Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:47

"Telekomni Aripov nazorat qilgan". Gulnora Karimovaning pullari "Takilant"ga qaytariladimi?


Joriy Bosh vazir Abdulla Aripovning 2012 yil avgustida bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ketkazilishi O‘zbek telekom bozoridagi korrupsiya mojarosi va marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarshi xalqaro tergov boshlangan pallaga to‘g‘ri kelgan.
Joriy Bosh vazir Abdulla Aripovning 2012 yil avgustida bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ketkazilishi O‘zbek telekom bozoridagi korrupsiya mojarosi va marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarshi xalqaro tergov boshlangan pallaga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston prezidentining qamoqdagi to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariya bankida muzlatib qo‘yilgan 293 million shveysariya franki (303 million AQSH dollari) miqdoridagi pullari O‘zbekistonga emas, balki Gibraltardagi offshor shirkat - “Takilant”ga qaytarilishi mumkin.

O‘tgan yil iyulidagi mahkamada shveysariyalik prokurorlar muzlatilgan mablag‘lar korrupsiya yo‘li bilan qo‘lga kiritganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilolmagani vajidan sud Karimova advokatlarining apellyatsiya shikoyatini qondirgan edi.

Mahkamani yaqindan kuzatayotgan faollarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida prokurorlarning Shveysariya federal jinoyat sudi qaroriga protest kiritmagani hozirda pullarning "Takilant"ga qaytarilish xavfini yanada reallashtirgan.

Britaniyadagi Ulster universiteti professori Kristian Laslettning Ozodlikka aytishicha, mahkama Gulnora Karimova bu pullar olingan paytda rasmiy shaxs bo‘lmagani haqida uning himoyachilari keltirgan dalillarni ma’qullagan.

Sud Karimovani o‘sha paytda faqat tadbirkor, aktivlarini esa telekommunikatsiya biznesidan olingan qonuniy daromad sifatida ko‘rish mumkin, degan xulosaga kelgan.

“Karimovaning Shveysariyadagi advokati uning “Lombard odier” (Lombard Odier Bank) bankida saqlanayotgan pullarini musodara qilish to‘g‘risidagi Shveysariya jinoyat ishlari bo‘yicha sudining qarori ustidan shikoyat qildi. Bular shubhasiz, telekommunikatsiya kompaniyalaridan pul yuvish orqali orttirilgan pullar. Karimova advokati tomonidan ilgari surilgan argument shundan iboratki, bankda saqlanayotgan pullar pora evaziga orttirilgan aktivlar emas, sababi Karimova xonim o‘sha paytda O‘zbekistonda telekommunikatsiya uchun mas’ul davlat amaldori bo‘lmagan. O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasi uchun Karimova xonim emas, balki O‘zbekistonning hozirgi bosh vaziri Abdulla Aripov mas’ul bo‘lgan, Karimova oddiygina tadbirkor ayol edi, degan argument keltirilyapti",- deydi Kristian Laslett.

  • Joriy Bosh vazir Abdulla Aripovning 2012-yil avgustida bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ketkazilishi O‘zbek telekom bozoridagi korrupsiya mojarosi va marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarshi xalqaro tergov boshlangan pallaga to‘g‘ri kelgan.
  • O‘sha yilning kuzida O‘zbekiston bosh prokuraturasi Aripovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atgani xabar qilingandi.
  • Sobiq bosh vazir o‘rinbosari "O‘zdunrobita" shirkatiga qo‘shimcha retranslyatorlar o‘rnatish uchun noqonuniy litsenziya berishda ayblangani aytiladi. Tergov jarayoni tugagani haqida rasman hech qachon ma’lum qilinmagan. Ammo Ozodlik manbalari Aripovga nisbatan jinoyat ishi 2013-yilda to‘xtatilganini aytishgan.
  • 2013-yildan 2016-yilgacha Toshkent aloqa kollejida oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Aripov 2016-yilda Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan hukumatga qaytarildi va bu safar bosh vazir lavozimini egalladi. O‘zbekiston rasmiylari hozirga qadar Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokatlari Aripovga qarshi ilgari surgan korrupsiya iddaolarini sharhlamagan.

