Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:09

Tahlil: Rossiya Ukrainada yadro qurolini qo‘llashi mumkinmi?


Prezident Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu.
Prezident Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu.

Putin 24-fevral kuni «maxsus harbiy operatsiya» haqida e’lon qilgan nutqida agar g‘arb aralashadigan bo‘lsa, bunga javoban yadro quroli ishga solinishi mumkinligi haqida bilvosita, ammo aniq ogohlantirdi.

«Kimlardadir sodir bo‘layotgan voqealarga aralashish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Rossiyaning javoblari tezkor bo‘ladi va sizni tarixingizda hech qachon duch kelmagan oqibatlarga olib keladi», — dedi u.

Ko‘plab tahlilchi va g‘arb diplomatlari Putin yadro qurolini ishga solishini istisno qilishadi. Reuters agentligi Kremlning bunday choraga qo‘l urish-urmasligiga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tahlil qildi.

27-fevral kuni Putin NATO yetakchilarining «agressiv bayonotlari» va G‘arbning Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarini tilga olib, o‘zining harbiy qo‘mondonligiga Rossiyaning yadroviy to‘xtatuvchi kuchlarini shay holatga keltirishni buyurdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham yadro urushi xavfi haqida gapirdi, ammo u Moskva buning oldini olish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilayotganini aytdi.

«Men bu xatarlarni sun’iy ravishda bo‘rttirishni xohlamagan bo‘lardim. Ko‘pchilik buni xohlaydi. Xavf jiddiy, haqiqiy. Va biz buni past baholamasligimiz kerak», — dedi u o‘tgan haftada.

AQSh Davlat departamentini Lavrovning bu so‘zlarini «mas’uliyatsizlik cho‘qqisi» deb atadi.

Vashington Rossiya yadroviy kuchlari shay holatga keltirilganini ko‘rsatuvchi hech qanday harakat kuzatilmayotganini aytib keladi. Bunga qaramay, ayrim mutaxassislar va g‘arb rasmiylari Rossiyaning yadro quroli haqidagi sharhlarini bema’nilik deb pisand qilmaslik noto‘g‘ri bo‘lishini aytishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar Putin o‘zini Ukrainada qaltis vaziyatga tushib qolganini his qilsa yoki NATO urushda bevosita qatnasha boshlasa, yadro qurolini ishga solishi xavfi bor.

AQSh rasmiylari Putinning Rossiya yadroviy kuchlarini shay holatga keltirish haqidagi so‘zlarini xavfli va mutlaqo nomaqbul deb atadi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa prezidenting bu so‘zlarini «tajovuzkor va mas’uliyatsiz» deb tanqid qildi.

Ayni damda, AQSh rasmiylari Rossiya kuchlari yadroviy pozitsiyasini o‘zgartirmaganini aytishmoqda. AQSh harbiylari so‘zlariga ko‘ra, Amerika yadroviy pozitsiyasini o‘zgartirishiga hojat yo‘q.

28-fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden amerikaliklarni Rossiya bilan yadro urushidan xavotir olmaslikka chorladi. AQSh fuqarolari yadro urushi boshlanishidan xavotirlanishlari kerakmi, degan savolga javob berar ekan, Bayden «yo‘q» dedi.

Amerikalik mutaxassislar va g‘arb rasmiylari orasida Rossiyaning Ukraina urushida yadro qurolidan foydalanishi ehtimoli nihoyatda past, degan fikr keng tarqalgan.

Foreign Affairs jurnalining sobiq muharriri Gideon Rouz o‘tgan haftada «1945-yildan beri yadroviy davlatlarning har bir yetakchisi ... munosib sabablarga ko‘ra yadro qurolidan foydalanishdan bosh tortib keladi», deb yozdi.

«Putin ham bundan mustasno emas. Buning sababi ko‘ngli bo‘shlik emas, balki qat’iy mantiqdir. U misli ko‘rilmagan javob qaytarilishi va umumbashariy tanqidga uchrashini biladi. Ularni oqlay oladigan strategik asos yo‘q», deya qo‘shimcha qildi u.

Mutaxassislar va g‘arb diplomatlarining ta’kidlashicha, Rossiyaning yadroviy zarba berish haqidagi qog‘ozga o‘ralgan tahdidlaridan asosiy maqsad Vashington va uning NATOdagi ittifoqchilarini urushda bevosita ishtirok etishdan qaytarishdir.

«(Bu tahdidlar) ishonchli emas», - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Reuters agentligiga intervyu bergan g‘arb diplomatlaridan biri.

«U g‘arbni qo‘rqitmoqchi», — deya so‘zini davom ettirdi diplomat.

G‘arb davlatlari Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri qurol-aslaha yetkazib berayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yili Bayden AQSh qo‘shinlarini Ukrainaga safarbar qilish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini aytgan edi.

AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya bilan an’anaviy urush boshlashga oshiqayotgani yo‘q, yadro urushi u yoqda tursin.

Agar Rossiya yadro qurolini ishga soladigan bo‘lsa, aynan qanday zarba berishi haqida mutaxassislar turli fikr bildirmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qora dengiz yoki Ukrainaning aholi yashamaydigan qismida yadro bombasini portlashdan tortib, Ukrainadagi harbiy nishonga yoki shaharga zarba berishgacha borishi mumkin.

Ammo Ukrainada yadro qurolidan foydalanish rus qo‘shinlari uchun xavf tug‘dirishi hamda Rossiyaning o‘ziga radiatsiya qaytib borishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ba’zi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Kreml yadro qurolini ishga solsa, Vashington mutanosib yadro javobi o‘rniga an’anaviy harbiy javob berishga qaror qilishi ehtimol, chunki yadro hujumiga yadro hujumi bilan javob qaytarish AQSh ittifoqchilariga zarar etkazishi yoki Yevropa yo-da hatto AQShning o‘ziga xavf soladigan yadroviy eskalatsiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Буча қирғини гувоҳлари: 5 март куни снайпер келиб кўчада ким кўринса ота бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:46 0:00

Jamoatchilikka qurol nazorati haqida ma’lumot berib borishga intiladigan Arms Control Association nodavlat tashkiloti xodimi Daril Kimball:

«Buning o‘rniga Qo‘shma Shtatlar va NATO Rossiyani yanada yakkalab qo‘yish va mojaroni yadro urushini keltirib chiqarmay tugatishga harakat qilish maqsadida shiddatli an’anaviy harbiy, siyosiy va diplomatik kuch bilan javob berishi kerak, degan bo‘lardim», — dedi.

NATO kelajakda Rossiya raketalarini urib tushirish uchun Polsha va Ruminiyada AQSh tomonidan ishlab chiqarilgan ballistik raketa qalqonini o‘zgartirishga harakat qilishi mumkin. NATO ko‘p yildan beri hozirgi tizim Eron va Suriyadan otilgan raketalardan hamda Yaqin Sharqdagi tahdidlardan himoya qilishga qaratilganini aytib keladi.

Rossiya yadro qurolini ishga solsa, Hindiston va Pokiston kabi yadro quroliga ega boshqa davlatlar bunday qurollardan foydalanish ehtimoli oshishi ehtimoli bor yoki yo‘qligi noma’lum. Mutaxassislarning fikricha, agar Rossiya bu ishga qo‘l ursa va global miqyosda qoralansa, bu holat boshqa mamlakatlar yadro qurolidan foydalanishi ehtimolini kamaytirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG