Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:46

Tahlil: YeI yo‘lovchi uchoqni qo‘nishga majburlagan Belarusga qarshi qanday chora ko‘radi?


Yakshanba kuni Aleksandr Lukashenko tuzumi harbiy uchoqlar yordamida yo‘lovchi tashuvchi uchoqni qo‘ndirib, uning bortidagi muxolifat jurnalisti Roman Protasevichni hibsga oldi.
Yakshanba kuni Aleksandr Lukashenko tuzumi harbiy uchoqlar yordamida yo‘lovchi tashuvchi uchoqni qo‘ndirib, uning bortidagi muxolifat jurnalisti Roman Protasevichni hibsga oldi.

Dam olish kunlari Ryanair shirkatining yo‘lovchi uchog‘i Minskka qo‘nishga majburlanishidan oldin Belarus Yevropa Ittifoqi yetakchilari e’tiboridan chetda qola boshlagan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Belarus boshiga tushgan muammolar hamda muxolifat qismati davom etayotgan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash, Rossiya bilan aloqalar yomonlashib borayotgani hamda Isroil – Falastin o‘rtasida yaqinda sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar tufayli Bryusselda kun tartibidan chiqib ketgan edi.

Ammo yakshanba kuni Aleksandr Lukashenko tuzumi harbiy uchoqlar yordamida bir Yevropa Ittifoqi poytaxtidan ikkinchisiga uchib ketayotgan va Yevropada ro‘yxatga olingan shirkatga tegishli uchoqni qo‘nishga majburlab, uning bortidagi muxolifat jurnalisti Roman Protasevichni hibsga oldi.

Shu sabab 24 - may kuni kechqurun Bryusselda oldindan rejalashtirilgan sammitga yig‘ilgan YeI rahbarlari uchun Belarus kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi. YeI yetakchilari Lukashenkoning bu qilmishiga qanday javob qaytarish haqida bosh qotirmoqda.

Ular bugunga qadar bergan bayonotlaridan bu safar Bryussel tashvish izhori va quruq bayonotlar bilan cheklanmasligini xulosa qilish mumkin.

Ushbu holat bo‘yicha barcha 27 YeI mamlakati tomonidan imzolangan deklaratsiyada «YeI ushbu harakat oqibatlarini, shu jumladan, mas’ul shaxslarga qarshi chora ko‘rish masalasini ko‘rib chiqadi», deyiladi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Twitterda «Belarusdagi tizimning tajovuzkor va noqonuniy xatti-harakatlari oqibati yomon bo‘ladi», deb yozdi. Yevrokomissiya prezident «Ryanair samolyotiga xuruj uchun javobgar shaxslar javobgarlikka tortilishi kerak», deya qo‘shimcha qildi.

Xo‘sh, Bryussel qanday chora ko‘rishini kutish mumkin?

Bryussel Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotini (ICAO) tergov o‘tkazishga chorlashi aniq. Shuningdek, «Belavia» milliy aviakompaniyasiga Yevropa aeroportlariga qo‘nishni taqiqlash hamda YeI aviakompaniyalariga Belarus havo hududiga kirishini man etish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda.

Bunday choralar nisbatan tez ko‘rilishini taxmin qilish mumkin. Tabiiyki, bunday tashabbusni barcha YeI davlatlari, shuningdek, boshqa G‘arb davlatlari qo‘llasa, uning samarasi oshadi.

Belarus orqali barcha tranzitlarni, shu jumladan, quruqlik tranzitini to‘xtatish taklifi ham o‘rtaga tashlandi. Ammo bunday choraning potensial iqtisodiy ta’sirni hisobga olgan holda, Polsha kabi qo‘shni davlatlar rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, degan savol tug‘iladi.

Nihoyat, YeIga a’zo davlatlar Xalqaro valyuta jamg‘armasi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishga ko‘maklashish uchun Minskka ajratgan moliyaviy yordam to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Bundan tashqari, an’anaviy sanksiyalar, ya’ni shaxslar va tashkilotlarga qarshi sanksiyalar hamda iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.

