Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:07

Suriyadagi voqealarni yoritayotgan o‘zbekistonlik qidiruvga berildi


O‘zbekistonda qidiruvga berilgan Xudoyor Nuriddinov (videodan skrinshot)
O‘zbekistonda qidiruvga berilgan Xudoyor Nuriddinov (videodan skrinshot)

Ayni vaqtda Suriyadagi urushda qatnashib, ijtimoiy tarmoqlarda “Abu Valid” taxallusi bilan videotasvirlar joylab borayotgan o‘zbekistonlik Xudoyor Nuriddinovga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumot tarqatdi.

X. Nuriddinov 2016-yilda Rossiyaga mehnat muhojiri sifatida borib, u yerda xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib, Suriyaning Idlib shahriga ketgan. U yerdan turib olib borgan targ‘ibot ishlari oqibatida bir qancha yurtdoshlarimiz janglarda ishtirok etib halok bo‘lgan. Ayni vaqtda X. Nuriddinov ijtimoiy tarmoqlar va YouTube videoxostingi orqali o‘zining jinoiy qilmishlariga diniy tus berib, jihodga chorlovlarni davom ettirmoqda”, deyilgan IIV xabarnomasida.

1994-yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan mazkur fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish yoki harakatlanish), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish) va 244-2-moddasi (taqiqlangan tashkilotlar tuzish hamda ularga rahbarlik qilish, ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV u yuritayotgan sahifalar O‘zbekiston hududida taqiqlangani, ularni saqlash, olib yurish va tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirgan.

O‘tgan hafta huquq idoralari Suriyadagi qurolli harakatlarda ishtirok etayotgan boshqa bir O‘zbekiston fuqarosi Davlat Tillaberdiyevga nisbatan terrorizm va ekstremizm bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini bildirgandi.

XS
SM
MD
LG