Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:58

Shahrixondagi shifoxonada yuz bergan portlashda 1 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi yaralandi (VIDEO)


Portlash sodir bo‘lgan joyda FVV qutqaruvchilari ishlamoqda.
Portlash sodir bo‘lgan joyda FVV qutqaruvchilari ishlamoqda.

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi xususiy shifoxonada 11 -fevral kuni yuz bergan portlashda kamida bir kishi halok bo‘lgan.

Bosh prokuratura jarohat olganlar soni 11 kishi ekanini aytmoqda.

Portlash tumandagi Qorako‘rpacha MFY hududidagi shifoxonada soat 11.30 da sodir bo‘lgan.

Shifoxonadagi manbaning Ozodlikka aytishicha, halok bo‘lgan shaxs 56 yashar bemor ayoldir.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, portlashga gaz-havo aralashmasi chaqnashi sabab bo‘lgan. Portlash vaqtida shifoxonada qancha odam bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q, qutqaruv ishlari davom etayotgani aytiladi.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hodisa joyiga yetib borgani aytilmoqda.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, tuman markazi Chinobod ko‘chasida, yo‘l bo‘yida joylashgan uch qavatli “Ziteriya” Diagnostika va davolash maskanining 1-qavatida sodir bo‘lgan portlashdan bino devorlari qulab tushgan.

Portlash ovozi bir necha chaqirim uzoq masofagacha eshitilgan.

Shahrixondagi portlash ro‘y bergan hususiy shifoxona.
Shahrixondagi portlash ro‘y bergan hususiy shifoxona.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati portlashga gaz-havo aralashmasi chaqnashi sabab bo‘lgani, oqibatda yetti kishi yaralanganini ma’lum qilgan.

Vazirlik qurbonlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirgan. FVV e’lon qilgan suratlarda shifoxona binosi deyarli vayron bo‘lgani ko‘rinadi.

Portlash ro‘y bergan shifoxona xodimlaridan biri, Ozodlikka portlash oqibatida 57 yoshli bemor ayol halok bo‘lganini aytdi.

"1966 - yilda tug‘ilgan bemor ayol halok bo‘ldi, qutqaruv ishlari olib borilyapti, yaralanganlarni olib chiqishyapti, ularning aniq sonini bilmaymiz", dedi shifoxonaning ismi ochiqlanmasligini istagan xodimi.

Hodisa oqibatida yaralanganlarning aksari bemor va shifokorlardir. Ular tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga yotqizilgan, jarohati qanchalik jiddiy ekani, oralarida ahvollari og‘irlari bor-yo‘qligi haqidagi ma’lumot yo‘q.

Shahrixondagi portlash ro‘y bergan shifoxona atrofi o‘rab olingan.
Shahrixondagi portlash ro‘y bergan shifoxona atrofi o‘rab olingan.

11 - fevral kuni haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim hamda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda qatnashgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shahrixondagi portlash haqida gapirmadi.

Andijon viloyati Shahrixon tumani Tibbiyot bo‘limi mulozimi Ozodlikka “Ziteriya” xususiy shifoxonasidagi portlash yuzasidan izoh berolmasligina aytdi.

"Chunki bu shifoxona bizni tasarrufimizda emas", - dedi mulozim.

Shahrixon tumanida yashovchi shifokor va bloger Otabek Axliddinovning Ozodlikka aytishicha, “Ziteriya” xususiy shifoxonasi statsionar yotib davolanuvchi bemorlar uchun ham mo‘ljallangan.

"Uncha katta bo‘lmagan xususiy shifoxona. Ba’zilar qatnab davolanadi, yotib davolanadiganlar ham bor. Bu portlash tibbiy xizmat tijoriylashib, bemorlar xavfsizligi chetda qolib qolayotgani muammosini o‘rtaga chiqardi. Gaz uskunalari qay ahvolda ishlaydi, texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinib kelingan, savollar ko‘p", - deydi Axliddinov.

O‘zbekistonda gazdan noto‘g‘ri foydalanish natijasida portlash va yong‘inlar sodir bo‘lib turadigan hodisadir.

Gaz ta’minotidagi uzilishlar sababidan ham ba’zida portlashlar bo‘lgan. Gaz yo‘qligi oqibatida qo‘lbola isitish uskunalaridan foydalaniladi.

Yaqin daqiqalarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati vaziyatning yangi tafsilotlarini e’lon qilishi kutilyapti.

Ayni damda voqea joyida vazirlikning viloyat boshqarmasi qutqaruvchilari ishlamoqda.

Bu so‘nggi ikki oy ichida yuz bergan ikkinchi yirik portlashdir.

O‘tgan yil 7 - dekabriga o‘tar kechasi Surxondaryo viloyatining Denov shahridagi “Indenim” savdo majmuasida o‘yuz bergan portlash oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi nobud bo‘lgan, to‘qqiz kishi jarohat olgan.

Rasmiylar portlashga sizib chiqqan gazning bino ichida to‘planishi sabab bo‘lganini aytishib, terror xurujiga oid taxminlarni rad etishgan.

Portlashdan so‘ng hodisa yuzasidan ayblangan Denov shahar gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i va “Hududgaz”ning ikki nafar xodimi hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG