga tushib qoldi. Narigi podyezddagi bitta kampir ham kasalxonada yotibdi”.

Portlash oqibatida omborxonaga qo‘shni bo‘lgan 20dan ortiq hovli eng ko‘p zarar ko‘rgan.

Ozodlik suhbatlashgan odamlar bu uylarda yashash xavfli bo‘lib qolganini aytishadi:

“Portlash oqibatida devorlarimiz "osadka berib" cho‘kdi. Yer ko‘tarilib tushganday bo‘ldi. Mahallada sog‘ hovli qolmagan. Shiferlar surilib ketdi, uyning ichidagi balkasi egilib, osilib qoldi. Bu uylar yashab bo‘lmaydigan ahvolga keldi. Hamma devorlar yorilib ketdi, bu uylarga hozir kirish ham xavfli bo‘lib qoldi”.

Mahalla turg‘uni Janibek Yerdenovning Ozodlikka aytishicha, odamlar zich yashaydigan mahallalar o‘rtasida portlovchi moddalari bor omborxonaning borligi inson hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Aslida esa bunday korxonalar aholi yashaydigan joylardan ancha uzoqda bo‘lishi kerak:

“Atrofimiz to‘la zavod. Bir tomonimiz keramika zavodi, bir tomonimiz logistika, bir tomonimiz “pepsi” zavod, sal narida metro. Mahalla juda katta zarar ko‘rdi. Endi bularni kim ta’mirlab beradi, hali bilmaymiz”.

Mahalla odamlari atrofi korxona va omborlar bilan o‘ralgan bu mahallada yashashga qo‘rqib qolganini aytar ekan, hukumatdan ularni bu yerdan ko‘chirib, boshqa tinch hududdan uy qurib berishni iltimos qilishini aytadi:

“Og‘ir ahvolda qoldik, bu yoqda qish eshik qoqyapti. Avariya holatidagi bu uylarda jon hovuchlab yashashning o‘zi bo‘ladimi. Shu mahallada 20tadan ko‘proq hovlili uy bor. Hukumatimiz bizni bu yerdan olib chiqsin, bizlarga uy topib bersin. Keyin aybdorlarni qidirib topib, undan zararni qoplab olaversin!”, deydi mahalla turg‘unlaridan biri.

Portlash sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish uchun Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan.

Bojxona omborida bunchalik ulkan portlashga nima sabab bo‘lgani haqida hali rasmiy ma’lumot yo‘q. OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda bu portlashga sabab bo‘lgan turli xil taxminlar ilgari surilmoqda.

Omborda xavfsizlik qoidalariga zid ravishda saqlangan kimyoviy vositalar o‘zaro reaksiyaga kirishib kuchli portlash sodir qilgan bo‘lishi mumkinligi yoki elektromobil batareyalari yonib ketganligi haqida taxminlar aytildi.

Gazeta.uz ning Interlogistics qo‘shma korxonasiga qarashli Xalqaro logistika markazi (United Cargo Center) vakiliga tayanib xabar berishicha, portlash sodir bo‘lgan omborxonada yonuvchi moddalar bo‘lmagan.

«Bizda portlash xavfi bo‘lgan narsalar saqlanmagan. Portlashga nima sabab bo‘lganini biz bilmaymiz. Bizda uchqun paydo bo‘lishiga olib keladigan yonuvchan narsalar yo‘q edi», — degan majmua vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan birinchi omborxonadagi muzlatgichda margarin, kungaboqar yog‘i, mayonez va ketchup saqlangan.

Bo‘lmasa, o‘t qayerdan chiqdi, nima portladi?

Deyarli 100 metr balandlikka ko‘tarilgan olov va chor atrofdagi uylarning eshigu derazalarini to‘kib tashlagan kuchli to‘lqin nimaning portlashidan yuzaga keldi?

Bu savollar hanuz ochiq qolmoqda.

Portlash oqibatida ombor yaqinida joylashgan BYD shirkatining o‘nlab avtomobili ham jiddiy shikastlangan.

Shirkatning bildirishicha, portlash vaqtida BYD avtomashinalariga “yuzaki zarar” yetgan. Biroq xavfsizlik va atrof-muhitni saqlash nuqtai nazaridan ularning barchasi utilizatsiyaga yuboriladi.

Ochilboy Ramatov boshchiligidagi komissiya favqulodda hodisani o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan tuzilgan.

Komissiya tomonidan hududda olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berib borilishi aytilgan.

Hukumat komissiyasi hatto dastlabki xulosani ham aytgani yo‘q. Ayni paytda tarmoq foydalanuvchilari komissiya nimanidir oshkor qilishga cho‘chiyotgani, "ishonchliroq bahona topish uchun vaqtni ataylab cho‘zayotgani" haqidagi taxminlarni ilgari surishmoqda.

Bu kabi taxminlar va jamoatchilik noroziligiga bundan avvalgi texnogen ofatlar payti tuzilgan hukumat komissiyasining jamoatchilikka ochiq hisobot bermagani, nihoiy xulosalar e’lon qilinmagani va ayniqsa, asl aybdorlar jazosiz qolgani sabab qilib keltiriladi.

Barcha yirik ofatlarni tekshirish uchun tuzilgan hukumat komissiyasining raisi Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ekani blogerlar va tarmoq foydalanuvchilarining istehzoli postlariga sabab bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG