Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:34

Tahlil: Markaziy Osiyoda Tolibon haqidagi eski va yangi xavotirlar


Afg‘on askari nazorat o‘tkazish punktida
Afg‘on askari nazorat o‘tkazish punktida

Afg‘oniston shimolida Tolibon jangchilari Markaziy Osiyo chegaralariga yetib borar ekan, Afg‘oniston bilan chegaradosh Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston xavotirga tushib qoldi.

Bu holat mintaqada ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q: bundan 20 yil oldin toliblar Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan chegaradosh ko‘plab shimoliy tumanlarini egallab olgan edi.

Ayni damda Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston poytaxtlarida ko‘rilayotgan choralarning aksariyati 1990‑yillarning oxirlarida ko‘rilgan choralarga o‘xshaydi.

Shu bilan birga, o‘shandan buyon ko‘p narsa o‘zgargan.

Qochoqlar

7 - iyul kuni mustaqil “Asia-Plus” tojik axborot agentligi toliblar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasidagi jangdan qochib, mingdan ortiq afg‘onistonlik Tojikistonning sharqiy Tog‘li Badaxshon viloyatiga qochib o‘tgani haqida xabar berdi.

Atigi ikki hafta oldin Tog‘li Badaxshon hokimi Yodgor Fayzov mahalliy rasmiylarga 10 minggacha qochqin kelishiga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan, bu raqam 30 minggacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Bu ko‘rsatkich mubolag‘a emas.

1996 - yil sentabr oyi oxirida Tolibon Kobulni egallab oldi va shimol tomon harakatlanishda davom etdi.

1997 - yilning 26 - aprelida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon (o‘sha uning paytda familiyasi Rahmonov edi) Rossiyaning Federal chegara xizmati rahbari Andrey Nikolayevga mezbonlik qilayotgan edi. O‘shanda Rahmon 100 mingga yaqin afg‘onistonlik Tojikiston chegarasidan o‘tganini aytdi.

Bu paytga kelib Tojikistonda 1992 - yilda boshlangan fuqarolar urushi o‘z nihoyasiga yetayotgan edi. 1997 - yilning 27 - iyunida hukumat va unga qarshi kurashgan muxolifat tinchlik bitimi imzoladi.

Afg‘onistonda Tolibonning paydo bo‘lishi ikki tomonni urushni tezroq tugatishga undadi.

Besh yilga cho‘zilgan urush davomida kamida 50 mingdan ortiq tojikistonlik janglardan qochib, Afg‘onistonga o‘tdi. Rahmon tilga olgan 100 ming qochqin orasida Tojikistonning bir necha ming fuqarosi ham bor edi.

Tojikiston harbiy kuchlari o‘sha paytda mamlakat ichidagi janglar uchun kerak edi.

Rossiya chegarachilari zimmasiga Tojikiston – Afg‘oniston chegarasini Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qo‘shinlarini o‘z ichiga olgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tinchlikparvar kuchlari yordami bilan himoya qilish vazifasi yuklandi.

Tinchlik qaror topgach, tojik qo‘shinlari asta-sekin Afg‘oniston chegarasiga joylashtirildi va rus chegarachilari safiga qo‘shildi. Rossiya harbiylari Tojikiston chegarasini 2005 - yilgacha himoya qildi.

2000 - yil sentabr oyi oxirida Tojikiston Xavfsizlik kengashi kotibi Amirqul Azimov yana 100 ming afg‘on qochqini Tojikiston bilan chegarada to‘planib, janglardan qochishga urinayotgani haqida ogohlantirdi.

Rahmon Tojikiston afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilmasligini aytdi. 2021 - yilning 4‑5 - iyul kunlari Tojikistonga ming nafar qochqin o‘tguniga qadar Tojikiston chindan birorta afg‘onistonlik qochqinni o‘z hududiga kiritmay kelayotgan edi.

Afg‘onistonlik qochqinlar 1990 - yillarda Turkmaniston va O‘zbekistonga ham o‘tgan.

