Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:25

"Tanlangan" tadbirkorlarga yangi va’dalar: qo‘shimcha kredit, xususiy mulk va "prezident komandasi"ga taklif


Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvi, 20 - avgust, 2021
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvi, 20 - avgust, 2021

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 - avgust kuni Toshkentda o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda moliya tizimi vakillari bilan "ochiq" deb aytilayotgan muloqotni o‘tkazdi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, uchrashuvda prezident tadbirkorlar va ularga bog‘lab qo‘yilgan banklarni qiynagan kredit masalasidan gap boshlab, kelasi yili $600 million dollar ajratilishini va’da qilgan.

Prezident bu mablag‘, kredit qaytimi yuqori bo‘lgan va yaxshi biznes rejasi bor banklarga tanlov asosida berilishi, bundan tashqari kredit muddatini ham uzaytirish zarurligini aytgan.

Bu uchrashuv haqida 2 oy avval xabar berilgan va qatnashishni istovchilar taklif qilingandi. Ozodlikka bog‘langan va tarmoqlarda yozayotgan tadbirkorlarga ko‘ra, qatnashuvchilar administratsiya tomonidan ayovsiz saralangan, asosan muvaffaqiyatli tadbirkorlar tanlab olingan.

Bu uchrashuv O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasi boshlangan kezda o‘tkazildi. Tadbirkorlarni qo‘llovchi O‘zLiDeP partiyasi oktabr oyidagi prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatishini bildirgan.

Ayni paytda bu tadbir Mirziyoyevning to‘rt yildan beri katta va’dalar berib kelinayotgan tadbirkorlar orasidagi nufuzini oshirish maqsadida uyushtirilgan saylovoldi tadbiri sifatida ko‘rilmoqda.

Zotan 6 soat davom etgan uchrashuv davomida bulg‘usi nomzod "Men siz tarafdaman!", "Sizni qo‘llab-quvvatlayman!", hukumatda "taklifimga qarshilar ko‘p, ammo men sizni qo‘llayman!" deya qayta-qayta tadbirkorlarga xitob qildi.

Yopiq "ochiq muloqot"

20 - avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi “Xalqaro forumlar saroyi”da tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Mahalliy nashrlarning xabar qilishicha, tadbirda 500 nafarga yaqin tadbirkor bevosita, yana 10 ming nafardan ortig‘i turli viloyatlardan onlayn tarzda qatnashgan.

Jamoatchilik bu tadbir formatining rasman "ochiq muloqot", deb atalishidan uning OAV va prezidentning tarmoqlardagi sahifalarida jonli uzatilishini kutishgan edi.

Ammo 20 - avgust kungi rasmiy xabarlarda prezidentning “Xalqaro forumlar saroyi”ga kirib kelishi va qatnashchilarga uning nomi eshittirilishi bilan video uzildi.

Keyingi rasmiy xabarlar esa asosan, fotoalbomlar va qisqa videobayonotlar tarzida joylana boshladi.


"Prezident komandasi"dagi tadbirkorlar

Bu yilgi saylovda yana O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod bo‘lishi rasman aytilgan prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashchilar bilan muloqotni 100 nafar tadbirkorni qutlashdan boshladi.

"Murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham, xalqimizga madadkor bo‘lib, o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor do‘stlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman", dedi prezident.

Ayni paytda u, bu tadbirkorlar "Prezident komandasi"ga kirganini urg‘uladi va buning namunasi o‘laroq, birinchi marta o‘zi imzolagan "Prezident minnatdorchilik xati"ni taqdim qilganini aytdi.

So‘ngra muloqot davomida tadbirkorlarga yuzlanib, "Men siz tarafdaman!" "Sizni qo‘llab-quvvatlayman!" "Taklifimga qarshilar ko‘p, ammo men sizni qo‘llayman!" deya qayta-qayta xitob qildi.

Bundan tashqari, prezident bundan buyon O‘zbekistonda 20 - avgustni Tadbirkorlar kuni, deb e’lon qilishni taklif qildi.

Zalga yig‘ilgan tadbirkorlar uning bu taklifini guldiros qarsaklar bilan qarshi oldi.

40 foiz shikoyat kredit haqida

Uchrashuvda qatnashayotgan mahalliy jurnalist va blogerlarning yozishicha¸ Mirziyoyev gapni tadbirkorlarni qiynayotgan muammolardan xabari borligini aytishdan boshlagan.

"Men, sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman. Bugunga qadar, eng dolzarb muammolarni tizimlasht́irib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha, chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun Sizlar bilan birgalikda, ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz", deya Shavkat Mirziyoyevdan iqtibos keltiradi Gazeta.uz nashri.

Prezidentning ta’kidlashicha, kredit borasidagi shikoyatlarning asosiy qismi stavkalarning yuqoriligi, muddatining esa qisqaligi - tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani haqida.

"Haqiqatan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi. Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8−10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit, valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga, qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda", degan davlat rahbari.

Tanlangan banklarga yana $600 mln. kredit

Prezident banklarning kapitalini oshirish uchun 2022 - yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha 600 million dollar ajratilishini va’da qilgan. Uning aytishicha, bu mablag‘ banklarga tanlov asosida beriladi.

"Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim qilsa, ushbu mablag‘lar shu banklarga ajratiladi", dedi prezident.

Ayni paytda mazkur mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham, tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurs topishi lozim¸ degan Mirziyoyev.

"Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trln. so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi. Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega, yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz".

Yangi MEM: "Voobshche" yo‘qotma o‘zingni!"

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ishtirok etayotgan bloger X. Xudoyberdiyevning xabar qilishicha, bank va kredit sohasida yangi va’dalarni eshitgan buxorolik tadbirkor hayajondan "o‘zini yo‘qotib qo‘ygan".

Uning hayajonga to‘la xitobiga javoban esa prezident ham: "Voobshche" yo‘qotma o‘zingni!" deb xitob qilgan.

Prezident va uning yangi va’dalaridan hayajonlangan tadbirkor muloqotidan biroz o‘tib, bloger Xudoyberdiyev Telegram tarmog‘idagi kanalida yangi MEM e’lon qildi.

Olgan olganniki - mulk joylashgan yer xususiylashtiriladi

davletov.uz Telegram kanalining yozishicha, prezident bu yig‘ilishda tadbirkorlar egalik qilayotgan ko‘chmas mulk ularga xususiylashtirib berilishini ham va’da qilgan.

"Bundan buyon davlat mulki obyektlari, ular joylashgan yer bilan birga, yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotiladi. Binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladi — Prezident"¸ deb yozdi bloger.

Ayni kanalning yana yozishicha, tadbirkorlarning korxonalari joylashgan, hozirda egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida, egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi:

"Ya’ni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi. Bunda yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida, ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi — Prezident".

"Tanlanganlar" bilan muloqot

Tarmoqlarda prezidentning saylovoldi chiqishiga bildirilgan munosabatlar ziddiyatli ekani ko‘rinadi.

Prezidentni olqishlagan, uning yangi takliflarini quvvatlagan va islohotlariga ishonch bildirgan sharhlovchilar ham ko‘pchilik. Ammo, ayni paytda norozilar va uning va’dalariga ishonmayotganlar ham ko‘p.

Misol uchun, muloqotning rasman ochiq, aslida esa "yopiq" o‘tganidan norozilar prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shikoyatlarini yozdi.

Jumladan Facebook sahifasidagi rasmiy xabar ostida sharh qoldirilganlar orasida prezident bilan uchrashish talabi rad qilingan tadbirkorlar ham bor.

Quyida ana shunday sharhlardan ba’zilari bilan tanishing:

Sh. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 - avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan
Sh. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 - avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan
Sh. Mirziyoevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan
Sh. Mirziyoevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan

Sh. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 - avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan
Sh. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 - avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan

Sh. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 - avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan
Sh. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga sharh, 20 - avgust, 2021, prezidentning Facebook sahifasidan

“O‘zbekiston temir yo‘llari” monopoliyasi

Prezident bu muloqot paytida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ monopoliyasi haqida ham gapirdi.

Jumladan, taniqli bloger Xushnud Xudoyberdiyev Shavkat Mirziyoyevdan mana bu iqtibosni keltirdi:

“Kelgusi yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi. Davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa, bozor tamoyillari asosida shakllanadi”.

Ayni paytda, prezident bu taklifga yo‘q deguvchilar bo‘lishini ham ochiq e’tirof etgan:

“Albatta bu taklifga ham qarshilar bor, faqat “yo‘q” deyishni bilishadi. Lekin xususiy sektorga imkon bermasak, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning monopoliyasiga chek qo‘ya olmaymiz. Axir butun dunyoda shu tizim ishlaydiku, nega bizda ishlab keta olmaydi? Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, endi biz xususiy sektorga ham imkon beramiz”.

Tadbirkordan qarzdor hokimlar ogohlantirildi

Muloqot paytida prezident, hokimliklarning tadbirkorlardan 123 mlrd. so‘m qarzi yig‘ilib qolganini ma’lum qildi.

Prezidentga ko‘ra, bu qarzlarning asosiy qismi “bino va inshootlarning buzilishi” ortidan paydo bo‘lgan. Hokimliklardan pulini ololmay yurgan tadbirkorlar soni, prezidentga ko‘ra, atigi 349 nafardir.

"Bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘m qarzdor. Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: 1 - sentabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir so‘m ham qarzdorlik qolmasligi shart”, dedi prezident.

Mirziyoyev tadbirkorlarga 80 dan ortiq subsidiya joriy etilgani, ammo uni olish jarayoni murakkab ekanini tan oldi.

“Ushbu subsidiyalarni to‘lash tartibi murakkab va raqamlashmagan. Tadbirkor subsidiyani olish uchun o‘rtacha 5 ta hujjatni taqdim etishi, 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi zarur. Bunga kamida bir oy ketadi. Shu bois, kelgusi yil 1 - yanvardan subsidiyalarni ajratish bo‘yicha murojaatlar “yagona darcha” tamoyili asosida qabul qilinadi, jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2-3 baravarga qisqartiriladi”, dedi prezident.

Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish jarayoniga esa, tadbirkorning roziligi bilan, Savdo-sanoat palatasi ham kiritish va shuning bilan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vakolati berilishini bildirdi.

Uzoq kutilgan muloqot

Prezidentning tadbirkorlar ochiq muloqot o‘tkazishi haqida ikki oy avval O‘zA axborot agentligi xabar bergandi.

“Joriy yil 20 - iyuldan 31 - iyulgacha faoliyatingizga bog‘liq masala, biznesingizni kengaytirish va rivojlantirishga turtki beradigan g‘oya va takliflar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilishingiz mumkin”, deb xabar qilgandi agentlik.

Dastlabki xabarda uchrashuvning aniq kuni va formati aytilmagan¸ faqat avgust oyining boshida o‘tkazilishi kutilayotgani bildirilgan edi.

Uchrashuvning avgust boshida o‘tkazilmagani ortidan rasmiy xabarlarda, tadbirkorlardan murojaatlarning haddan ziyod ko‘pligi bois, ochiq muloqot muddati ortga surilgani aytildi.

Jumladan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ko‘ra, bu davrda prezident nomiga 15309 ta murojaat kelib tushgan va ularning 12 mingdan ortig‘i yechimini topgan.

Mirziyoyev bilan uchrashadiganlarni saralash jarayonida Ozodlikka ko‘plab tadbirkorlar murojaat qildi.

Ular muloqotda shaxsan qatnashadigan tadbirkorlarning mahalliy hokimliklar va administratsiya tomonidan qattiq saralanaëtgani, asosan muvaffaqiyatli va prezidentga minnatdorchilik bildiradigan tadbirkorlar tanlab olinayotgani bildirdi.

XS
SM
MD
LG