Линклар

Шошилинч хабар
30 март 2025, Тошкент вақти: 21:57

Suriyada nimalar bo‘lmoqda?


Damashqda tinch aholi vakillarining o‘ldirilishiga qarshi norozilik. 9-mart, 2025
Damashqda tinch aholi vakillarining o‘ldirilishiga qarshi norozilik. 9-mart, 2025

Suriya Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan beri eng yomon zo‘ravonliklarga sahna bo‘lmoqda. Sohil bo‘yidagi Latakiya viloyatida hukumat kuchlari va Asad tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Yangi hukumat mamlakatda nazoratni o‘rnatishga urinayotgan bir paytda, tahlilchilar mazhabiy ziddiyat, iqtisodiy tanglik va barqarorlikka tahdidlar kuchayib borayotganidan ogohlantirmoqda.

Suriya Eron va Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lgan Bashar Asad hukumati qulaganidan beri eng kuchli zo‘ravonlik to‘lqinini boshdan kechirmoqda. Asad oilasining 50 yillik hukmronligi 2024-yil dekabrda yakun topgan edi.

6-mart kuni Suriyaning Latakiya sohilbo‘yi viloyatida Asad tarafdorlari va Suriyaning yangi hukumati xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Yangi hukumatni isyonchilar yetakchisi, muvaqqat prezident Ahmad ash-Sharaa boshqarmoqda.

Tahlilchilar fikricha, janglar Sharaaning Asaddan keyingi Suriyada nazoratni saqlab qolish uchun kurashayotganini ko‘rsatadi. Bu esa Eron, Isroil va hatto "Islom davlati" (ID) ekstremistlarini quvontirmoqda.

Сурияда Асад режими қулади, унинг ўзи қочди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:18 0:00

Nyu-Yorkdagi Soufan Group razvedka konsalting kompaniyasining siyosat va tadqiqotlar bo‘yicha direktori Kolin Klarkning aytishicha, Latakiyada sodir bo‘layotgan voqealar har qanday mojaroli vaziyatdan keyingi sharoitda "muqarrar oqibat" hisoblanadi.

"Suriya 13 yil davomida fuqarolar urushi girdobida qoldi. Bunday holatlarda deyarli har doim qasos olish qotilliklari va zo‘ravon mazhabiy ziddiyatlar kuzatiladi," dedi u.

Buyuk Britaniyada joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha Suriya kuzatuv markazi 8-mart kuni to‘qnashuvlarda Suriya "xavfsizlik kuchlari va ittifoqchi guruhlar" tomonidan amalga oshirilgan "dala qatllari"da halok bo‘lgan alaviy ozchilikka mansub 340 nafar tinch aholini aniqlaganini ma’lum qildi.

Xoms, Latakiya va Tartusda davom etayotgan janglar tufayli komendantlik soati joriy etildi. Latakiya hokimi viloyatda elektr ta’minoti butunlay uzilganini ma’lum qildi.

SANA rasmiy axborot agentligi Ichki ishlar vazirligidagi manbasiga tayanib, "alohida qoidabuzarliklar" sodir bo‘lganini tan oldi va hukumat ularga chek qo‘yishini va’da qildi.

7-mart kuni Sharaa zo‘ravonlik haqidagi dastlabki bayonotida Asad hukumatining "qoldiqlari" "yangi Suriyani sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘lganini" aytdi va ularni sudga tortishga va’da berdi.

U o‘z kuchlari tinch aholini o‘ldirgani haqidagi ayblovlarga javob bermadi, biroq qurolli kuchlarni "tinch aholini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlashga sodiqligi" uchun maqtadi.

Tartibsizlikni Eron boshladimi?

Janglar Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Eronni Suriya yangi hukumatiga qarshi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan qaytarganidan bir hafta o‘tgach boshlandi. Turkiya Sharaa boshqaruvining asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi hisoblanadi.

Fidan bunday qilish "to‘g‘ri bo‘lmasligi" haqida ogohlantirdi va bu kabi harakat "boshqa davlat ham sizga xuddi shunday munosabatda bo‘lishiga" olib kelishi mumkinligini aytdi.

Anqara qo‘llab-quvvatlagan guruhlarning Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSH) guruhi Asadga qarshi boshlagan hujumga qo‘shilganini ko‘rgan Sharaa, Damashqda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri ko‘plab xorijiy delegatsiyalarni qabul qildi. Biroq u Eronni chetga surib, uning raqiblari Turkiya va Saudiya Arabistoni, shuningdek, G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirmoqda.

Eron qo‘llaydigan guruhlar va shia jangarilari bo‘yicha mutaxassis Filipp Smit Tehronning yangi zo‘ravonlik to‘lqiniga aloqadorligini ko‘rsatuvchi "ko‘plab dalillar" borligini ta’kidladi.

Eron rahbarlari, jumladan, Oliy rahbar oyatulloh Ali Xomanaiy Asad qulaganidan keyin suriyaliklar Shar’a hukmronligiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishini aytgan edi.

Smitning fikricha, Tehron "bu voqealar boshlanganidan mamnun," chunki Eron Asaddek asosiy ittifoqchisini yo‘qotgan bo‘lsa-da, "katta tartibsizliklar keltirib chiqara olishi" ma’lum bo‘ldi.

"Tehron uchun yaxshi tomoni shundaki, HTSH jangarilari inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yishlarini namoyish etishdi. Eron ana shunday me’yordan ortiq reaksiyani istagan edi," deya qo‘shimcha qildi u.

Ba’zi kuzatuvchilar, shuningdek, Tehron nafaqat Sharaaga, balki Turkiyaning o‘sib borayotgan ta’siriga qarshi chiqish uchun kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlarini (SDK) qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ta’kidlashdi.

Asad hukmronligi ostidagi Suriya Eronning Shomga strategik quruqlik yo‘lagida hal qiluvchi rol o‘ynagan edi. Ushbu yo‘lak Eronning mintaqaviy ta’siri uchun muhim bo‘lib, uning davlat va nodavlat subyektlari tarmog‘ining moddiy-texnik ta’minoti uchun asos bo‘lgan.

G‘alayonlardan yana kim foyda ko‘radi?

Isyonchilar hokimiyatni egallab olganidan beri yangi hukumat ko‘plab xavfsizlik muammolariga duch kelmoqda.

Alaviylar jamoasiga mansub Asadga sodiq kuchlar vaqti-vaqti bilan yangi hukumat xavfsizlik kuchlariga hujum qilib turibdi, ID esa mamlakatning turli hududlarida faolligini saqlab qolmoqda.

Shu bilan birga, Isroil kuchlari Suriya janubida o‘z nazorat hududini kengaytirdi. Xabarlarga ko‘ra, ular poytaxtdan taxminan 20 kilometr masofada joylashgan. Isroil harbiy obyektlarni nishonga olmoqda va Suriya janubini qurolsizlantirishni talab qilmoqda.

"ISHID hujum uchun qulay fursat kutmoqda. Isroil ham vaziyatdan foydalanib, Suriya janubida yanada ko‘proq hujumlar uyushtiradi," deydi Klark.

"Sharaa haqiqatan ham nazoratni saqlab qolishda qiyinchilikka duch kelmoqda, ammo bu kutilgan holat edi," deya qo‘shimcha qildi u.

XS
SM
MD
LG