Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:42

Tahlil: Toshkent Tolibon bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor


Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari bilan Toshkentdagi anjumanda - 16 - iyul, 2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari bilan Toshkentdagi anjumanda - 16 - iyul, 2021

Tolibon Afg‘onistonning deyarli butun hududini o‘z nazoratiga olganiga bir oydan oshdi.

Ba’zi davlatlar hanuz Tolibon boshchiligidagi hukumatga nisbatan ehtiyot yoki mujmal pozitsiya egallab turibdi. Lekin Afg‘oniston bilan 160 kilometrlik chegaraga ega O‘zbekiston Tolibon bilan muloqot va savdo qilishga hozirligini ko‘rsatmoqda.

Ozod Yevropa-Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannierning yozishicha, ayrimlar O‘zbekistonning Tolibon bilan muloqot qilishga tayyorligini pragmatik qaror, deb hisoblaydi.

Afg‘onistonda O‘zbekistonning turli ekstremistik guruhlarga qo‘shilgan fuqarolari bor. Ularning ayrimlari Tolibon bilan ittifoqchi, boshqalari ittifoqchi emas yoki muxolif.

O‘zbekiston hukumati bu shaxslarning O‘zbekistonga hech qachon qaytmasligini afzal ko‘radi. Tolibon hech kimga Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlarga hujum uyushtirish yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka kafolat bergan.

Qo‘shni Tojikistonda xuddi shunday xavfsizlik xavotirlari bor, ammo mamlakat hukumatining Tolibon bilan muloqot qilish niyati yo‘q.

Hokimiyatda kim bo‘lishidan qat’i nazar, Afg‘oniston bilan aloqalarni uzish O‘zbekistonga qimmatga tushadi. Aslini olganda, ikki mamlakatni bog‘lab turadigan aloqalar 20 yil avvalgidan ko‘ra ancha mustahkam. Bundan faqat O‘zbekiston va Afg‘oniston manfaat ko‘rmaydi.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev O‘zbekiston Afg‘oniston bilan avtomobil va temir yo‘l qatnovini tiklashini ma’lum qildi. O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan avtomobil va temir yo‘l aloqalari 2001 - yil oxirida toliblarning oldingi tuzumi hokimiyatdan chetlatilganidan keyin ancha yaxshilangan.

Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) yoki Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi (Belt and Road Initiative, BRI) kabi loyihalar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yaxshiladi. Shuningdek, ular Xitoy va Yevropaga yetib boradigan yangi tranzit yo‘llarini yaratdi.

O‘zbek liniyasi orqali NATO Yevropadan Afg‘onistonga yuk va asbob-uskuna olib borgan va qayta olib ketgan.

O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan 1982 - yilda Amudaryo bo‘ylab qurilgan «Do‘stlik» ko‘prigi bog‘lab turadi. Ko‘prik orqali sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga olib kirilgan va olib chiqilgan. Hozirgi kunda ko‘prik orqali ko‘plab Yevropa va Osiyo mamlakati Afg‘oniston bilan savdo qiladi.

«Do‘stlik» ko‘prigi o‘rtasidan temir yo‘l o‘tadi. Ammo 10 yil oldin temir yo‘l Afg‘oniston ichida, Hayratonda to‘xtar edi.

2010 - yilda liniyani 75 km masofada joylashgan Mozori Sharif shahrigacha uzaytirish ishlari boshlandi. Mozori Sharif Afg‘oniston shimolidagi eng yirik shahardir.

Yangi temir yo‘l 2011 - yilda ishga tushirildi. Loyiha qariyb 170 million dollarga tushdi. Uning 165 million dollarini OTB qopladi. Liniya yordamida tashiladigan yuk hajmini taxminan 4 ming tonnadan 25 – 40 ming tonnagacha oshirishni ko‘zlandi. Ammo hozirga qadar bu ko‘rsatkichga erishilgani yo‘q.

Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasi ushbu temir yo‘l liniyasidan foydalanadi. Liniya Xitoyni Afg‘oniston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan yagona yo‘l bo‘lib qolmoqda. Xitoy yuklari ortilgan ilk poyezd 2016 - yilning sentabr oyida Afg‘onistonga yetib borgan.

Bu orada Xitoy Afg‘onistonga gumanitar yordam yuborishga va’da berdi. Bu yuklarning bir qismi, ehtimol, O‘zbekiston orqali poyezdda yuboriladi.

Qozog‘iston ham Afg‘onistonga O‘zbekiston orqali bug‘doy eksport qilib keladi. Bir hisobotga ko‘ra, Qozog‘iston 2020 - yilda eksport qilgan unning uchdan ikki qismi Afg‘onistonga yuborilgan.

Afg‘onistondagi shiddatli o‘zgarishlar va Afg‘oniston markaziy banki zaxiralari muzlatib qo‘yilgani uchun Qozog‘istondagi don ishlab chiqaruvchilar 3 million tonnaga yaqin bug‘doyga yangi xaridor topishga qiynalmoqda.

Bunga qaramasdan, 21 - sentabr kuni Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Erbol Qarashukeyev Qozog‘iston Afg‘onistonga bug‘doy va un eksportini davom ettirishini aytdi.

O‘zbekiston Xitoy, Qozog‘iston va boshqa joylardan Afg‘onistonga bunday yuk tranziti uchun to‘lov oladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan bunday aloqaga ega yagona mamlakatdir.

Turkmaniston Afg‘oniston chegarasidan unchauzoq bo‘lmagan shaharlarga boradigan ikkita temir yo‘lga ega. Ikkalasi ham Turkiyani Kavkaz orqali Afg‘oniston bilan bog‘laydigan «Afg‘on lojuvardi» (Lapis Lazuli) transport koridoriga ulangan. Ammo bu marshrut yangi: u 2018 - yilda ochilgan. Turkmaniston liniyalari oz rivojlangan va yaqin kelajakda ular takomillashishini kutmasa ham bo‘ladi.