1996 - yilning noyabr oyida 800 ga yaqin, 1997 - yilning iyun oyida esa 8 mingga yaqin qochqin Turkmanistonga o‘tdi. Turkmaniston ularning hammasini bir necha kundan keyin ortga qaytardi.

Ularning aksariyati Afg‘onistonning Badg‘is viloyatidan edi. 2021 - yilning 7 - iyuliga kelib ayni viloyatda toliblar barcha tumanlarni egallab olgani va viloyat markazi Qal’ai Nav uchun shiddatli janglar borayotgani xabar qilindi.

1994 - yilgacha O‘zbekistonda taxminan 5 mingdan 8 minggacha afg‘onistonlik qochqin bo‘lgan, ammo O‘zbekiston mamlakatning Afg‘oniston bilan 160 kilometrga cho‘zilgan nisbatan qisqa chegarasini asta-sekin butunlay o‘z nazoratiga oldi.

1997 - yilda toliblar birinchi marta O‘zbekiston chegarasiga yaqinlashganda va 1998 - yil avgustida O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarni egallab olganda O‘zbekiston rasmiylari afg‘onistonlik qochqinlarini kiritmadi.

Bugunga qadar Markaziy Osiyoga qochib o‘tgan afg‘onistonlik qochqinlar Tojikistonning sharqiy qismiga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi, xolos.

Ayni damda shimoldagi afg‘on qochqinlar Tojikistonda, tashlab ketgan joylaridan unchalik uzoq bo‘lmagan hududda tikilgan chodirlarda yashamoqda.

Ammo xabarlarga ko‘ra, lagerda oziq-ovqat, suv va tibbiy yordam yetishmayapti. Ko‘plab odam tor xonalarda va kichik chodirlarda birga yashayotgani aytilmoqda.

Agar Afg‘onistondagi og‘ir vaziyat davom etsa, yanada ko‘proq afg‘onistonlik qo‘shni mamlakatga qochib o‘tishga urinishini kutish mumkin.

Askarlar va harbiylashtirilgan guruhlar

1990‑yillarning oxiridan farqli o‘laroq, bu safar Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Afg‘onistondagi janglardan qochishga urinayotgan Afg‘oniston hukumat qo‘shinlariga ham duchor bo‘lmoqda.

21 - iyun kuni Tolibon kuchlari Sherxon Bandarda joylashgan chegara postini egallab olishi ortidan 134 nafar afg‘on askari Tojikistonga qochib o‘tdi.

5 - iyulga kelib Tojikiston rasmiylari jami 1 037 nafar afg‘on askari Tojikistonga o‘tgani va ularga "gumanitar sabablarga ko‘ra" mamlakat hududida qolishga ruxsat berilganini aytishdi. Ammo 7 - iyul kuni Afg‘oniston Milliy xavfsizlik kengashi 2 300 ga yaqin afg‘on askari Tojikistondan Afg‘onistonga qaytarilganini bildirdi.

23 - iyun kuni O‘zbekiston 53 nafar afg‘on askari va O‘zbekistonga o‘tishga uringan harbiylashgan guruhlar a’zolarini to‘xtatib, ortga qaytardi.

26 - iyun kuni uch afg‘on askari O‘zbekistonga o‘tishga urindi. Ertasi kuni yana 44 nafar harbiy O‘zbekiston bilan chegaraga yaqinlashdi.

Ularning barchasi Afg‘onistonga qaytarib yuborildi.

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlarida 20 yil oldin bunday muammo bo‘lmagan, chunki ular tan olgan Afg‘oniston hukumati prezident Burhoniddin Rabboniy hukumati edi va "hukumat" kuchlari Rabboniy mudofaa vaziri Ahmad Shoh Mas’ud qo‘mondonligidagi jangchilardan iborat edi, xolos.

Ular Afg‘oniston shimoli-sharqida, Tojikiston chegarasi bo‘ylab cheklangan hududlarni va Mas’udning Panjsher vodiysidagi qal’asini nazorat qilayotgan edilar. Tojikiston Mas’udga bir nechta harbiy uchoqni Ko‘lobga evakuatsiya qilishga ruxsat berdi va Mas’ud va Rabboniy Tojikistonga tez-tez tashrif buyurdi.

