Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:34

Tahlil: AQShning Afg‘onistondagi urushi qachon batamom tugaydi?


AQShning so‘nggi harbiylari Afg‘onistonni tark etishga hozirlik ko‘rmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Bu urush qachon tamomila tugaydi?

Afg‘onlar uchun javob aniq: yaqin orada emas. Jasorati oshgan Tolibon jang maydonida yutuqlarga erishmoqda va Kobuldagi hukumat bilan tinchlik muzokaralari to‘xtab qoldi. Ba’zilar xorijiy kuchlar chiqib ketganidan keyin Afg‘onistonda fuqarolar urushi avj olishidan xavotirda. Kuchsizlangan bo‘lsa-da, “Islomiy davlat” ekstremistik tarmog‘ining afg‘on bo‘limi ham jonlanishi mumkin.

AQSh va Vashington rahbarligidagi koalitsiya harbiylari uchun urush yakuni notayin. Garchi barcha jangovar qo‘shinlar hamda 20 yil davomida to‘plangan harbiy texnika tez orada olib chiqib ketilsa-da, AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Frenk Makkenzi kamida sentabr oyigacha afg‘on kuchlarini Tolibondan himoya qilish vakolatiga ega bo‘lib qoladi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan harbiy rejalar tafsilotlarini so‘zlab bergan mudofaa rasmiylariga ko‘ra, Makkenzi buni Afg‘onistondan tashqarida joylashgan AQSh harbiy uchoqlariga zarba berishni buyurish orqali amalga oshirishi mumkin.

Juma kuni Pentagon AQSh harbiylari qariyb 20 yil deganda Bagram aerodromini tark etganini ma’lum qildi. Ushbu majmua Afg‘onistondagi urushning epitsentri bo‘lib kelayotgan edi. Ammo aerodrom Afg‘oniston hukumatiga o‘tkazib berilgani AQSh harbiylarini olib chiqib ketishdagi yakuniy qadam emas.

Quyida urush yakuni haqida “Associated Press” agentligi chop etgan maqola tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

Jangovar missiyadan nima qoldi?

Aslini olganda, AQSh qurolli kuchlari 2014 - yildan beri Afg‘onistondagi quruqlikdagi janglarda qatnashgani yo‘q. Ammo aksilterror qo‘shinlar ekstremistlarni ta’qib qilib, ularga zarba berib keladi, shu jumladan, Afg‘onistonda joylashgan uchoqlar yordamida. Ushbu uchoqlar endi yo‘q. Bundan nari bu kabi zarbalar va afg‘on kuchlari uchun har qanday moddiy-texnik yordam mamlakat tashqarisidan beriladi.

Afg‘oniston ichida AQSh askarlari endi afg‘on kuchlarini o‘qitmaydi yoki ularga ko‘rsatma bermaydi. AQSh elchixonasidagi 650 askardan iborat xavfsizlik kontingenti amerikalik diplomatlarni himoya qilishda davom etadi. Shuningdek, ular Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlashga yordam berishlari mumkin. Turkiya aeroport xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hozirgi missiyasini davom ettirishi kutilmoqda, ammo Makkenzi sentabrga qadar ushbu missiyaga yordam berish uchun yana 300 ga yaqin qo‘shinni saqlab qolish vakolatiga ega.

Shuningdek, AQSh harbiylaridan maxsus immigratsiya vizasini olishga urinayotgan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishga yordam berishni so‘rashlari mumkin, garchi Davlat departamenti ularni fuqaroviy samolyotlar yordamida olib chiqib ketishni rejalayotgan bo‘lsa-da. Oq uy AQShning urush harakatlariga yordam bergan va shu tariqa Tolibon ta’qib qilishi mumkin bo‘lgan afg‘onistonliklarni ortda qoldirishdan xavotirda.

Prezident Jo Bayden aprel oyida AQSh urushini tugatish to‘g‘risida qaror chiqarar ekan, Pentagonga 11 - sentabrgacha harbiylarni olib chiqib ketishni buyurdi. Juma kuni Pentagon harbiylarni olib chiqib ketishni avgust oyining oxiriga qadar tamomlash rejalashtirilayotganini bildirdi. Ayni damda Kobuldagi mas’ul armiya generali Skott Miller harbiylarni olib chiqib ketish amaliyotini deyarli yakunladi. Bugunga qadar mamlakatdan barcha harbiy texnika olib chiqib ketildi va mamlakatda oz sonli askar qoldi.

Pentagonning ma’lum qilishicha, Miller yana bir necha hafta davomida qo‘mondon bo‘lib qolishi kutilmoqda. Ammo u shu oy Afg‘onistonni tark etsa, bu AQSh urushi tugaganini anglatadimi? Mamlakatda sentabrgacha 950 nafargacha AQSh harbiysi qolishi va havo hujumlari davom etishi mumkinligini hisobga olsak, javob “yo‘q” ekani ehtimol.

Urushlar qanday tugaydi?

Afg‘onistondagi urushdan farqli o‘laroq, ba’zi urushlar tantana bilan tugagan. Birinchi jahon urushi 1918 - yilning 11 - noyabrida Germaniya bilan sulh imzolanishi va keyinchalik Versal shartnomasi imzolanishi bilan tugagan.

Ikkinchi jahon urushi 1945 - yilning may oyida Germaniya taslim bo‘lishi bilan tugagan. Bu kun G‘arbda “Yevropada G‘alaba” (Victory in Europe Day, VE yoki V-E Day) o‘laroq nishonlanadi. Rossiyada va ayrim sobiq sovet mamlakatlarida esa Ikkinchi jahon urushining sharqiy frontida sodir bo‘lgan urush “Ulug‘ vatan urushi” o‘laroq ma’lum va undagi g‘alaba keng nishonlanadi. Germaniya taslim bo‘lganidan keyin bir necha oy otgach, AQSh Xirosima va Nagasakini bombardimon qildi va Yaponiya taslim bo‘ldi. Bu kun G‘arbda “Yaponiya ustidan g‘alaba” (Victory over Japan Day, V-J Day) kuni o‘laroq nishonlandi.

Koreyada 1953 - yil iyulida imzolangan sulh ikki Koreya o‘rtasidagi urushga barham bergan, texnik jihatdan urush rasman to‘xtatilmagan bo‘lsa ham, balki vaqtincha to‘xtatilgan. Sababi hanuzgacha tinchlik shartnomasi imzolangani yo‘q.

Boshqa urushlar yakuni esa uzil-kesil bo‘lmagan. 1973 - yilda AQSh Vyetnamdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Ko‘pchilik qariyb 20 yilga cho‘zilgan bu urushni muvaffaqiyatsiz urush deb hisoblaydi. 2011 - yilda AQSh qo‘shinlari karvonlari Iroqdan olib chiqib ketilar ekan, tantanali marosim uyushtirildi. Ammo oradan atigi uch yil o‘tib, Amerika qo‘shinlari “Islomiy davlat” jangarilari hujumlari ortidan barbod bo‘lgan Iroq qo‘shinlariga yordam berish uchun mamlakatga qaytdi.

G‘alabami yoki mag‘lubiyat?

Amerikaning Afg‘onistondagi urushi o‘z yakuniga yaqinlashar ekan, na taslim bo‘lish shartnomasi, na tinchlik shartnomasi, na yakuniy g‘alaba va na qat’iy mag‘lubiyat bo‘lmaydi. Baydenning aytishicha, AQSh kuchlari “al-Qoida”ni yo‘q qilib, 2001 - yil 11 - sentabrdagi teraktlar tashkilotchisi deb hisoblanadigan Usoma bin Lodinni o‘ldirgani etarlidir.

So‘nggi paytlarda Afg‘onistonda zo‘ravonlik avj oldi. Tolibonning afg‘on kuchlari va tinch aholiga qarshi hujumlari ko‘paydi va guruh 100 dan ortiq tuman markazini egallab oldi. Pentagon rahbarlari Afg‘oniston hukumati va mamlakat xavfsizlik kuchlari yaqin ikki yil ichida qulashi ehtimoli “o‘rtacha” ekanini aytmoqda.

AQSh rahbarlari Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishning yagona yo‘li muzokaralar orqali kelishuvga erishish ekanini aytib keladi. Sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati toliblar bilan 2020 - yil fevralida bitim imzoladi. Unga ko‘ra, AQSh 2021 - yil mayiga qadar o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish kerak edi. Tolibon esa bir necha majburiyatni, shu jumladan, Afg‘oniston Amerikaga qarshi hujumlar maydoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, AQSh harbiylari olib chiqib ketilayotgan bo‘lishiga qaramay, Tolibon o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmayapti.

NATO missiyasi

NATOning Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini o‘qitish, maslahat berish va ularga yordam berish uchun tuzilgan “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” missiyasi 2015 - yilda, ya’ni AQSh yetakchiligidagi jangovar missiya tugagani e’lon qilingan yilda ish boshlagan. O‘shanda xavfsizlik uchun javobgarlik Afg‘oniston zimmasiga yuklandi, mamlakat armiyasi AQShning milliardlab dollar yordamiga qaram bo‘lib qoldi.

Urush eng qizg‘in davom etayotgan pallada Afg‘onistonda 50 ta NATO va hamkor davlat yuborgan 130 mingdan ortiq qo‘shin bor edi. Bu ko‘rsatkich “Qat’iyatli qo‘llab-quvvatlash” missiyasi boshlanganda 10 mingga tushib qolgan edi. Joriy hafta holatiga ko‘ra, aksar alyans davlati o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketdi.

Ba’zilar urush NATO missiyasi tugaganidan keyin butunlay tugashini aytmoqda. Ammo NATO missiyasi yana bir necha oyga cho‘zilishi aytilmoqda.

Aksilterror missiyasi

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilayotgani terrorchilikka qarshi urush tugaganini anglatmaydi. AQSh “al-Qoida” yoki Afg‘onistondagi boshqa terrorchi guruhlar AQShga tahdid solsa, ularga qarshi zarba berish vakolatini saqlab qolishini aniq aytgan.

XS
SM
MD
LG