O‘tgan yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari ortidan boshlangan namoyishlar keskin bostirilgani uchun YeI jami 7 ta tashkilot 88 nafar jismoniy shaxsga, shu jumladan, Lukashenkoning o‘ziga qarshi sanksiya qo‘llab, ularning mol-mulklarini muzlatib qo‘ydi viza cheklovlarini joriy qildi.

O‘shandan beri Belarusga qarshi yangi sanksiyalar to‘plami hozirlanmoqda. Ular 21 - iyun kuniga belgilangan YeI tashqi ishlar kengashidan oldin yoki yig‘in davomida e’lon qilinishi kutilayotgandi.

Ammo ushbu yangi sanktsiyalar to‘plami yuqorida qayd etilgandek Bryussel Belarus masalasidan «charchaganini» ko‘rsatadi.

Sanksiyalar ustida fevral oyida ish boshlanishi kerak edi, ammo bu jarayon juda sekin kechdi. YeI diplomatik korpusi hisoblanuvchi Yevropa tashqi faoliyat xizmati (EEAS) odatda a’zo mamlakatlar sanksiya joriy qilishini aytib, Belarusga qarshi sanksiya kiritishga oshiqmay keladi.

Litva Belarusga qarshi sanksiya qo‘llash tashabbusini faqat Vilnyus yoki boshqa Sharqiy Yevropa a’zo davlatlar emas, balki boshqa mamlakatlar ham ko‘tarishi kerakligini aytib keladi.

Bu orada to‘qqiz mamlakat bir necha hafta oldin asosan Belarus adliya tizimida ishlayotgan 70 ga yaqin tashkilot va shaxs kiritilgan ro‘yxatlarni taqdim etdi. Ammo bu safar ham Belarusga qarshi chora ko‘rishni Sharqiy Yevropa mamlakatlari targ‘ib qildi. Qolaversa, xabarlarga ko‘ra, Bryusseldagi ishchi guruhlar ro‘yxatlarni ko‘rib chiqar ekan, turli YeI mamlakatlari bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan va Lukashenkoga yaqin ishbilarmonlar ismini o‘chirgan.

Ro‘yxatda qolganlarning aksari YeIda bank hisoblariga ega bo‘lmagan, shusiz ham Gretsiya orollariga yoki Fransiyadagi Moviy qirg‘oqqa borolmaydigan shaxslardir.

Shunday ekan, Lukashenkoning 23 - may kuni xorij davlati aviashirkatiga tegishli uchoqni qo‘nishga majburlashga qaror qilgani ajablanarli emas. Natijalari soxtalashtirilgani aytilayotgan o‘tgan yilgi saylovdan beri Lukashenko muxolifatni tobora qattiq siquvga olib keladi.

So‘nggi olti oy ichida YeI bunga qarshi deyarli chora ko‘rmadi. Lukashenko joriy yilda Belarus YeIning tashqi ishlar bo‘yicha kengashida biron marta kun tartibida muhim o‘rin tutmaganini ko‘rib, mamnun bo‘lganini xulosa qilish mumkin.

Avtoritar prezident Ryanair shirkati uchog‘ini qo‘nishga majburlamaganida, Belarus YeI yetakchilari nazaridan chetda qolishda davom etgan bo‘lardi.

Ozodlik muxbiriga YeIning turli amaldorlari ittifoq rasmiy ravishda Lukashenkoni tan olmayotganiga qaramay, u «g‘alaba qozongani» va mamlakatni boshqarishda davom etishini aytgan edi. Ular G‘arb asta-sekin Belarusda sodir bo‘layotgan hodisalarga parvo qilmay qo‘yishi hamda muxolifat rahbari Svetlana Tixanovskaya surgunda qolishini aytishgan edi.

Endilikda bu holatni o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ldi – agar YeI va boshqa G‘arb davlatlari chindan buni xohlasa.

XS
SM
MD
LG