O‘zbekiston hukumati etnik o‘zbek qo‘mondon Abdul Rashid Do‘stumni dastakladi. 1998 - yil avgustda Do‘stum qo‘shinlari Tolibonga taslim bo‘lganidan keyin, u O‘zbekiston orqali qochdi, ammo uning qo‘shinlari partizanlik kampaniyasini o‘tkazish uchun Afg‘onistonning shimoliy qismida qoldi.

Tolibon aloqalari

1990‑yillar oxirlarida Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Tolibonga ochiqcha qarshi chiqdi. Turkmaniston esa betaraflik siyosatini yuritib, Tolibon bilan muloqot qildi, hattoki guruhga Ashxobodda o‘z vakolatxonasini ochishga ruxsat berdi.

Turkmaniston hali ham betaraflik siyosatini olib bormoqda, ammo vaziyat bu safar boshqacha.

Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov Tolibon bilan muzokara olib bordi. Tolibon, shubhasiz, Markaziy Osiyoda bitta qo‘shnisi Afg‘onistonning ichki siyosatiga aralashmayotganidan mamnun edi.

Turkmanistonning Niyozovdan keyingi prezidenti – 1990 - yillarning oxirida Tolibon qo‘shni bo‘lgan paytda stomatologiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov Tolibon bilan munosabatlarda unchalik muvaffaqiyatga erisha olmagan ko‘rinadi.

Afg‘oniston chegarasida 2014 - yil fevral va may oylarida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda uch nafar turkman chegarachisi va uch nafar turkman askari halok bo‘lgani xabar qilindi. Hujumlar ortida Tolibon turgani xulosa qilindi, ammo Turkmaniston hukumati bu hujumlar sodir bo‘lganini tan olmay keladi.

O‘shandan beri Afg‘oniston chegarasida boshqa turkman askarlari va chegarachilari o‘ldirilgani haqida bir necha marta xabar qilindi.

Turkmaniston rasmiylari ushbu xabarlarga izoh bergani yo‘q.

Ammo 2014 - yilgi voqealardan keyin Turkmaniston hukumati mamlakat qurolli kuchlariga ko‘proq e’tibor berishni va boshqa mamlakatlardan qurol sotib olishni boshladi.

2019 - yil yanvar oyida Turkmaniston hukumati Afg‘oniston chegarasidagi mavqeini mustahkamlash uchun zaxiradagi harbiylarni safarbar qildi.

2021 - yil iyul oyi boshlarida Berdimuhamedov chegara hududiga qo‘shimcha kuchlarni, jumladan, harbiy samolyotlar, tanklar va artilleriya yuborgani haqida xabar qilindi. Lekin mamlakat rasmiylari chegaraga tank va artilleriya yuborilganini rad etdi.

Berdimuhamedov hukumati Tolibon bilan Niyozov hukumati singari do‘stona munosabat o‘rnatish mumkinligiga ishonmayotganini xulosa qilish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Tolibon delegatsiyasi 2021 - yil fevralda va 11 - iyulda Ashxobodda bo‘ldi.

Tojikiston hukumati Tolibon o‘z chegarasiga yaqin hududni egallab olganidan keyin ham sukut saqladi. Tojikiston rasmiylari Tolibon haqida ko‘p so‘zlamaydi.

Qolaversa, Tojikiston Tolibon vakillarini mamlakatga taklif qilgani yo‘q. Bundan tashqari, bugunga qadar Dushanbe Tolibon vakillari bilan uchrashish uchun rasmiylarni uchinchi mamlakatga ham yuborgani yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekiston Tolibon bilan eng yaxshi munosabatda, deyish mumkin.

O‘zbekiston 2019 - yil avgust oyida bir necha kun Tolibon delegatsiyasiga mezbonlik qildi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov so‘nggi yillarda bir necha mamlakatda Tolibon vakillari bilan uchrashdi.

Aynan Komilov 2000 va 2001 - yillarda Pokistonda Tolibon vakillari bilan uchrashgan edi.

Do‘stum 1998 - yilda qochib ketganidan so‘ng, O‘zbekiston hukumati toliblar mamlakatga qo‘shni ekanini istar-istamas qabul qildi.

2000 - yil oktabr oyida prezident Islom Karimov:

"Toshkent Afg‘onistondagi har qanday hukumatni tan olishga tayyor, hatto u Tolibon hukumati bo‘lsa ham. Bizga bu hukumat yoqadimi yoki yo‘q, buning ahamiyati yo‘q", degan edi.

Toshkent uchun eng asosiy muammo "O‘zbekiston islomiy harakati" edi. Jangari guruh Afg‘oniston shimolida o‘rnashib olgan edi va 1999 va 2000 - yil yozida Qirg‘iziston janubiga tog‘lar orqali o‘tib keldi va O‘zbekiston shimoliga yaqinlashdi.

Markaziy Osiyo hukumatlari Tolibonning ehtimoliy hujumidan ham ko‘proq "O‘zbekiston islomiy harakati" kabi guruhlardan qo‘rqadi.

Hozir Afg‘oniston shimolida qator jangari guruhlar mavjud bo‘lib, ularning saflarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham bor.

Birinchi rejaga qaytish

Tolibonning so‘nggi yutuqlari fonida O‘zbekiston iyun oyi oxirida Afg‘oniston chegarasi yaqinida taktik harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi. 7 - iyul kuni O‘zbekiston qo‘shinlari Rossiya qo‘shinlari bilan O‘zbekistonning Samarqand viloyatida mashg‘ulot o‘tkazdi. Shuningdek, Toshkent Afg‘oniston bilan chegarasiga qo‘shimcha kuchlar jo‘natmoqda.

1996 - yil oktabrda O‘zbekiston Afg‘oniston chegarasiga qo‘shimcha harbiy yuborgandi. 1998 - yil avgust oyida toliblar Mozori Sharifni qo‘lga kiritgandan keyin, Toshkent chegaraga yana bir bor ko‘proq qo‘shin yuborgan.

Oradan qariyb 23 yil o‘tib, joriy yilning 5 - iyul kuni Tojikiston hukumati 20 mingga yaqin zaxiradagi askarni Afg‘oniston bilan 1 360 kilometrga cho‘ziluvchi chegarasiga safarbar qildi.

Afg‘onistondagi vaziyat tez suratda yomonlashayotgani ortidan Rossiyaning Tojikistonda joylashgan 201-diviziyasi 6 - iyul kuni hujum vertolyotlari va tanklari ishtirokida harbiy mashqlar o‘tkazdi.

Shuningdek, 6 - iyul kuni Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) vakillari tojik-afg‘on chegara hududiga bordi.

Ertasi kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tojikistondagi Rossiya qo‘shinlari hamda KXShT qo‘shinlari "ittifoqchilarimizga qarshi har qanday tajovuz oldini oladi" dedi.

1997 - yil fevral oyida Rossiya mudofaa vaziri Igor Rodionov Toshkentda Markaziy Osiyodagi hamkasblari bilan (Turkmaniston mudofaa vaziridan tashqari) uchrashib, Rossiya hukumati MDHning janubiy chegaralarini himoya qilish uchun yordam berishga tayyorligini aytgandi.

Keyingi bir necha yil ichida Rossiya qo‘shinlari muntazam ravishda Turkmanistondan tashqari barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazdi.

Afg‘onistonning shimoliy chegaralari yaqinidagi barcha tomonlar 1990‑yillar oxirlarida va 2000‑yillar boshlarida Afg‘onistonda yuz bergan voqealarni yaxshi bilishini va Tolibon hokimiyat tepasiga qaytishi va uning barcha oqibatlariga puxta tayyorgarlik ko‘rayotganini xulosa qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG