Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:27

"SSSRga shon-sharaflar!" Mirziyoyev Qizil maydonda, Toshkentda "O‘lmas polk" tadbiri


Toshkentda 2019-yilda o‘tkazilgan "O‘lmas polk" yurishidan lavha (arxiv surati)
Toshkentda 2019-yilda o‘tkazilgan "O‘lmas polk" yurishidan lavha (arxiv surati)

O‘zbekiston poytaxtidagi “Birodarlik qabristoni” yodgorlik majmuasida 9-may kuni stixiyali yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Bu haqda “O‘lmas polk Toshkent” (“Bessmertniy polk Tashkent”) telegram-kanali ma’lumot tarqatdi.

“O‘lmas polk”chilar sovet davridan qolgan “Katyusha” va “G‘alaba kuni” (“Den Pobedi”) qo‘shiqlari jo‘rligida majmua hududi bo‘ylab yurib, Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lganlar xotirasi uchun gullar qo‘yishgan.

1945-yil mayida qozonilgan G‘alaba uchun urush qatnashchilariga minnatdorlik so‘zlari aytildi. G‘alabaga erishgan davlat — Sovet Ittifoqini hamda uning Qizil Armiya uchun moddiy baza yaratgan iqtisodiy va mafkuraviy tizimi — sotsializm-kommunizmni sharaflab, alohida shiorlar yangradi”, deyilgan xabarnomada.

Haqiqatan ham xabarnomaga ilova qilingan videolardan birida askarcha kiyingan notiqning “Sovet Ittifoqiga shon-sharaflar — ura-a-a-a!” deb hayqirgani, yig‘ilganlar esa uning “ura”siga jo‘r bo‘lishganini ko‘rish mumkin.

Notiq iddaosiga ko‘ra, fashistlar Germaniyasiga Yevropada hech kim qarshilik ko‘rsatolmagan. “Faqatgina sovet askari, o‘rtoq Stalin boshchiligidagi Sovet Ittifoqi, sovet xalqi, sotsializm-kommunizm natsizm-fashizm umurtqasini sindira oldi”, deya iddao qilgan u. O‘z so‘zi so‘ngida notiq tadbir tashkilotchisi Timur Ismailovga alohida tashakkurlar izhor qilgan.

Bu yil postsovet o‘lkalarining aksariyatida, hatto o‘zini SSSRning bosh vorisi ekanini da’vo qilib, unga oid har qanaqa atributni o‘z propaganda vositasiga aylantirib olgan Rossiyada ham “O‘lmas polk” yurishi bekor qilingan. O‘zbekistonda “O‘lmas polk” tadbiriga ruxsat berilgani haqida biror-bir rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonda 9-may rasman Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonalanadi. Marhum prezident Islom Karimov davrida ikkinchi jahon urushi borasida Rossiyaning talqini va sovet davri ramzlaridan uzoqlashish kuzatilgan, ammo Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, ayrim sovet ramzlarini qaytardi. 9-may tadbirlari Mustaqillik maydonidagi Motamsaro ona majmuasidan Mirziyoyevning o‘zi ochib bergan G‘alaba bog‘iga ko‘chirildi va ko‘tarinki ruh kasb etdi.

Rasman ruxsat berilmagan bo‘lsa-da, bundan ruhlangan ayrim jamoalar ushbu sanani aynan Moskva yoki Rossiyaning boshqa shaharlaridagi kabi nishonlashga urinayotgani kuzatiladi. Bu tadbirlarda Rossiya elchixonasi va uning propaganda bilan shug‘ullanuvchi Rossotrudnichestvo tashkiloti rasmiylarini ham ko‘rish mumkin.

O‘tgan yillarda O‘zbekistonda “O‘lmas polk” yig‘ini va marshlari jamoatchilikning qattiq noroziligi ostida taqiqlangan edi. Tashkilotchilarga ko‘ra, yurishga bu yil ham ruxsat berilmagan, ammo tadbir ishtirokchilarining stixiyali ravishda yig‘ilib, marosimni o‘tkazishiga qarshilik ham ko‘rsatilgan emas.

Bundan tashqari, bu yil 9-may kuni mamlakatning turli nuqtalarida katta-kichik harbiy paradlar, harbiy orkestrlar ijrosi, harbiy kiyim kiygan katta-kichikning ko‘chalardagi yurishi yanada kengroq ko‘lam kasb etdi.

Bu yil ham jamoatchilik tomonidan "Georgiy lentalariga taqlid" deya tanqid qilingan O‘zbekiston bayrog‘i nusxasidagi ko‘krak nishonlari bolalar va yoshlarga ulashildi.

Shunindek, Toshkentning qator nuqtalarida harbiy paradlar bo‘lib o‘tdi. Farg‘onada esa viloyat hokimi Xayrullo Bozorov o‘z mulozimlari bilan birga “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mushakbozlik tashkil etiladi.

9-may kuni Moskvaga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning qolgan to‘rt davlati rahbarlari bilan birga Qizil maydondagi harbiy paradda ishtirok etdi.

Qasim-Jomart Toqayev va Shavkat Mirziyoyev Kremldagi G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirda.
Qasim-Jomart Toqayev va Shavkat Mirziyoyev Kremldagi G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirda.

Dunyoning aksar mamlakatlari natsizm ustidan G‘alaba kunini 8-mayda nishonlaydi, 1945-yilning ayni sanasida Germaniya taslim bo‘lgani e’lon qilingan edi.

SSSRda esa g‘alaba haqida 9-may kuni e’lon qilingan. G‘alaba kuni 1965-yildan boshlab dam olish kuni hisoblanadi. Sovet davrida 9-may paradlari ahyon-ahyonda o‘tkazilar edi, har yili parad qilish esa Putindan oldingi prezident Boris Yelsin tomonidan joriy qilingan postsovet an’anadir.

Putin boshqaruvi yillarida davlat propagandasi G‘alaba kunining mafkuraviy mazmunini tubdan o‘zgartirib, hukumat G‘arb bilan ziddiyatini, keyinroq esa Ukrainadagi urushni oqlashda undan foydalana boshladi.

XS
SM
MD
LG