Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer keyingi haftada AQSH prezidenti Donald Trampga Rossiya bilan tinchlik bitimi tuzilganidan so‘ng mazkur bitimga rioya qilinishi kafolatlaridan biri o‘laroq Ukrainada Yevropa mamlakatlaridan bo‘lgan 30 ming chog‘li harbiyni joylashtirish bo‘yicha rejani taqdim etadi. Bu haqda The Telegraph gazetasi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Starmer keyingi haftada Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga safar qilishi kutilmoqda. Avvalroq u Britaniya tinchlikparvarlik missiyasi doirasida o‘z harbiylarini Ukrainaga yo‘llashga tayyorligini bildirgan edi. Yevropa mamlakatlaridan hech biri bu missiyada ishtirok etishi haqida hali bu qadar aniq-ravshan bayonot bergani yo‘q.
The Telegraph maqolasida aytilishicha, Starmer taklif qilishi kutilayotgan rejadagi asosiy unsur AQSH tomonidan dastakdir. Qo‘shma Shtatlar Rossiya otashkesim shartlarini buzmasligi bo‘yicha kafolatni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi. Rejada Rossiya sulh shartlarini buzgan taqdirda, AQSHning Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida joylashtirilgan qiruvchi uchoqlari va raketalari javob zarbasini berishga tayyor bo‘lishi lozimligi ko‘zda tutilgan.
Nashrning yozishicha, Starmer rejasini Fransiya ham dastakmoqda, mazkur reja 17-fevral kuni NATO bosh kotibi ishtirokida Parijda o‘tkazilgan YI yirik mamlakatlari va Britaniya liderlarining uchrashuvida muhokama qilingan. Trampning o‘zi va uning ma’muriyati vakillari Ukraina xavfsizligi kafolati uchun aynan Yevropa mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi lozimligi haqida bir necha borbayonot berishgan. Tramp Starmerning bu boradagi muhtamal taklifiga qanday munosabatda bo‘lishi hozircha ma’lum emas. Rejada AQSH quruqlikdagi qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirish ko‘zda tutilmagan.
Rejada Ukrainaga front chizig‘ida joylashtirilmaydigan kichikroq harbiy kontingentni yo‘llash nazarda tutilgan. The Telegraph nashrining yozishicha, yevropalik harbiylar Ukrainaning yirik shaharlarida, portlarida va AES kabi boshqa o‘ta muhim infratuzilma obyektlarida bo‘lishadi. Nashr manbalaridan biriga ko‘ra, “sodir bo‘layotgan manzara” to‘kisligini ta’minlash uchun missiyada kuzatuv va razvedka uchoqlari, dronlar va sun’iy yo‘ldoshlar ishtirok etadi. Kema qatnovida erkinlikni ta’minlash uchun Qora dengizga qo‘riqchi kemalari yo‘llanadi.
Britaniya hukumati maqolada bahs etilayotgan rejaning haqiqiyligini hali rasman tasdiqlagani yo‘q.
Ukraina, Rossiya bilan otashkesim kelishuviga erishilgan taqdirda, g‘arblik hamkorlar tomonidan xavfsizlik kafolati berilishini talab qilmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina NATOga qabul qilinmagan taqdirda, mamlakatda Shimoliy Atlantika ittifoqi mamlakatlaridan bo‘lgan tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishi lozim. Moskva vakillari avvalroq buning imkonsizligini bildirishgan.