Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:06

So‘nggi AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etar ekan, Tolibon “to‘liq mustaqillik"ni nishonlamoqda


Seshanba kuni AQSh Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqish amaliyotini yakunlar ekan, Tolibon jangarilari Kobul aeroportini o‘z nazoratiga oldi. “Reuters” agentligining xabar berishicha, poytaxt bo‘ylab tantanali o‘q ovozlari yangragan.

Afg‘onistonda 20 yilga cho‘zilgan urush Tolibon hokimiyatni qayta qo‘lga olishi va 2001 - yilga solishtirganda yanada qudratliroq bo‘lib yetishishi bilan yakunlandi.

Tolibon tarqatgan videolavhalarda AQShning oxirgi qo‘shinlari yarim tundan bir daqiqa oldin havoga ko‘tarilganidan so‘ng, jangarilar aeroportga kirib borganini ko‘rish mumkin. So‘nggi uchoq parvozi bilan Vashington va uning NATOdagi ittifoqchilari amalga oshirgan shoshilinch va sharmandali evakuatsiya o‘z yakuniga yetdi.

“Al Jazeera” telekanalining xabar berishicha, Tolibon matbuot kotibi Qori Yusuf:

“AQShning oxirgi askari Kobul aeroportini tark etdi va mamlakatimiz to‘liq mustaqillikka erishdi”, degan.

AQSh armiyasi Kobuldan oxirgi evakuatsiya uchog‘iga chiqqan so‘nggi amerikalik askar fotosuratini ulashdi. U 82-desant diviziyasi qo‘mondoni general-mayor Kris Donaxyu ekani aytilmoqda.

“Reuters” agentligi xabariga ko‘ra, Amerika tarixida eng uzoq davom etgan urush 2.5 mingga yaqin amerikalik askar va 240 mingga yaqin afg‘onistonlik hayotiga zomin bo‘lgan va 2 trillion dollarga tushgan.

Garchi Vashington Tolibonni hokimiyatdan ag‘darib, “al-Qoida” Afg‘oniston hududidan tayanch nuqtasi o‘laroq foydalangan holda AQShga hujum qilishi oldini olishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, urush Tolibon 1996 - yildan 2001 - yilgacha cho‘zilgan hukmronlik davridan ham yirik hududni qo‘lga kiritishi bilan yakunlandi.

1990‑yillarning ikkinchi yarmida Tolibon Afg‘oniston bo‘ylab shariatning keskin talqinini joriy qilgan edi. Shu sababdan butun dunyo keyingi oylarda jangarilar qanday yo‘l tutishini kuzatib boradi.

Minglab afg‘onlar allaqachon Tolibon repressiyalaridan qo‘rqib, Afg‘onistondan qochib ketdi. AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli, ammo tartibsiz havo evakuatsiyasi doirasida so‘nggi ikki hafta mobaynida Kobuldan 123 mingdan ortiq odam olib chiqib ketildi. Ammo urush davomida G‘arb davlatlariga yordam bergan o‘n minglab odam ortda qolgani aytilmoqda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken taxminlariga ko‘ra, taqriban 100 – 200 amerikalik Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lgan, ammo so‘nggi reyslarga ilina olmagan.

AQSh Markaziy qo‘mondonlik rahbari general Kennet Makkenzi Pentagonda o‘tkazilgan brifingda AQShning Afg‘onistondagi bosh diplomati Ross Uilson so‘nggi parvoz bilan mamlakatni tark etganini aytdi.

“Biz olib chiqishni xohlagan barcha odamimizni olib chiqib keta olmadik. Lekin, menimcha, agar biz yana 10 kun qolganimizda ham, hammani olib chiqa olmagan bo‘lardik”, dedi Makkenzi jurnalistlarga.

AQSh qo‘shinlari mamlakatni tark etish arafasida 70 dan ortiq samolyot va o‘nlab zirhli mashinani atayin yo‘q qilgan. Shuningdek, ular “Islomiy davlat” raketa hujumlari oldini olgan havo mudofaa tizimini o‘chirib qo‘ygan.

AQSh prezident Jo Bayden bayonot e’lon qilib, o‘zining AQSh kuchlarini olib chiqish uchun seshanba kuniga belgilangan muddatga rioya qilish qarorini himoya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon Afg‘onistonni tark etishni istaganlarni eson-omon qo‘yib yuborish majburiyatini bajarayotgani yoki yo‘qligini kuzatish uchun butun dunyo mas’ul bo‘ladi.

“Mana, bizning Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy faoliyatimiz o‘z yakuniga yetdi”, dedi Bayden.

AQSh prezidenti xavfli evakuatsiyani amalga oshirgan AQSh harbiylariga minnatdorchilik bildirdi. Bayden AQSh vaqti bilan seshanba kuni tushdan keyin Amerika xalqiga murojaat qilmoqchi.

Bayden Vashington 11 - sentabr xurujlarini amalga oshirgan “al-Qoida” guruhiga boshpana bergan Tolibonni hokimiyatdan ag‘darib, ancha oldin o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishganini ta’kidlab keladi.

Bayden Tolibon shu oy boshida chaqmoq tezligida hokimiyatni qo‘lga olishi ortidan Afg‘oniston bo‘yicha olib borgan siyosati uchun respublikachilar va ba’zi demokrat safdoshlarining keskin tanqidiga uchradi.

Senat Razvedka qo‘mitasining respublikachi a’zosi, senator Ben Sass AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishini “prezident Baydenning qo‘rqoqligi va qobiliyatsizligining bevosita natijasi” bo‘lgan “milliy sharmandalik” deb atadi.

Ammo demokrat senator Sheldon Uaytxaus “Twitter”da boshqacha fikr bildirdi:

“Diplomatlarimizga, harbiy va razvedka idoralarimizga tasanno. Bunday xavfli va alg‘ov-dalg‘ov vaziyatda 120 ming kishini olib chiqib ketish hech kim qila olmaydigan ish”.

Blinken agar Tolibon mamlakatdagi raqiblariga qarshi repressiya boshlamasa, Vashington yangi hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdi.

“Tolibon xalqaro legitimlik va dastakni qo‘lga kiritishga intilmoqda. Bizning pozitsiyamiz shuki, har qanday legitimlik va dastakni qozonishga to‘g‘ri keladi”, dedi u.

Tolibon urushdan vayron bo‘lgan iqtisodiyotni tashqi yordamsiz oyoqqa turg‘azishi kerak bo‘ladi. G‘arb dastaklagan sobiq hukumat milliardlab dollar qiymatga ega yordam olgan, natijada mamlakatda tizimli korrupsiya yuzaga kelgan edi.

BMT rasmiylari shaharlar tashqarisidagi aholi keskin qurg‘oqchilik tufayli “halokatli gumanitar vaziyat” yoqasida ekanini aytishmoqda.

Tolibonning Kobuldagi rasmiy vakili guruh odamlar islomiy hayot kechirishini va har qanday begona ta’sirlardan xalos bo‘lishini xohlashini aytgan.

“Madaniyatimiz zaharli bo‘lib qoldi, hamma joyda ruslar va amerikaliklarning ta’sirini ko‘ryapmiz, hatto yeyayotgan ovqatimizda ham. Buni odamlar tushunishi va tegishli o‘zgartirishlarni kiritishi kerak. Bu vaqt talab etadi, lekin bir kun kelib bo‘ladi”, degan u.

XS
SM
MD
LG