Moskva prokuraturasi shahar sudidan, Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi va mintaqaviy siyosiy idoralar tarmog‘ini “ekstremistik” deb topish va ularni taqiqlashni so‘ramoqda.
Qamoqdagi muxolifat yetakchisi Navalniy tashkilotlari ishchilari va ko‘ngillilar uchun bu urinish kutilmagan harakat emas.
Zotan, Rossiya hukumati mamlakatdagi ekstremizmga qarshi mujmal qonunlardan siyosiy maqsadlarda foydalanib kelayotgani uchun tanqidga uchrab keladi.
Navalniyning Irkutsk shahridagi idorasi rahbari Zaxar Sarapulov:
“Boshidanoq... kuni kelib bu struktura “ekstremistik” deb topilishi ayon edi. Taxminan ikki oy oldin yig‘in o‘tkazdik. Biz bu masalani muhokama qildik va yaqin kelajakda shunday qilishlarini taxmin qildik”, dedi.
Navalniyning mintaqaviy vakolatxonalari tarmog‘i direktori, hozirda tahdidlar tufayli chet elda yashayotgan Leonid Volkov ham ayni narsani aytdi:
“Men rus klassikasidan iqtibos keltiraman: ‘Yomon bo‘lishini bilardim, ammo qanchalik tez sodir bo‘lishini bilmasdim’”, dedi Volkov.
"Idoralarimizga yangi hujumlar to‘lqini bo‘lishini bilardik. 2019 - yildagi yirik hujumda omon qoldik. O‘shanda barcha jihozlarimizni o‘g‘irlab ketishdi, barcha bank hisoblarimiz muzlatib qo‘yildi va hokazo. Ular bizni moslasha olmaydi, deb o‘ylashdi, lekin biz buni uddaladik va o‘z ishimizni davom ettirish yo‘llarini topdik”, deya so‘zini davom ettirdi u.
Ammo Volkov yangi hujum “yanada dahshatli ko‘rinadi”, dedi.
16 - aprel kuni Moskva prokuraturasi Moskva shahar sudidan Navalniy tomonidan asos solingan tashkilotlar – Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi va Navalniyning mintaqaviy siyosiy idoralar tarmog‘ini “ekstremistik” deb topish va ularni taqiqlashni so‘radi.
Prokurorning talabiga binoan 26 - aprel kuni yopiq sud majlisi o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Rossiya hukumati mamlakatdagi ekstremizmga qarshi mujmal qonunlardan siyosiy maqsadlarda foydalanib kelayotgani uchun tanqidga uchrab keladi.
2019 - yilda “19-modda” nodavlat tashkiloti “Ekstremizmga qarshi qonunlar tez-tez senzurani va davlat nazoratini kuchaytirish uchun ishlatiladi: siyosiy muxolifat, jurnalistlar va fuqarolik jamiyatining ovozini o‘chirish uchun”, deb yozgan edi.
Agar Navalniy tashkilotlari “ekstremistik” deb topilsa, ularning barcha xodimlari hibsga olinishi va 6 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bundan tashqari, bu tashkilotlarning donorlari – xayr-ehson qilgan o‘n minglab Rossiya fuqarosi ham ekstremizmni moliyalashtirgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.
“Sud prokurorning talabini qondirishiga shubha yo‘q”, dedi Sarapulov.
“O‘ylaymanki, bu yerdagi har bir xodim nima qilish kerakligi to‘g‘risida o‘zi qaror chiqarishi kerak. Boshqalar uchun gapira olmayman. O‘zim Navalniy ofisi “ekstremistik” deb topilganidan keyin ham ishimni davom ettirishimni ayta olaman. Albatta, biz rebrending yordamida xatarlarni ozaytirishga harakat qilamiz. Ammo ular bizga boshqa yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishga imkon bermasliklarini kutish mumkin”.
Navalniy zaharlangani ortidan muolaja olgan Germaniyadan shu yil 17 - yanvarida Moskvaga qaytib kelishi bilanoq qo‘lga olingandi.
2 - fevral kuni Rossiya sudi muxolifatchiga nisbatan avvalroq chiqarilgan shartli jazoni haqiqiy qamoq jazosiga almashtirdi va uni ikki yarim yilga qamoq jazosiga hukm qildi.
23 - aprel kuni Navalniy sog‘lig‘iga putur yetkazish uchun ataylab olib borilayotgan kampaniyaga qarshi norozilik sifatida 31 - martda boshlagan ochlik aksiyasini tugatishini aytdi.
Navalniy tashkilotlari ekstremizm ayblovlarini rad etib keladi. Ular 19 - sentabrga qadar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan milliy qonunchilik saylovlari arafasida Kreml ularni siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilayotganiga ishonadilar.
Sarapulovning aytishicha, uning jamoasi yopiq chat guruhini tashkil etgan bo‘lib, uning birorta a’zosi guruhdan chiqib ketgani yo‘q.
“Hech kim chiqib ketgani yo‘q. Birorta ham”, dedi u.