Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:51

Sud Navalniyni 3,5 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Bu uning birinchi haqiqiy qamoq muddati (VIDEO)


Aleksey Navalniy Moskvaning Simonov tuman sudidagi mahkama jarayonida - 2 - fevral, 2021
Aleksey Navalniy Moskvaning Simonov tuman sudidagi mahkama jarayonida - 2 - fevral, 2021

Moskvaning Simonov tuman sudi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni 3,5 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. U jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydi.

Moskva shahar sudi binosida o‘tgan mahkama jarayonida Navalniyga nisbatan 2014 - yilda chiqarilgan shartli qamoq muddatini haqiqiysiga almashtirish masalasi ko‘rilgan.

Da’vogar - Federal jazoni ijro etish xizmati Aleksey Navalniy xorijdalik vaqti qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo shartlarini buzgan, deb hisoblaydi.

Navalniy 2014 - yilda bir muddat uy qamog‘ida bo‘lgani uchun u ayni hukm bo‘yicha 3 yildan kamroq qamoqda qolishi kutiladi. Bu Navalniyning birinchi haqiqiy qamoq muddatidir.

Sud Navalniy shartli jazo munosabati bilan o‘ziga qo‘yilgan majburiyatlarni bajarmagan, deb topgan.

So‘z Navalniyga nisbatan 2014 - yilda chiqarilgan hukm haqida bormoqda. "Iv Roshe ishi" deb bilingan jinoyat ishi bo‘yicha Aleksey Navalniyga shartli jazo belgilangan edi. 2 - fevral kungi mahkamada Navalniy shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijdalik payti sinov muddati shartlarini buzganlikda ayblangan.

17 - yanvarda Germaniyadan davolanib Moskvaga qaytishi bilanoq qo‘lga olingan Aleksey Navalniy “Matrosskaya tishina” qamoqxonasida saqlanayotgan edi.

Mahkama jarayoni arafasida Rossiya bo‘ylab Navalniyni ozod etish talablari bilan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

31 - yanvar kungi namoyishlarda 5 mingdan ortiq odam hibsga olingan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Navalniyni ozod qilishga chaqirgan va uni ozod etish talabi bilan ko‘chalarga chiqqan namoyishchilarga qarshi nomutanosib kuch ishlatilishini qoralagan. Vashington va Bryussel Rossiyaga qarshi jazo choralarini muhokama qilmoqda.

Avvalroq Navalniy mahkamada so‘nggi so‘zini irod qilgan va unda yana bir bor o‘zining o‘tgan yil avgustida zaharlanishi uchun Putin mas’ul ekanini ta’kidlagan. U Putin tarixga zaharlovchi sifatida kiradi, deb aytgan.

Suddagi so‘ng so‘z

“Meni yaxshi eshityapsizmi? Men o‘zim muhim deb hisoblagan va bu jarayonda bir oz chetga surilgan huquqiy masalani muhokama qilishdan boshlamoqchi edim. Buning barchasi bir oz g‘alatiroq. Mana ikki odam o‘tiribdi va ulardan biri: kelinglar, Navalniyni qamaylik, chunki u dushanba kuni emas, payshanba kuni (ruyxatdan o‘tgani) kelar edi, demoqda. Ikkinchisi esa: kelinglar, Navalniyni komadan chiqqanidan keyin nazorat tartibida ro‘yxatdan o‘tishga kelmagani uchun qamaylik, deyapti.

Ammo men, hammaning e’tiborini, matbuot e’tiborini, barcha odamlar e’tiborini qaratish maqsadida, mana shu xonada mavjud uncha katta bo‘lmagan bir fil haqida gapirmoqchiman, ishning mohiyati men aybsiz deb topilgan va soxtalashtirilgan deb tan olingan jinoyat bo‘yicha meni qamashdan iboratdir.

Yevropa sudi oq qog‘ozga qora siyoh bilan yozilganday aniq qaror qildiki, jinoyat ishida hatto jinoyat alomatlari yo‘q, ish to‘liq soxtalashtirilgan. Bundan tashqari Rossiya Federatsiyasi bu qarorni qisman tan oldi va menga xatto tovon puli to‘lab berdi. Shunga qaramay, mening ukam bu ish yuzasidan bir yil uy qamog‘ida o‘tirdi. Bu ish yuzasidan mening sinov muddatim yakunlanayotgan bir paytda meni hibsga olishdi va advokatlar ishtirokisiz Simonov sudiga olib kelishib, sinov muddatini bir yilga uzaytirishdi.

Mana 2021 - yil kirib keldi, meni esa hamon mazkur ish bo‘yicha sudlashda davom etishmoqda. Davlat meni manyakcha o‘jarlik bilan bu ish bo‘yicha qamashni talab qilmoqda.

Kimdir, men bu mamlakatga qaytganimdan so‘ng, bir qadam ham bosa olmay qamalishimni juda xohlaydi. Men bir qadam ham bosmadim. Buning sababi- bunkerda yashayotgan bir odamning nafrati va qo‘rquvidir.

Shu joyda prokuror Frolova suddan Navalniyga ogohlantirish berilishini talab qiladi. Navalniy unga “Menga sizning ogohlantirishingiz kerak emas”, deb qichqiradi.

