Линклар

Шошилинч хабар
01 март 2025, Тошкент вақти: 03:36

Surishtiruv: Vengriya Alisher Usmonovdan YI sanksiyalarini olib tashlashga urinmoqda


Alisher Usmonov
Alisher Usmonov

Budapesht, agar Yevropa Ittifoqi qator shaxslarni sanksiya solinganlar ro‘yxatidan o‘chirmasa, ularning muddati uzaytirilishiga veto qo‘ymoqchi, deya xabar qildi Reuters. Agentlik Vengriya hukumati nazarda tutgan shaxslar ismlarini keltirmagan.

Vaziyatdan xabardor Yevroittifoq mulozimi Budapesht shunday talab qo‘yayotganini tasdiqladi. Ozodlik radiosining diplomatik doiralardagi yuqori martabali manbasi esa ma’lumotni tasdiqlash barobarida, bu shaxslar ismlarini ham ochiqladi. Ozodlik rus xizmati va "Nastoyashcheye Vremya"ning qo‘shma loyihasi bo‘lgan “Sistema” – Vengriya aynan kimlarni sanksiyalardan himoya qilmoqchi bo‘layotganini aniqlagan.

Demak, ro‘yxatda quyidagi shaxslar bor:

Alisher Usmonov – Rossiyaning eng badavlat tadbirkorlaridan biri. 2022-yil 28-fevraldan beri Yevroittifoq “qora ro‘yxati”da qolmoqda, sanksiyalar asosnomasida u “Kremlparast oligarx”, “Vladimir Putinning sevimli oligarxlaridan biri” va “prezident Putinni pana qilib turadigan va uning biznes bilan bog‘liq muammolarini hal qiladigan odam” deya ta’riflangan edi.

“Нега Ўзбекистон санкциядаги олигарх Усмонов ҳимоясига киришди?”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:37 0:00

Gulbahor Ismoilova – Usmonovning singlisi, muhtamalan, uning chet eldagi aktivlaridan bir qismiga egalik qiladi, ayni sababga ko‘ra YI 2022-yil 8-aprelda unga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan.

Mixail Fridman – “Alfa-Bank” hammuassisi va yirik investor. Uning moliya guruhi cheklovlar joriy etilgunicha YI mamlakatlarida faol ishlagan. 2022-yil 28-fevralda Mixail Fridman va uning hamkori Pyotr Avenga qarshi sanksiyalar joriy etilgani ular “iqtisodiyotning Rossiya hukumatiga katta daromad keltiruvchi muhim tarmoqlarida ishtirok etayotgani” bilan izohlangan.

Pyotr Aven – “Alfa-Bank”ning yana bir hammuassisi. 2022-yil 28-fevralda YI sanksiyalariga uchragan.

Dmitriy Mazepin – “Uralxim” xoldingi mulkdorlaridan biri, Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlangan 2022-yil 24-fevral kuni u Putinning yirik tadbirkorlar bilanuchrashuvida qatnashgan. O‘sha yil martidan beri YI sanksiyalari ostida qolmoqda.

Vyacheslav Moshe Kantor – tadbirkor, Yevropa yahudiylari kongressi rahbari. Unga nisbatan YI sanksiyalari 2022-yil 8 apreldan beri amal qiladi, sanksiya qarori asosnomasida u “prezident Putinga yaqin rus oligarxi” deb atalgan.

Musa Bajayev – “Alyans” guruhi rahbari va neft korchaloni, 2022-yil aprelda sanksiyalarga uchragan. YI ma’lumotiga ko‘ra, u o‘z biznes tuzilmalari orqali Rossiya iqtisodiyotining strategik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Sanab o‘tilgan tadbirkorlarning barchasi sanksiyalar ustidan YI sudlariga shikoyat qilgan, ammo da’volari rad qilingan.

Mixail Degtyaryov – Rossiya sport vaziri. Duma deputati bo‘lgan vaqtida Moskvada “DXR” elchixonasi ochilishini e’lon qilishi ortidan 2014-yil 25-iyulda YI sanksiyalariga duchor bo‘lgan.

Алишер Усмонов Путинга “яқин эмас”лигини исботлай оладими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:43 0:00

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxati muntazam qayta ko‘riladi va 27 a’zo mamlakat bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi bilan uzaytiriladi. Vengriya oldin ham Yevropa sanksiyalariga nisbatan veto qo‘yish bilan po‘pisa qilib, shu orqali Bryusselning bir oz yon berishiga erishgan.

Vengriya hukumati rahbari Viktor Orban sanksiyalar go‘yoki Rossiyadan ko‘ra YIning o‘ziga ko‘proq zarar keltirayotganini iddao qiladi. Rasmiy Bryussel esa sanksiyalar masalasida yakdillik bo‘lmasa, Yevroittifoq Moskvaga bosim o‘tkazuvchi eng muhim qurolidan ayrilishini ta’kidlaydi.

“Sistema” loyihasi tilga olingan shaxslar va ularning vakillariga, shuningdek, Vengriya tashqi ishlar vazirligiga so‘rovlar yo‘llagan, biroq hozircha hech biridan javob olmagan.

XS
SM
MD
LG