Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:53

Tadbirkorlar Toshkent ko‘chalaridagi bannerlar orqali prezidentga murojaat qilishdi (FOTO)


Toshkent ko‘chalaridagi tadbirkorlarning prezidentga murojaati.
Toshkent ko‘chalaridagi tadbirkorlarning prezidentga murojaati.

Toshkentlik tadbirkorlar reklama bannerlari orqali O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilishdi.

O‘zlariga tahdidlar bo‘layotganini gapirayotgan reklama agentliklari xodimlari shaharda banner reklamasi biznesini yo‘q qilishni to‘xtatishni so‘rashmoqda.

19 - may kuni Toshkentning markaziy ko‘chalarida joylashgan qator reklama bannerlarida quyidagi mazmunda yozuvlar paydo bo‘ldi:

Ushbu reklama qurilmasi FAQAT SUD QARORI asosida demontaj qilinishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 20-fevraldagi 104 sonli qarori. Hurmatli PREZIDENTIMIZ, bizga yordam bering!!!”

Biznesmenlar adolatli sud talab qilmoqda
Biznesmenlar adolatli sud talab qilmoqda

Hozirda poytaxt ko‘chalarida shunday murojaatlardan 15 tachasi osilgani aytilmoqda.

Toshkent shahri ko‘chalarida ko‘rgazma reklamasi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar shu yo‘sin O‘zbekiston prezidenti e’tiborini o‘z muammolariga jalb etishga qaror qilishgan.

Ozodlik bannerlar mojarosi shu yilning aprel oyida boshlanib hozirga qadar poytaxtning bir nechta tumanida 500 dan ziyod reklama bannerlari buzib tashlanganini aniqladi.

Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan bu haqda ma’lumot bergan reklama biznesi ishchilaridan biri reklama ustunlarini qulatish bilan mahalliy hokimiyat xodimlari shug‘ullanayotganini aytdi.

- Bannerlarni buzish 8 - apreldan boshlanib, hozirgacha davom etmoqda - kuniga 20-30ta bannerni yo‘q qilishmoqda. O‘tgan yilgi Vazirlar Mahkamasining reklama bozorini tartibga soluvchi 104-sonli qarori mavjudligiga qaramasdan, moslamalar demontaji sud qarorisiz davom etmoqda. Bizning deyarli hamma joyga yuborilgan murojaatlarimiz javobsiz qolmoqda. Shu sababli reklama bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar shunday aksiyani boshlab, prezident e’tiborini o‘ziga qaratmoqchi. Hokimiyatlar noqonuniy tarzda o‘z puliga texnika yollab kechasi bilan bannerlarni buzmoqda, - dedi suhbatdosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zlarini mahalliy hokimiyat vakillari deb tanishtirayotgan shaxslar hech qanday qog‘oz-hujjatsiz amal qilmoqda. Ishchi bannerlarni buzish ishlari bilan hozircha bir nechta tuman hokimligi faol shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi.

- Birinchi bo‘lib buzishni Mirzo Ulug‘bek tumani boshladi, chunki u prezident trassasi boshida. Keyin prezident trassasi bo‘ylab Yakkasaroy, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari ketdi. Mana endi, Olmazor tumani boshladi. Tadbirkorlarni odam o‘rnida ko‘rishmayapti! Biz hujjatlarni ko‘tarib, kechalari bannerlar tagida turib, uni qo‘riqlashga majburmiz. Bu aksiya - rahbariyat e’tiborini bo‘layotgan nohaqlikka qaratishning yagona usuli bo‘lib qolmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida 400-dan ziyod shirkat reklama ishlari bilan shug‘ullanadi, har bir shirkatda kamida 10ta fuqaro ishlab keladi.

O‘zbekiston Reklama agentliklari uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent ko‘chalarida 3000 dan ziyod reklama banneri bor.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir reklama biznesi vakili bu bannerlar jami 200 dan ortiq tadbirkorga tegishliligi, biroq reklama biznesiga yuzlab boshqa firmalar ham jalb etilganini aytdi. Uning aytishicha, oldingi yillarda Toshkent hokimiyati sudlar orqali bannerlarni olib tashlashga samarasiz uringani, zero 80-90 foiz tortishuvlar sudlar tomonidan tadbirkorlar foydasiga hal etilgan.

Toshkentlik reklama agentligi xodimi ularga "niqoblilar" va davlat idoralari xodimlari tomonidan ochiqchasiga tahdidlar bo‘layotganini ham aytdi.

- Rahbarlarimizga ochiqchasiga “Ozodlik bilan bog‘lanib o‘tirmanglar - hamma reklamangizni kesib chiqamiz”, deb tahdid qilishibdi. Bilmadim, nega qo‘rqishyapti Ozodlikdan. Biror mamlakat reklamasiz yashamaydi. Yaqinda bizning buzilgan bannerlarimiz o‘rnida biror monopolchining LED televizorlari paydo bo‘lsa, ajablanmayman. Bizga “Sizning konstruksiyangiz endi noqonuniy!”, deyishyapti va ekskavatorlar bilan buzishyapti. Buni kimga kerakligini taxmin qilishgayam ikkilanib turibman: mumkin shahar hokimiga, mumkin haqiqatan prezident ko‘ziga yomon ko‘ringandir. Bundan xulosa - birinchi yoki ikkinchi shaxs tomonidan og‘zaki buyruq berilgan bo‘lishi mumkin. Chunki hokimiyatdagilar “Reklama ustunlarini qulatishni prezidentning o‘zi shaxsan buyruq bergan!”, deyishyapti. Bunga ishongim yo‘q - nahot prezident shu mayda-chuydalar bilan shug‘ullanib o‘tirsa?!, - dedi reklamachi yigit.

Tadbirkorlar aksiyasidan bir kun o‘tar-o‘tmas, ayrim plakatlar mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan olib tashlandi.

Bannerlar bir kun davomida hokimiyat buyrug‘i bilan olib tashlandi.
Bannerlar bir kun davomida hokimiyat buyrug‘i bilan olib tashlandi.

"Biz ataylab prezident o‘tadigan yo‘lga joylashtiruvdik, shahar hokimi o‘rinbosari Sardor Abdullaev buyrug‘i bilan plakatlar olib tashlandi. Endi prezident emas, xalk yuradigan yo‘llarga joylashtiryapmiz", - deb yozdi norozilardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan aksiya tashabbuschilari o‘z talablarini quyidagicha ifoda qilishdi:

- Biz hukumatdan hokimiyatlar reklama sohasidagi tadbirkorlarni yig‘ib, rasmiy tarzda “U yoki bu bannerlarni olib tashlashga mana shuncha muddat, sababi - mana shunaqa!” tushuntirish berishlarini xohlaymiz.

- Buzilgan bannerlar o‘rniga joy egalariga o‘zlariga qonunga muvofiq o‘zpulimizga LED-ekranlar o‘rnatishga ruxsat berishsin.

- Hokimiyat savollarimizga javob bersin va biz bilan doimo aloqada bo‘lsin.

- Barcha masalalar huquq doirasida hal etilishini talab qilamiz.

Toshkent yo‘llaridan reklama bannerlari 8 - apreldan beri olib tashlanmoqda
Toshkent yo‘llaridan reklama bannerlari 8 - apreldan beri olib tashlanmoqda

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi vakili Ozodlik so‘roviga bu masalada izoh bermasliklari, Yakkasaroy tuman hokimligi esa bannerlar masalasida hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini aytishdi.

Tadbirkorlarning aytishicha, muammoga biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov o‘z etiborini qaratgan va u O‘zbekiston poytaxtida 50 foizga reklama bannerlari yetishmovchiligi mavjudligini gapirgan.

Dilmurod Qosimov mazkur muammo ustida biznes vakillari, Monopoliyaga qarshi qo‘mita va boshqa jamoatchilik tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilayotganini bildirgan.

Bundan oldinroq Monopoliyaga qarshi qo‘mita Toshkentdagi reklama shitlarining yarmisi “noqonuniy o‘rnatilgani” to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Qo‘mita rasmiy xabarida aytilishicha, hukumat qaroriga binoan birinchi darajali markaziy ko‘chalarda 2020 - yilning 31 - dekabrigacha, ikkinchi darajali markaziy ko‘chalarga esa 2021 - yilning 31 - dekabrigacha “yuqori texnologik qurilmalar”, ya’ni reklama monitorlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Ozodlik Toshkent shahar ko‘chalarida o‘rnatilgan yuzlab reklama banneri shu yilning 8-dan 9ga o‘tar kechasi olib tashlangani to‘g‘risida xabar qilgandi.

XS
SM
MD
LG