Navalniy o‘z so‘zini davom ettiradi:

“Men uchuvchilarning va vrachlarning fidokorligi tufayli tirik qolganim oqibatida (kimnidir) qattiq g‘azablantirdim. Bundan tashqari, men tirik qoldim va yashirinmadim. Shundan so‘ng eng dahshatlisi sodir bo‘ldi: tirik qoldim, yashirinmadim va o‘zimning zaharlanishim yuzasidan o‘tkazilgan tergovda ishtirok etdim.

Biz bu suiqasd ortida aynan Putin va xavfsizlik xizmati turganini isbotladik. Va aynan mana shu holatning oshkor bo‘lgani bu kichkina odamni aqldan ozdirmoqda.

Hamma ishonch hosil qildiki, u tasodifan prezidentlikka o‘tirg‘izib qo‘yilgan va hech qachon debatlarda ishtirok etmagan mayda chinovnik xolos. Uning yagona kurashish vositasi – odamlarni o‘ldirishga harakat qilish.

U tarixda zaharlovchi sifatida qoladi. Mana, siz bilasiz, Yaroslav Mudriy (Donishmand) yoki Aleksandr Osvoboditel (Ozod qiluvchi) bo‘lgan, u esa – Vladimir Otravitel (Zaharlovchi).

Moskvaning yarmi o‘rab olingan, chunki bunkerdagi kichkina odam aqldan ozmoqda. Bu jarayonda muhimi uning nima bilan yakunlanishi emas -meni qamash qiyin ishmas. Muhimi – ko‘plab odamlarni qo‘rqitib qo‘yish. Millionlab odamni qo‘rqitish uchun bir kishini qamash.

Bizda 20 million odam hech qanday istiqbolsiz qashshoqlik chegarasidan tashqarida yashamoqda. Moskvada yashash yaxshiroq, lekin Moskvadan chetga chiqib ko‘ring. Mamlakatimiz 20 ming rubldan daromad topib qashshoqlikda yashamoqda. Men aytmoqchi bo‘lgan muhim gap shuki, umid qilaman, bu jarayonni odamlar “ko‘proq qo‘rqishimiz kerak ekan”, deb qabul qilmaydilar – bu ojizlik namoyishidir. Ular buni tushunsalar, hammasi o‘z o‘rniga tushadi.

Navalniy so‘zini sudya bo‘lab qo‘yadi: “Keling, Federal jazoni ijro etish xizmati da’vosiga qaytaylik. Siz bu da’vo haqida hech narsa aytmadingiz, siz siyosat haqida gapiryapsiz”.

Navalniy: " Men nima gapirayotgan bo‘lsam, bu sizlar uyushtirgan da’vo tomoshasiga javobdir va bu mening bu tomoshaga munosabatimdir”.

Sudya: "Aleksey, biz mitingda emasmiz, da’voga qaytaylik".

Navalniy: "Men o‘z munosabatimni bildiryapman, menda boshqacha munosabat yo‘q, iltimosim, meni oxirigacha tinglang”.

Aleksey Navalniy o‘z so‘zini mana bunday yakunladi:

“Har bir odamning burchi sizlarga va bunday qonunlarga bo‘ysunmaslikdir. Men ichki ishtonlarni kimyoviy qurol bilan surtishni yaxshi ko‘rgan odamlarning to‘liq nazorati ostiga tushib qolganimga qaramay, qarshi harakat qilishda davom etaman va bu ishga bor imkoniyatimni sarflayman.

Men qonun tantana qilishi uchun bor kuchimni sarflayman va ko‘chaga chiqishdan qo‘rqmagan barcha halol odamlarni olqishlayman, chunki ularning ham huddi siz kabi haqlari bor! Biz ham huddi siz kabi fuqaromiz va adolatli sudlovni, adolatli saylovlarni talab qilamiz. Rossiyada hozir ko‘p yaxshi narsalar bor, ulardan eng yaxshisi - hech narsadan qo‘rqmaydigan, amaliga qaramay ko‘zlarini yerga qadamaydigan va mamlakatimizni uzumzoru akvadiskotekalarga almashtirishga qaror qilgan mansabdorlarga berib qo‘ymaydigan odamlarimizdir. Men bu da’voni tan olmayman va o‘zimning zudlikda ozod qilinishimni talab etaman”.

Xavfsizlik choralari

Sud boshlanishi arafasida Moskva politsiyasi sud binosi atrofidagi qator ko‘chalar harakatlanish uchun to‘sib qo‘yilishini bildirdi. Navalniy shtabi aholini sud binosiga kelish va muxolifatchi himoyasiga namoyish o‘tkazishga chaqirdi.

Xabarlarda bildirilishicha, Moskva shahar sudi binosi politsiyachilar tomonidan kuchaytirilgan tartibda himoya qilinmoqda.

Politsiya sud binosiga kelayotgan odamlarni qo‘lga olgani ham xabar qilindi. Shu soatgacha yuzdan ortiq kishi qo‘lga olingan. Ayrim xabarlarda aytilishicha, sud binosiga yaqin metro bekatidan chiqaverishda OMON hujjatlarni tekshirmoqda. Bu yerda kamida 20 kishi qo‘lga olingani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG