Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:41

Tarmoqlar mojarosi: AKT vaziri va Bosh vazir maslahatchisi ishdan olindi - manbalar


Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi.

3 - noyabr kuni O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi bilan bog‘liq mojaro hukumatda inqirozga sabab bo‘ldi. Ozodlikning Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligidagi manbasiga ko‘ra, payshanba kuni Vazirlar Mahkamasining yana ikki yuqori martabali mulozimi - AKT vaziri Shuhrat Sodiqov hamda Bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarovlar ishdan bo‘shatilgan.

Yana ikki yuqori martabali mulozimi - ATK vaziri Shuhrat Sodiqov hamda Bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarovlar ishdan bo‘shatilgan
Yana ikki yuqori martabali mulozimi - ATK vaziri Shuhrat Sodiqov hamda Bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarovlar ishdan bo‘shatilgan

Chorshanba kechasi tarmoqlarning cheklanishi uchun mas’ul “O‘zkomnazorat” rahbari G‘olibsher Ziyayev lavozimidan chetlatilgandi.

Rasmiy manbalar hozircha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri hamda Aripovning IT - texnologiyalar bo‘yicha maslahatchisining ishdan olinganini tasdiqlaganicha yo‘q.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati vakili o‘z rahbarining ishdan olinganini tasdiqlamadi, ammo rad ham etmadi.

“Vazirimizning ishdan olingani haqida qo‘limda rasmiy hujjat yo‘q”, - dedi Ozodlik bilan suhbatda vazirlik axborot xizmati mulozimi.

U, shuningdek, tarmoqlarning bloklanishi bilan bog‘liq voqea bo‘yicha izoh berishga vakolati yo‘qligini aytdi.

3 - noyabr oqshomida O‘zbekistonda Telegram, Facebook, YouTube va Odnoklassniki tarmoqlari ishlamay qoldi. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Informatizatsiya va telekommunikatsiya nazorati bo‘yicha Davlat inspeksiyasi - "O‘zkomnazorat" saytida nomi tilga olingan ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, Telegram messenjeri shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reestriga kiritilgani haqida rasmiy ma’lumot paydo bo‘ldi.

Bularning hammasi Skype, Twitter, TikTok, "VKontakte" va WeChat tarmoqlariga shu yil iyulida joriy qilingan cheklov amal qilib turgan pallada yuz berdi.

“O‘zkomnazorat” qarori amalda O‘zbekistonda barcha tarmoqlar bloklanganini anglatardi.

Total cheklov joriy qilingani haqidagi xabarlar tarqalganidan ko‘p o‘tmay, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari cheklov o‘rnatilganidan xabar topgani va tarmoqlar faoliyatini tiklashga buyruq berganini ma’lum qildi.

Asadovga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zkomnazorat"ning qarorini "bir tomonlama va o‘ylanmay qilingan harakat" deb baholagan.

Ko‘p o‘tmay, mahalliy nashrlar Bosh vazir Aripov "O‘zkomnazorat" rahbari G‘olibsher Ziyayevni ishdan bo‘shatgani haqida xabar tarqatdi.

Buning ortidan Prezident matbuot kotibi Ziyayev "Prezident topshirig‘iga asosan” bo‘shatilganini aytib chiqdi. Sherzod Asadov tarmoqlarning cheklanishi yuzasidan tergov o‘tkazilishini ham ma’lum qildi.

“Surishtiruv yakunlari bo‘yicha ro‘y bergan holatda aybdor bo‘lgan barcha mutasaddi rahbarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘riladi", deyiladi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning bayonotida.

Prezident imzolagan qonun

Prezident matbuot kotibi e’lon qilgan tergov-surishtiruv jarayoni, uni qaysi idora olib borayotganiga doir rasmiy ma’lumot yo‘q. Ammo Ozodlikning hukumatga yaqin manbalari tergov allaqachon boshlangani va AKT vazirligi va umumiyatla, hukumatda “asabiylik” hukmronligini aytmoqda.

“Hozir tergov ketyapti, yana qancha odamning boshi ketadi, hayronmiz. Lekin prezidentning o‘zi imzolagan “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi” qonun asosida ish qilindi. Shu bo‘yicha biznikilar tarmoqlarni o‘chirib qo‘yishdi. Buni Ziyoyev yoki vazir o‘zicha qilmaydi-ku. Sodiqov ham Ziyoyev ham Aripovning odami. Aripovning o‘zi ham shu vazirlikdan chiqqan. U ham prezidentdan bemaslahat ish qiladigan odam emas”, - deydi agentlikdagi manba. ”

Shu yilning fevral oyida O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar va global internet-kompaniyalarni O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida joylashgan serverlarda qayta ishlashga majburlovchi qonun qabul qilindi.

Shu qonun asosida "O‘zkomnazorat" Facebook, Google, Mail.ru, Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter va Yandex kompaniyalarini O‘zbekiston qonunchiligi talablarini bajarish lozimligi haqida ogohlantirgan.

Bundan oldin Skype, Twitter, TikTok, "VKontakte" va WeChat faoliyatlarini O‘zbekistonda to‘xtatishga qaror qilingandi.

Londonda yashaydigan siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov bo‘layotgan hodisalarni “aybdor echki”ni topishga urinish deb atadi.

“Bu kadr prezidentning o‘zi imzolagan ikki qonun, yanvar oyida va yaqinda, 29 - oktabrda ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan choralarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun asosida harakat qildi. Shunday ekan, bo‘lib o‘tgan hodisa uchun mas’uliyat Mirziyoyev va u shosha-pisha ishdan bo‘shatgan “O‘zkomnazorat” rahbari zimmasida”, - deb fikr bildirdi Ilhomov.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, 3 - noyabr kungi holat O‘zbekiston boshqaruv instansiyalaridagi siyosiy-huquqiy ziddiyatlardan ham darak beradi.

“Aslida, bitta shaxsni yoki davlat muassasasini ayblash noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Bugungi O‘zbekistonda, milliy manfaatlar borasidagi qarashlar to‘qnashmoqda, kurashmoqda. Eski instinktlar va zehniyat, bir masalada ma’qullansa, boshqa vaziyatda pand bermoqda. Ichki ziddiyat hali bartaraf bo‘lgani yo‘q. Chunki, yangi boshqaruv stili to‘liq shakllanib ulgurmadi, uning ba’zi tamoyillari eki shartlari shakllandi.

Kecha amalga oshirilgan bloklash, qonunchilikka ishora qilingan holda amalga oshirildi. Lekin, o‘sha “shaxsga doir ma’lumotlar” haqidagi qonun bandini o‘zini ham mutlaq har xil talqin qilish mumkin edi. Avtoritar talqinga ko‘ra, total nazorat va tashqi dunyodan mustahkam ixotalanishni nazarda tutish mumkin.

Huquqiy-liberal talqinga ko‘ra, bu talab faqat davlat muassasalaridagi (masalan, IIV, DXX va h.k.) shaxslarga daxldor ma’lumotlari O‘zbekiston hududida saqlanishini nazarda tutadi.

Lekin, qonunning o‘sha moddasiga sharh berilmagani, vaziyatni chigallantirgan. Mulozimlar, eski zehniyatdan kelib chiqib, avtoritar talqin yo‘lidan borishgan”, - deya fikr bildiradi Rabbimov.

Tarmoqlar va “Odil shoh”

Ijtimoiy tarmoqlarda yuz bergan holatni ikkinchi muddatga qayta saylangan prezident Mirziyoyevni erkinlik himoyachisi qilib ko‘rsatish uchun atayin o‘ylab topilgan tomosha, deguvchilar ham topildi. .

“Bu o‘zini oliyjanob qilib ko‘rsatish uchun oldin laylakni oyog‘ini sindirib keyin uni tuzatgan chol haqidagi ertakka o‘xshaydi. Saylov tugadi. Birdaniga tarmoqlarga to‘siqlar qo‘yilyapti. Sanoqli soatlarda prezident chiqib “yomon niyatli odamlarni” jazolayapti, qoyilmisiz”, - deb yozdi Feysbukning Dildora ismli foydalanuvchisi.

Ayni paytda 3 - noyabr kungi voqeani hajv qilganlar ham bo‘ldi.

“O‘zi kelar yor-yor, o‘ziga ketar yor-yor. VPNni o‘chiraveringlar. Bekorga MB yeb yotmasin” , deb yozdi taniqli bloger Aqida Xanum..

Ijtimoiy tarmoqlarda tarmoq mojarosi mazah qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarmoq mojarosi mazah qilindi.

O‘zbekistonda Facebook va YouTube ga kirish bilan bog‘liq muammolar 2019 - yil oxiri — 2019 - yil boshida bir necha oy mobaynida ham kuzatilgan. Rasmiylar buni telekommunikatsiya uskunalarini yangilash va tayinlangan nomlar va raqamlar bo‘yicha internet-korporatsiyasi — ICANN ning kriptografik kalitini o‘zgartirish bilan izohlashgan.

Ammo keyinroq tarmoqlar bloklangani fosh bo‘ldi.

2019 - yil yozida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining o‘sha paytdagi direktori Komil Allamjonov YouTube va Facebook ni bloklab qo‘ygan shaxslar “qamoqda” ekanligini aytdi.

Allamjonov tarmoqlarni bloklash bilan salbiy ma’lumotlar oqimini kamaytirishga harakat qilinganini ham qo‘shimcha qilgandi.

Ammo tarmoqlarga total cheklov o‘rnatilishi bilan bog‘liq so‘nggi mojaro yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Allamjonov ham, uning o‘rinbosari, prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham sukut saqlamoqda.

XS
SM
MD
LG