Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:30

ShHT sammiti va ikkilamchi sanksiyalar xavfi. O‘zbekiston iqtisodini nima kutmoqda?


ShHT rahbarlari tashkilotning Bishkek sammitida. Bishkek, 14-iyun, 2019-yil.
ShHT rahbarlari tashkilotning Bishkek sammitida. Bishkek, 14-iyun, 2019-yil.

O‘zbekistonda 15−16-sentabr kunlari Samarqandda o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitiga hozirlik ko‘rilmoqda.

Bu sammit doirasida qator ko‘p tomonlama va ikki tomonlama uchrashuvlar belgilangan. Bu uchrashuvlarda ShHT hududidagi davlatlar o‘rtasida iqtisodiy, moliyaviy va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirishni ko‘zlovchi bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Ammo bu yerda asosiy xavotir - Ukrainaga bosqini ortidan mislsiz sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklari va moliyaviy institutlari bilan hamkorlik hamda buning ortidan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekistonga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishi ehtimolidir.


Shu kunlarda, Samarqandda bo‘ladigan ShHT sammiti oldidan, Toshkentda a’zo davlatlar vazirlari, xavfsizlik xizmatlari hamda Banklar uyushmasi rahbarlari uchrashdi. Xususan, 23-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” raisligida ShHT Banklararo uyushmasi kengashining 18-yig‘ilishi bo‘ldi.

Unda 2 muhim strategik hujjat – “ShHT banklar uyushmasiga a’zo davlatlarning 2022-2027-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma harakat rejasi" hamda a’zo davlatlar "moliyaviy sohada birgalikdagi faoliyati va hamkorligiga oid hadli tamoyillar" ishlab chiqilgani aytildi.

ShHTga a’zo davlatlar: Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston hamda Rossiya.

Banklar uyushmasining yirik a’zolari esa aynan Rossiya banklari va ularning aksari, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan hozir G‘arb sanksiyalari ostida.

Bunday sharoitda O‘zbekiston banklari ular bilan qanday hamkorlik qilishi mumkin?

O‘zbekiston Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari, iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov.
O‘zbekiston Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari, iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov.

O‘zbekiston Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari, iqtisodchi Abdulla Abduqodirov fikricha, bu o‘rinda sanksiyalar qo‘llanishiga oid texnik hamda O‘zbekiston-Rossiya banklari o‘rtasidagi bugungi hamkorlikka oid ba’zi muhim jihatlarga e’tibor qaratish lozim:

- Birinchidan, bu sanksiyalar asosan, ma’lum bir mahsulotlar va xizmatlarni ko‘rsatishga qaratilgan. Banklar bu mahsulot va xizmatlari bilan bog‘liq operatsiyalarni moliyalashtirish yoki to‘lovlarni bajarish imkoniyati yo‘q, bu cheklangan. Ikkinchidan, Rossiya banklari moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirayotganda, SWIFT platformasidan foydalanishi cheklangan bo‘lsa, demak bunday banklar bilan muloqotda bu platformadan foydalanish mumkin.

Banklar o‘zaro munosabatlari bor va hamkorlik qilishini olsak, bu munosabatlar asosan turli kredit liniyalar ochish orqali bo‘lishi mumkin. Lekin, bizning mamlakatda bugungi kunda Rossiya banklaridan biron bir katta yoki kichik miqdorda kredit jalb qilgan bank yo‘q. Hozircha, O‘zbekiston va Rossiya banklari orasida mijozlarning munosabatlari bo‘lishi mumkin. Bu sohada faqatgina cheklangan mahsulotlar va xizmatlar ro‘yxatiga tushmagan bo‘lsa, bunday munosabatlarni amalga oshirishi mumkin.

Ayni paytda, Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon Rossiya biznesining O‘zbekistonga qiziqishi favqulodda ortgani kuzatiladi. Shu yil aprel oyida Toshkentda o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat forumida katta-katta sarmoyaviy kelishuvlar imzolandi. Rossiyadagi yirik davlat korxonalari va xususiy biznes vakillari O‘zbekistonga biznesini ko‘chirish niyatini ifoda qildi.


Ekspertlarning fikricha, G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiya sanoati va biznesi mintaqa davlatlari, jumladan, O‘zbekistondan, sanksiyalarni aylanib o‘tuvchi makon sifatida foydalanishi va pirovardida bu mamlakatlarning ikkilamchi sanksiyalarga tushish ehtimolidan xavotir bildirmoqda.

Shu yilning 28-iyun kuni O‘zbekistondagi Promcomplektlogistic xususiy korxonasi ikkilamchi sanksiyaga tushgan ilk shirkat bo‘ldi.

Avvalroq Rossiya matbuoti O‘zbekiston Markaziy banki mahalliy shirkatlarni xorijiy hamkorlar bilan Rossiyaning G‘arb sanksiyalariga tushgan banklari orqali hisob-kitob qilmaslik haqida ogohlantirgani haqida yozgan edi.

O‘zbekiston hukumati ikkilamchi sanksiyalar ehtimolini qanchalik jiddiy qabul qilyapti?

Abdulla Abduqodirovga ko‘ra, sanksiyalar ehtimolini jiddiy olmaslik hukumat uchun "o‘z oyog‘iga bolta urish" bilan teng bo‘ladi:

- Hozirgacha sanksiyaga tushgan mahsulot va xizmatlar bilan bog‘liq 18 ta tranzaksiya to‘xtatib qolingan. Tijorat siri bo‘lgani bois, bu haqidagi ma’lumotlarni men ham, Markaziy bank ham ochiq ayta olmaymiz. Lekin shu holatning o‘ziyoq hukumat bu masalaga jiddiy qarayotganini ko‘rsatadi.

Rossiya bu urushga uzoq tayyorgarlik ko‘rgan va buni oldindan bilib, sanksiyalarga tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan. Ya’ni, ular sanksiyani chetlab o‘tishga urinishi aniq, bunga albatta harakat qiladi va buning uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Muhimi, biz bunga qanday munosabatda bo‘lishimiz, deydi Abdulla Abduqodirov.

Tahlilchilarga ko‘ra, Moskva ShHTdagi hamkor davlatlarning bank-moliya tizimidan G‘arb sanksiyalari ta’sirini kamaytirish yo‘lida foydalanish rejasini Ukrainadagi urushdan ancha avval e’lon qilgan. 2018-yil aprelida Dushanbeda o‘tgan ShHT sammitida o‘sha vaqtdagi Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev "Moskva tashkilotdagi hamkorlar yordamida G‘arbning bir tomonlama noqonuniy sanksiyalariga qarshi turishga umid qilayotgani"ni aytgan edi.

XS
SM
MD
LG