Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:33

"Tehron qassobi". Eronning keyingi oliy rahbari deb ko‘rilgan Raisiyning hayoti va siyosiy yo‘li


Ibrohim Raisiy.
Ibrohim Raisiy.

Eronning o‘ta konservativ prezidenti, mamlakatning keyingi oliy rahnamosi bo‘ladi deb ishonilgan Ibrohim Raisiy 63 yoshida vafot etdi.

Raisiy va Eron tashqi ishlar vazirini olib ketayotgan vertolyot 19-may kuni Ozarbayjon chegarasiga tashrifdan qaytayotib, mamlakat shimoli-g‘arbidagi tog‘larga qulagan va bortdagilarning barchasi halok bo‘lgan.

Oliy diniy rahbar Oyatulloh Ali Xomaneiyning uzoq yillik qo‘llovchisi bo‘lgan Raisiy sud hokimiyati rahbari bo‘lgan va Islom Respublikasining eng qorong‘i davrlaridan birida muhim rol o‘ynagan.

Murosasiz diniy arbob 2022- yilda misli ko‘rilmagan bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini ayovsiz bostirishga raislik qilgani va mamlakatda axloq qonunlarini kuchaytirgani bilan yodda qoladi.

Ibrohim Raisiy Eronning oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomaneiyning yoshlar bilan uchrashuvida.
Ibrohim Raisiy Eronning oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomaneiyning yoshlar bilan uchrashuvida.

Hukumat kuchlarining o‘sha namoyishlarni bostirishi oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘ldi, minglab namoyishchi hibsga olindi. Bu namoyishlar mamlakatdagi diniy boshqaruv uchun keyingi o‘n yilliklardagi eng katta muammolardan biri bo‘ldi. Raisiy qonli repressiyani himoya qildi va tartibsizliklarda tashqi kuchlar hamda muxolifat guruhlarini aybladi.

Xalqaro Inqiroz Guruhining Eron loyihasi direktori Ali Voizning aytishicha, Raisiy prezidentligi davrida ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar kuchaydi va G‘arb bilan munosabatlar yomonlashdi. “Uning faoliyati Eron tizimi tepasida borgan sari yakkalanib qolayotgan siyosatni aks ettiradi”, dedi u.

"Tehron qassobi"

Raisiy 1960-yilda tug‘ilgan muqaddas shia shaharlari Mashhad va Qumdagi madrasalarda o‘qigan. Keyinchalik Xomaneiy va boshqa nufuzli ulamolardan ilohiyot va islom fiqhini o‘rgangan.

Islom respublikasi tanqidchilari Raisiyni 1988-yilda Tehron prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan paytda siyosiy mahbuslarni ommaviy qatl etishda ishtirok etgani uchun “Tehron qassobi” deb atashadi.

1989-yilda, Xomaneiy oliy rahbar bo‘lgach, Raisiy Tehron bosh prokurori etib tayinlandi. 1994- yilda esa sud organi bo‘lgan Davlat nazorati tashkilotiga rahbar etib tayinlangan va bu lavozimda 10 yil ishlagan.

Sud hokimiyatining qudratli rahbari bo‘lgan Mahmud Hoshimiy Shahrudiy 2004-yilda Raisiyni o‘ziga o‘rinbosar etib tayinlagan. Bu lavozimda o‘n yil ishlagan Raisiy 2014-yilda Eron bosh prokurori etib tayinlangan edi. Ikki yil o‘tgach, Xomaneiy Raisiyni Mashhaddagi ziyoratgoh muhofizi va Eronning eng boy jamg‘armalaridan birining rahbari etib tayinladi.

Яқин Шарқда янги низо бошландими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:06 0:00

2017-yilgi prezidentlik saylovlarida Raisiy amaldagi mo‘tadil prezident Hasan Ruhoniyga qarshi muvaffaqiyatsiz kurashib, 38 foiz ovoz oldi.

Ikki yildan so‘ng Xomaneiy Raisiyni Eron sud hokimiyati rahbari etib tayinladi. O‘sha yili Qo‘shma Shtatlar Xomaneiyning yaqin atrofi hisoblangan Raisiy va yana sakkiz kishiga nisbatan sanksiyalar kiritdi.

"Jazosizlik hukm surmoqda"

Raisiy 2021-yilgi «bir ot poygasi» sifatida ta’riflangan prezidentlik saylovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ko‘plab mo‘tadil va islohot tarafdori bo‘lgan nomzodlar saylovdan chetlashtirildi. Saylovda 1979-yilgi Islom inqilobidan beri birinchi marta juda kam odam qatnashdi.

"Ibrohim Raisiy insoniyatga qarshi jinoyatlar, masalan, qotillik, odamlarning g‘oyib bo‘lishi va qiynoqlar uchun tergov qilinish o‘rniga prezidentlikka ko‘tarilgani Eronda jazosizlik hukm surayotganini ko‘rsatadi", degandi Raisiy g‘alabasidan keyin Xalqaro Amnistiya Bosh kotibi Anes Kallamar.

Raisiyning saylanishi Eronda murosasiz siyosatchilar maqomini kuchaytirdi.

Raisiy ma’muriyati davrida Eron Xitoy va Rossiya bilan munosabatlarni chuqurlashtirib, G‘arb va mamlakatning asosiy dushmani Isroil bilan qarama-qarshilikni kuchaytirdi.

Mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Raisiy mamlakat oliy rahbarini saylovchi organ – Ekspertlar assambleyasida o‘z o‘rnini himoya qildi.

Uzoq vaqt davomida keyingi oliy rahbar bo‘lishi kutilgan Raisiy vafoti Xomaneiyning vorislik rejasini murakkablashtirishi mumkin. Oliy rahbarning nufuzli o‘g‘li Mujtabo Xomaneiy hozir yetakchilardan biri sanaladi.

Raisiydan rafiqasi Jamila Olamolxuda va ikki qizi qoldi.

XS
SM
MD
LG