Линклар

Шошилинч хабар
30 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:23

Telegram va Durov ishi: O‘zbekistondagi eng ommabop messenjerga nima bo‘ladi?


Shu yil iyunida O‘zbekistonga safar qilgan Telegram asoschisi Pavel Durov Toshkentda prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi xamda prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov bilan uchrashgan. 27-iyun, 2024
Shu yil iyunida O‘zbekistonga safar qilgan Telegram asoschisi Pavel Durov Toshkentda prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi xamda prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov bilan uchrashgan. 27-iyun, 2024

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada qisqa muddatga ushlanib, tergovga tortilganidan buyon O‘zbekistondagi eng ommabop ijtimoiy tarmoq istiqboli borasida savollar paydo bo‘ldi.

Aslida Durov loyihalari – Telegram ijtimoiy tarmog‘i, shuningdek, TON kriptovalyutasi doim bahsu munozalarga sabab bo‘lib kelgan.

Ammo bu gal Fransiyada 12 ta jinoyatda gumon qilinib qo‘lga olingan bir shaxs ishi doirasida Durovning ham qo‘lga olingani vaziyatni jiddiylashtirmoqda.

Ammo ziddiyatlar bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Xususan, Durovning oldinroq O‘zbekistonga safar qilib, prezidentning ziddiyatli kuyovi Otabek Umarovning VIP - mehmoni bo‘lgani o‘z foydalanuvchilariga oid shaxsiy ma’lumotlarni maxsus xizmatlarga bermagani bilan nom qozongan tarmoq asoschisiga o‘zbekistonlik tarmoq foydalanuvchilarida bo‘lgan ishonchga ham soya solgan edi.

Ammo bu tarmoqning O‘zbekistondagi ommabopligi va xususan, Telegramda gullab-yashnayotgan biznesga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

---------------------------

Telegram ijtimoiy tarmog‘i o‘zbekistonliklarning asosiy virtual ,bozoriga aylanib ulgurgan. Jumladan, quyidagi kanalda Toshkentning qadimiy Chorsu bozoridagi tilla taqinchoqlar sotilmoqda.

Tilla do‘konining virtual bozorida xaridor serob, sotuvchilar esa hozirjavob. Onlayn tilla do‘konga kirib, quruq chiqolmaganlar yoqtirgan taqinchog‘ini tanlab bildirsa, ya’ni "lichka"ga yozsa, qisqa muddatda uyigacha olib borishadi.

Quyidagisi esa Namangandan turib ayollar ko‘ylaklarini sotayotgan Telegram-kanali. Bu kanaldagi mahsulotlarning ham, xalq tili bilan aytsak, "dostavkasi" bor.

50 yoki 100 foiz haqi to‘langan mahsulotni taksi haydovchilaridan berib yuborishadi. Mijozlar ham xursand. Taksichi ham qo‘shimcha daromaddan mamnun.

Telegram bozorida onlayn o‘tirgan yuz minglab o‘zbekistonlikning aksari Parijda Pavel Durov qo‘lga olinib, tergovga tortilganidan bexabar bo‘lishi mumkin.

Durov shu yilning 25-avgustga o‘tar kechasi Ozarbayjondan xususiy uchog‘i bilan Parijga qo‘nganida ushlandi. Parij prokuraturasi Telegram platformasida sodir etilgan ehtimoliy jinoyatlarni tergov qilmoqda. Bu ishda 12 xil jinoyat haqida gap borishi rasman aytilgan.


Durovning ushlanishi Yevropada ham Telegram messenjeriga qiziqishni oshirib yubordi. O‘zbekiston va boshqa postsovet davlatlarida esa bu messenjer anchadan beri ommabop.

Jumladan, O‘zbekistonda Telegram - keng aholi qatlami uchun ko‘proq virtual bozor, ya’ni tirikchilik manbaiga aylangan, deyish mumkin.

