Sarayevoda tug‘ilgan kinorejissyor Yasmila Jbanichning Quo vadis, Aida? («Qayerga ketyapsan, Aida?») filmi eng yaxshi xalqaro film nominatsiyasi bo‘yicha «Oskar» mukofotiga nomzod etib ko‘rsatildi.
Filmda bosh rolni ijro etgan Yasna Jurichich ushbu yutuqni «butun mintaqani larzaga soladigan o‘zgacha lahza» deya ta’rifladi.
Film 1995 - yilda Bosniya serb kuchlari tomonidan 8 000 dan ziyod musulmon erkak va bola qirg‘in qilingan qatliom yoritilgan ilk to‘liq metrajli filmdir. 1995 - yilning iyulida Bosniyaning etnik serb kuchlari BMT neytral zonasini o‘rab olishi ortidan tashkilotning tinchlikparvar kuchlari hududni tark etgan, natijada serblar minglab musulmonni qirib tashlagan edi.
Filmda xayoliy BMT tarjimonining o‘z eri va bolalarini himoya qilish uchun kurashi haqida hikoya qilinadi.
Jurichich film «Bolqon yarim orolidagi eng katta yara» jamoatchilik, xususan, yoshlar xotirasidan ko‘tarilayotgan bir paytda «yarashishga» chorlashini aytib, uni olqishladi.
Jurichich Ozodlikning bolqon xizmatiga bergan intervyusida «barcha tomonlar» yarashishiga zamin yaratish uchun ko‘plab shunaqa film suratga olish zarurligi hamda Srebrenitsa singari tarixiy fojialarni inkor etish xavfi haqida gapirdi.
«Oskar» mukofotiga nomzodlikni qo‘lga kiritish Bosniya va Gertsegovina kinoijodkorlari uchun yirik xalqaro g‘alabadir. Sobiq Yugoslaviya respublikasining kino sanoati uzoq vaqtdan beri milliy bo‘linish va mablag‘ etishmovchiligi tufayli oqsab keladi. 46 yoshga to‘lgan rejissyor Jbanich filmning 5,4 million dollarlik byudjetini to‘plash uchun 10 ta mamlakatni jalb qilishga majbur bo‘ldi.
Srebrenitsa qatliomi Yevropada Ikkinchi jahon urushi, aniqrog‘i yahudiylar qirg‘ini – Holokostdan beri sodir etilgan eng yirik harbiy jinoyat hisoblanadi.
2007 - yilda Xalqaro adliya sudi Srebrenitsa qirg‘inini genotsid deb topgan.
2017 - yilda Gollandiya Oliy sudi mamlakat tinchlikparvar kuchlari BMTning xavfsiz zonasini tark etib, uni Bosniya serb kuchlari qo‘liga topshirishgani uchun fojiaga qisman javobgar ekani to‘g‘risida avvalroq chiqarilgan sud qarorini o‘z kuchida qoldirdi.
Filmda Jurichich Aida Selmanagich rolini o‘ynagan. Aida qo‘mondonlarning gaplariga qaramay, BMT hududni bo‘shatayotganini anglab yetadi va eri va o‘g‘illariga evakuatsiya avtomobillarida joy topishga harakat qiladi.
Jurichich Quo vadis, Aida? filmidan oldin 2010 - yilda Lokarno kinofestivali doirasida White White World («Oq Oq Dunyo») filmi uchun eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida g‘olib chiqib, xalqaro miqyosda shuhrat qozongan edi.
Aktrisa Quo vadis, Aida? filmining maqsadi bo‘linishni emas, balki «yarashishni» targ‘ib qilish ekanini aytdi.
Serbiyaning Ruma shahrida tug‘ilgan Jurichich Serbiyaning Novi Sad shahrida aktyorlikdan dars beradi. U o‘zini «Yugoslaviya farzandi» deb ataydi. 54 yoshga to‘lgan Jurichich 1990 - yillarda Yugoslaviya parchalanib ketganidan keyin sodir bo‘lgan Bolqon urushlarini yaxshi eslaydi.
Jurichich Ozodlik bilan suhbatda filmning kuchli jihatlaridan biri unda urush davomida odamlarning shaxsiy kurashlari va nafaqat Srebrenitsa qurbonlari onalarining, balki bolasini yo‘qotgan barcha onalarning azobi yoritib berilganida ekanini aytdi.
Quo vadis, Aida? filmi allaqachon chet tilidagi eng yaxshi film va eng yaxshi rejissyor nominatsiyalarida BAFTA sovrinlarini qo‘lga kiritdi.
Mintaqadagi ko‘plab etnik serblar, siyosiy va harbiy guruhlar Sobiq Yugoslaviya xalqaro jinoiy tribunal hamda Xalqaro adliya sudi tomonidan genotsid deb topilgan Srebrenitsa qirg‘ini haqidagi hisobotlarni rad etishda davom etib keladi.