Tojikistonni Afg‘oniston bilan faqat tog‘lar orqali o‘tadigan yo‘llar bog‘lab turadi. Shunday ekan, O‘zbekistonning temir yo‘l yo‘llari Afg‘oniston bilan savdo qilish uchun eng qulay yo‘ldir. Tez orada O‘zbekiston orqali yuk tashish yanada faollashishi mumkin.

O‘zbekiston 2021 - yil fevral oyida Pokiston bilan Mozori Sharifdan Kobulgacha va undan nari Peshovargacha cho‘ziladigan 573 km uzunlikdagi temir yo‘lni qurish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bu liniya O‘zbekistonni va butun Markaziy Osiyoni (Xitoyni aytmasa ham bo‘ladi) Arab dengizidagi portlar bilan bog‘laydi.

"Янги Ўзбекистон"-"Янги Толибон": Аёллари тан олмаган Толибонни илк Тошкент қутлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:37 0:00

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo forumida ishtirok etdi. U Toshkentga erta borib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi va ikki mamlakatni Afg‘oniston orqali bog‘laydigan temir yo‘lni yotqizish masalasini muhokama qildi.

Xon 17 - sentabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SJHT) sammitida taklif qilinayotgan temir yo‘l liniyasini yana muhokama qildi.

Pokistonning Tolibon bilan uzoq yillik munosabatlari hamda O‘zbekiston jangari guruh bilan do‘stona aloqa o‘rnatayotganini hisobga olsak, ayni damda Mozori Sharif – Peshovar temir yo‘li loyihasining amalga oshish ehtimoli iyulь oyidagidan ham balandroq.

2016 - yilda O‘zbekiston Afg‘oniston chegarasidan 2 km masofada joylashgan Termiz yuk markazini ochdi. Bu majmua taxminan 40 kvadrat gektar maydonni egallagan. Majmua Afg‘oniston bilan O‘zbekiston o‘rtasida quruqlik yo‘llari orqali savdo-sotiq tranziti uchun mo‘ljallangan. Xabarlarga ko‘ra, Afg‘onistonda toliblar hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng, keng ko‘lamli markaz faoliyati sustlashgan.

O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonga gumanitar yordam yubormoqchi bo‘lgan davlat va tashkilotlarga Termizdagi yuk markazidan foydalanishni taklif qildi. Odatiy savdo qayta tiklanguncha bu qadam majmuani ishlatib turish imkonini beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi allaqachon Termiz yuk markazida logistika markazini tashkil qilmoqda.

2001 - yilda Tolibonning oldingi tuzumi hokimiyatdan ag‘darilganidan beri Afg‘onistonga Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan elektr energiyasi eksport qilinadi. Lekin O‘zbekistonning ulushi shu kungacha eng ko‘p bo‘lib kelmoqda.

OTB hisobotida qayd etilishicha, Afg‘oniston ishlatadigan elektr energiyaning 73 foizi import qilinadi. Uning 57 foizi O‘zbekiston, 22 foizi Eron, 17 foizi Turkmaniston, 4 foizi Tojikistondan keladi.

2009 - yilda O‘zbekistondan Kobulga 500 kilovolьt quvvatga ega elektr uzatish liniyasi ishga tushar ekan, OTB Afg‘oniston poytaxtiga ilk marotaba «turg‘un elektr energiyasi» yetkazib berila boshlaganini ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasini yuborish uchun qurgan Guzar – Surxon elektr liniyasini qurishga taxminan 93 million dollar sarflangan. Bu xarajatlarning bir qismi Islom taraqqiyot banki kreditlari hisobidan qoplangan. Ayni damda O‘zbekiston elektr energiyasi Afg‘oniston uchun juda zarur.

2018 - yilda Surxondaryodan Kobul shimolidagi Puli Xumriga boradigan 500 kilovolьt quvvatli elektr uzatish liniyasining 260 kmlik qismini qurish ishlari boshlangan. Kelishuvga binoan, taxminan 150 million dollarga baholangan loyiha uchun O‘zbekiston 32 million dollar ajratadi, qolgan qismi esa Afg‘oniston OTBdan olingan 110 million dollarlik ssuda bilan qoplaydi.

Surxondaryodan Puli Xumriga elektr liniyasi qurib bitirilgach, O‘zbekistonning Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti qariyb 70 foizga oshishi kutilmoqda. Loyiha yakunlanishiga qancha qolayotgani aniq emas.

Afg‘oniston elektr energiyasi importi uchun qancha to‘layotgani haqida turli taxminlar mavjud. Aksar taxminlarga ko‘ra, mamlakat yiliga 300 million dollar sarflaydi. Bu to‘lovlarning yarmidan ko‘pini O‘zbekiston oladi.

2020 - yil avgust oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik yangi shartnoma imzolandi. Tolibon boshchiligidagi hukumat buni qanday to‘lashi katta savol bo‘lib qolmoqda. ShHTning sentabr oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yig‘inida Mirziyoyev Afg‘oniston markaziy bankining chet el banklaridagi aktivlarini eritishga chaqirgani ajablanarli emas.

Agar O‘zbekiston Tolibonga keskin munosabatda bo‘lsa va Afg‘oniston bilan savdo-sotiqni to‘xtatsa yoki keskin kamaytirsa, so‘nggi 20 yil ichida sarflangan vaqt va pul zoye ketadi. Bundan nafaqat O‘zbekiston moliyaviy zarar ko‘rgan, balki boshqa davlatlar ham Afg‘oniston bilan O‘zbekiston orqali savdo qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan bo‘lardi.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishish mumkin.

XS
SM
MD
LG