“Hozirgi kunda Turkiyadan, Samarqanddan, Toshkentdan mahsulot olib kelamiz. Telegram sahifamizga joylashtirgan holda onlayn ish olib boramiz. Onlayn buyurtma qilganlar plastik kartamizga mahsulot narxining 50 foizini to‘lov qiladi. Magazinimizda bir kunda 20 ta mahsulot ketsa, Telegram gruppamizda yuzlab mahsulot sotilishi mumkin”, deydi Telegram'dagi oldi-sotdi guruhlaridan birining administratori, shaxsini sir saqlagan holda.

Virtual savdosi real do‘kondagi savdodan bir necha barobarga ko‘pligini aksar savdogarlar aytadi. Ularga ko‘ra, O‘zbekistonda ham 2019-yildagi kovid pandemiyasidan so‘ng onlayn savdo ko‘lami keskin oshgandi.

Ammo dunyoning turli davlatlarida bu savdo ko‘proq internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar mijoz yig‘uvchi reklama e’lonlari vositasida yuritilmoqda.


O‘zbekistonda esa yirik savdo muassasalaridan tortib, yakka shaxslarga qadar Telegramdan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo rastasi sifatida foydalanmoqda.

Ozodlikka gapirgan sotuvchiga ko‘ra, Telegram'ning afzalligi nafaqat qulayligi, balki O‘zbekistonda mavjud hisobsiz nazorat mexanizmlaridan hozircha chetdaligidir.

Savdo - Telegram messenjerining O‘zbekistonda qo‘llanayotgan o‘nlab funksiyalaridan biri, xolos.

----------------------------------------------

O‘zbekistonda Telegram'ning eng ko‘p qo‘llangan funksiyasi guruh chatlari:

  • sinfdoshlar, kursdoshlar, hokimiyat, shifoxona, maktab yoki bozor jamoasi guruhlari.


Ikkinchi ko‘p qo‘llanilgan funksiya Telegram bozorlari:

  • turli yirik savdo shirkatlar kanallari, alohida kichik savdogar yoki chayqovchilar guruhlari, ishlab chiqaruvchi yoki alohida shaxslar sahifalari;

Uchinchisi - axborot yig‘ib tarqatish va bu asnoda pul ishlash:

  • alohida OAV va Internet nashrlari, agentliklar kanallari; alohida jamoalar - taksichilar, bozorchilar, shifokorlar; jurnalist, iqtisodchi, bloger, deputat yoki taniqli boshqa jamoat faollari va arboblari shaxsiy kanallari.

----------------------------------------------
O‘zbekistonlik jurnalist Ilyos Safarov uchun Telegram'dagi sahifasi - matbuotga sig‘magan erkin fikrlari uchun bir maydon:

"Telegram kanalimdan shaxsiy fikrlar, atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan munosabatimni yozib borish uchun foydalanaman. 21-asrda hammada bunday qiziqish, istak bo‘lsa kerak. Yozganlaring boshqalarni qiziqtira olsa, odam yig‘olsang bo‘lgani. Uni ochishimga shuningdek, OAVga nisbatan senzuraning kuchliligi ham sabab bo‘lgan. OAVda chiqmay qolgan yoki o‘chirilgan materiallarimni shu tarmoq orqali beraman. Bu dastlab shunchaki qiziqishdan keyin odatiylikka aylangan bo‘lsa kerak".

Aslida Telegram dunyoga kelgan 2013 yil - O‘zbekistonda Internetning tizgini o‘ta tarang tortilgan palla edi.

O‘sha vaqtda avtoritar boshqaruvini favqulodda kuchaytirgan marhum prezident Islom Karimov rejimi ijtimoiy tarmoqlarni bo‘g‘ib tashlagandi.

2016-yilda Karimov o‘lgach, O‘zbekistonda hokimiyat almashinuvi fonida nisbiy erkinlik paydo bo‘ldi va ijtimoiy tarmoqlar, xususan Telegram uchun keng yo‘l ochildi.

Hozir Facebook'da ko‘proq o‘zbekistonlik ziyolilar, X (sobiq Twitter) da esa ekspertlar, Instagram va TikTok'da yoshlar yaqqol ko‘zga tashlansa, Telegram barcha qatlamni birdek qoplagan.
------------------------------------------
DataAI ma’lumot bazasiga ko‘ra, hozir Telegram dunyoda eng ko‘p yuklab olingan 5-mobil dastur. 950 milliondan ortiq faol foydalanuvchisi bor.

Ba’zi ochiq internet manbalari, Telegram 2023-yilda eng ko‘p Hindistonda - 33 million marta yuklab olinganini qayd etadi.

Keyin Rossiya - 35 million, keyin AQSH - salkam 30 milliondan ortiq. Qozog‘iston sakkizinchi o‘rinda - 9 million 300 ming marta yuklab olingan.


Telegram asoschisi sobiq matbuot kotibi Georgiy Lobushkinga ko‘ra, aslida O‘zbekistonda Telegram'ning salkam 741 mln auditoriyasi bor.

Lobushkin, O‘zbekistonda 123 mingdan ortiq Telegram- kanali, 18 mingga yaqin chat borligini, bitta «millioner» kanal - Kun.Uz nomini qayd etadi.
-----------------------------------------


«Ko‘pchilik bilmaydi, lekin hozir O‘zbekiston Telegram kanallari soni va ularning auditoriyasi bo‘yicha (Rossiyadan keyin) ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda Telegram kanallarining umumiy auditoriyasi 740 990 000 kishini tashkil qiladi», deydi Lobushkin.

Telegram'ning O‘zbekistonda qanchalik ommalashgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Xalqaro data-bazalarda ham ma’lumot juda oz.

Birgina DataAI bazasi Telegram'da faol qo‘llangan 19 til orasida so‘nggisi sifatida o‘zbek tilini ham qayd etadi.

Financial Times nashrining yozishicha, hozir Yevrokomissiya ham Telegram messenjeri ustidan tergov boshlagan, qancha foydalanuvchisi borligi aniqlanmoqda.

Financial Times nashriga ko‘ra, Yevrokomissiya ittifoqdagi foydalanuvchilari sonini Telegram ataylab kamaytirib ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, deya gumon qilmoqda.

Yevropa ittifoqida shu yil kuchga kirgan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga binoan, oyiga 45 million auditoriyasi bo‘lgan platformalar faoliyatiga cheklovlar qo‘yiladi.

Yevrokomissiya buni qachon va qanday aniqlaydi - bu hozircha noma’lum. Chunki Telegram'da foydalanuvchi to‘liq anonimlikni saqlab qolishi mumkin.

Fransiyada Telegram asoschisi Durov tergovga tortilgan jinoyat ishi doirasida:

  • huquq-tartibot idoralari so‘ragan ma’lumotni berishdan bosh tortish,
  • kiberjinoyatlar,
  • pul yuvish,
  • avvaldan deklaratsiya qilmasdan kriptologik jihoz import qilganlik,
  • bolalar pornosuratlarini tarqatishda ishtirok etganlik kabilar bor.


O‘zbekiston hukumatining asosiy e’tirozi ham taqiqlangan diniy, ekstremistik yoki kriminal kontentning Telegram'da tarqalishiga qaratilgan.

O‘zbekiston hukumati e’lon qilgan bir rasmiy ma’lumot Telegram bu sohada ham nazorat qilish mushkul bo‘lgan tarmoqligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
-------------------------------------------
O‘zbekistonda taqiqlangan diniy adabiyotlar ro‘yxatiga kiritilgan onlayn manbalarning asosiy qismi - 511 tasi Telegram'da.

Qiyos uchun: Facebook'da 156 ta, Instagram'da 152 ta, YouTube'da 109 ta, Odnoklassnikida 27 ta. Taqiqlangan saytlar soni esa 13 ta.
--------------------------------------------

Telegram'ga aksar hukumatlar bildirayotgan asosiy e’tiroz messenjerdagi yozishmalarning maxfiyligidir.

Maxsus xizmatlar shaxsiy yozishmalarni kuzatishni xohlaydi. Lekin, Durov bunga qarshiligini aytib keladi.

Jumladan, 2018-yilda Rossiya hukumati messenjerdagi shifrlar kalitini so‘raganida, Durov yo‘q, degan va bu uni so‘z erkinligi qahramoniga aylantirgandi. O‘shanda Rossiya hukumati rosa 2 yil messenjerni bloklashga urindi. Foydalanuvchilar har gal to‘siqlarni aylanib o‘tish yo‘lini topdi.

Yaqinda amerikalik teleboshlovchi Taker Karlsonga bergan intervyusida Durov bunday bosimga AQSHda ham duch kelganini aytgan:

“AQSHning qayerida bo‘lmaylik, FQB, xavfsizlik xizmatlari bizga ortiqcha e’tibor qaratadi. Bir misol keltiraman: oxirgi marta AQSHda bo‘lganimda Telegramda ishlaydigan muhandisni olib borgandim. O‘shanda kiberxavfsizlik xodimlari yoki agentlari, qanday nomlanishidan qat’i nazar, orqamdan yashirincha uniyollashga harakat qilishdi”.

Telegram asoschisi hech bir davlatda bunday bosimlarga bo‘yin egmaganini aytib keladi. Ammo 2020-yilda Roskomnadzor bloklashni bekor qilgandi. Nega - buning sabablari haqida turli taxminlar bor.

O‘shanda Durov Rossiya maxsus xizmatlariga Telegram kalitini bergan, degan taxmin esa shu kunda yana kuchayib bormoqda.

"Menda bunday taxminlar bor, ular shunchaki taxmin, biror joyda bu isbotlangani yo‘q-ku. Lekin agar bu isbotlansa va xabarlarimizni kimdir o‘qiyotgan bo‘lsa, bu dahshat. Lekin agar kengroq tahlil qilsak, men hech qachon tarmoqlarda o‘zimni erkin hisoblamaganman. Tarmoqlardan foydalanishning, nimayozib, nima yozmaslikning o‘z qoidalari, chegarasi bo‘lishi kerak. Shuning muhimroq suhbatlarda yuzma-yuz ko‘rishishni ma’qul bilaman. Durov atrofidagi vaziyatni kuzatib boryapman. agar u FSBga ishlayotgan kishi bo‘lib chiqsa, bu 21 asrning eng shov-shuvli ishlaridan biri bo‘ladi", deydi jurnalist Ilyos Safarov.

Duroq yaqinda Toshkentga borib, O‘zbekiston prezidentning ziddiyatli kichik kuyovi Otabek Umarov bilan apoq-chapoq suratlarini tarmoqlarda ulashganida, O‘zbekistonda ham bu messenjerga ishonch qolmadi, deguvchilar ko‘paydi.

Mavzudan chal chetlashish bo‘lsa ham eslatish mumkin: O‘zbekistonda prezident oilasining ijtimoiy tarmoqlar menejmenti bilan aloqani quyuqlashtirishga urinishi kuzatiladi.

Masalan, prezidentning yordamchisi va de-fakto vorisi ko‘rilayotgan qizi Saida Mirziyoyeva Google vakillari bilan uchrashgandi.

O‘shanda ham tarmoqlar “Gugldagi hamma shaxsiy ma’lumotlarimiz maxsus xizmatlarga qo‘sh qo‘llab berildimi?” degan kinoyalarga to‘lgan.

Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan rossiyalik IT- mutaxassislarining yoppasiga O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgani fonida Durovning hukmron elita bilan yaqinligi, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lgani kabi Telegram'ga bo‘lgan ishonchga soya solgandek bo‘ldi.

O‘zbekistonda hukumat siyosatiga zid gapirganlar bu tarmoqda ham o‘zbek maxsus xizmatlarining manzilli zarbalariga nishon bo‘lmoqda.

Muxolifat faoli, professor Xidirnazar Allaqulov va uning izdoshlari shular jumlasidan.

Yoki katta shov-shuvga sabab bo‘lgan KompromatUzb ishini eslash mumkin.

Telegramening O‘zbekistonga xos bo‘lgan yana jihati - uning yopiq chat va yopiq guruhlar funksiyasidan davlat idoralari xodimlari-yu amaldorlarining faol istifoda qilishidir. Telegram davlat boshqaruvining yangicha real-virtual vositasiga aylandi.

Ayni paytda, hukumatning real-virtual, yangicha omuxta siyosatidagi ikki xil standartni fosh qildi.

Jumladan, Telegram'dagi ichki yozishmalar va guruhlarda rahbarlarning buyruqlari, Mirziyoyev hukumati tag-tugi bilan yo‘q qilindi, deya iddao qilgan majburiy mehnatning hanuz keng qo‘llanilayotganini o‘rtaga chiqardi.

Telegram'ni nazoratga olish mumkinmi-yo‘qmi - bu shu kundagi katta savol. Chunki, mutlaqo anonimlikni saqlash mumkin bo‘lgan mesenjerda jinoyatlar, jumladan firibgarlik, tovlamachilik, odam savdosi, pornografik yoki estremistik kontentni tarqatish kabi o‘nlab jinoyat ham urchib borayotgani hukumatlar uchun jiddiy muammoga aylangan.

Hozir Fransiya prokuraturasi Durov jalb qilingan tergovda kiberjinoyatlar, pul yuvish, bolalar pornografiyasi singari jinoyatlarni tergov qilmoqda.

Ikki yil avval Telegram Germaniya qonunchiligiga rioya qilmagani uchun 5 million yevro jarima to‘lagan. Endi Fransiyada ham jazoga tortilishi mumkin.

Ammo O‘zbekistonda Telegram yoki undagi jinoyatchilarni jazolash uchun jiddiy qadam tashlanadimi yoki hukumat o‘z muxoliflarini manzilli yo‘qotish bilangina shug‘ullanadimi - bu savolga aniq javob yo‘q.

Pavel Durovning o‘zi Fransiyada qo‘lga olinganidan keyingi ilk postida uni jinoyatda gumon qilayotgan Parij prokuraturasi harakatini “xato yondashuv”, deb baholadi.

Durov o‘ziga bildirilgan e’tirozlar uning uchun “kutilmagan” bo‘lganini qayd etdi.

“Smartfon davridan oldingi qonunchilikdan foydalanib, rahbarni u boshqarayotgan platformada uchinchi tomon sodir etgan jinoyatda masalaga xato yondashuvdir. Biror texnologiyani ishlab chiqishning o‘zi murakkab. Agar, oxir-oqibatda bu texnologiyaning suiiste’mol qilinishiga javobgar ko‘riladigan bo‘lsa, hech bir innovator yangi texnologiya ishlab chiqishga qo‘l urmaydi”, dedi Durov.

Shuningdek u, turli davlatlar nazorat organlari bilan foydalanuvchilar konfidensialligini saqlash borasida ziddiyat borligini qayd etdi:

“Bunday vaziyatda mamlakatdan chiqib ketishga tayyormiz. Ko‘p marta shunday qilganmiz. Masalan, Rossiya bizdan “shifrlash kalitlari”ni topshirishni so‘raganida, bundan bosh tortganmiz va oxir-oqibat, Telegram Rossiyada taqiqlandi. Eronda ham tinch namoyishchilarga oid kanallarni bloklashni talab qilishganida, rad etdik va Telegram Eronda taqiqlandi. Biz prinsipimizga zid bozordan ketishga tayyormiz. Chunki bu ishni pul uchun qilayotganimiz yo‘q”.

Ayni paytda Telegram asoschisi dunyo bo‘ylab 950 milliondan ortiq odam foydalanayotgan platforamada jinoyatlar oldini olish ustida ham jiddiy izlanayotgani va tez orada, buning natijasini jamoatchilikka ochiqlashini bildirdi.

XS
SM
MD
LG