Lassletning so‘zlariga ko‘ra, sud prokurordan Karimova xonimning o‘sha paytda de-fakto hukumat vakolatlarini amalga oshirishga qodirligini isbotlovchi dalillarni taqdim etishni so‘ragan. Bunga javoban prokuror Karimova xonim hukumat mulozimi bo‘lmagan esa-da, prezident qizi va qudratli shaxs bo‘lganini ta’kidlagan, ammo uning hukumat qarorlarini nazorat qila olishi mumkin bo‘lgan shaxs bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalillarni keltira olmagan.

"Natijada sud pullarni konfiskatsiya qilish so‘rovini rad etdi. Endi Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan “Takiland LTD" kompaniyasiga 300 million dollar pulning qaytarilishi xavfi paydo bo‘lmoqda”, - deydi Kristian Laslett.

Ayni paytda Gulnora Karimova 10 yildan ko‘proq vaqt davomida rasmiy lavozimlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirining masahatchisi, keyin esa o‘rinbosari, undan so‘ng O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili kabi turli lavozimlarni egallagani ma’lum.

Gulnoraning pullari

Britaniyadagi Central Asia Due Diligence tadqiqot kompaniyasi direktori Alisher Ilhomovning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Karimovaning o‘sha paytdagi obro‘si istagan mulozimga ta’sirini o‘tkaza oladigan darajada bo‘lgan.

"Sud prokurorning bu xulosalarini qabul qilmadi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida prokuratura sud qaroriga protest kiritgani ham yo‘q. Hozirda ular protest kiritish yoki kiritmaslikni hal qilishlari kerak. Shuning uchun vaziyat noaniqligicha qolmoqda. Ular Gulnora Karimova tomonining apellyatsiyasi bo‘yicha sud qarorini rad etish uchun da’vo arizasi bilan murojaat qilmasliklari xavfi bor. Bu holatda AQSH Adliya vazirligining xulosasi pullarning “Takilant”ga qaytarilishining oldini olishi kerak. Vazirlik xujjatida bu pullar noqonuniy yo‘llar bilan olinganligi va uni qaytarib bo‘lmasligi aniq ko‘rsatilgan”, - deydi Ilhomov.

51 yoshli Gulnora Karimova O‘zbekistonda 12 yil davomida prezident otasining soyasida bir necha yuz million aktivlarga egalik qilgan uyushgan guruhni nazorat qilgani, qariyb 2 milliradlik dollarlik valyutani yashirishda ayblangan.

O‘zbekiston bosh prokuraturasiga ko‘ra, Karimovaning xorijiy davlatlardagi aktivlari 1 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

Uning Shveysariyaning 7 ta bankida 30 ta hisobi va Lombard Odierda 8 ta seyfi bor.

Alisher Ilhomov fikricha, Gulnora Karimova prezident Karimov bilan oilaviy rishtalaridan foydalangan holda ko‘plab davlat idoralari faoliyatiga, jumladan, telekommunikatsiya sohasiga amaliy ta’sir ko‘rsatgan va norasmiy hukm o‘tkazgan.

“Ochiq manbalarda Karimova davlat rahbarining qizi ekanidan foydalanib juda ko‘p vakolatlarga ega bo‘lgani haqida u bilan ishlagan menejerlarning guvohlik ko‘rsatmalari mavjud. Rasmiy nuqtai nazardan, Gulnora Karimova u yoki bu kompaniyaga O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya berish masalasini hal qilmagan, biroq u o‘sha paytda davlat amaldori bo‘lgan, BMTda O‘zbekiston nomidan vakillik qilgan. U davlat odami edi. Rasmiy qaror “O‘ztelekom” rahbari Aripov tomonidan qabul qilgan, to‘g‘ri, lekin O‘zbekistonda prezident oila-a’zolari qaror qabul qiluvchilarga ta’sirini o‘tkaza oladigan darajada edi. Ammo sud, afsuski, buni hisobga olmadi”, - deydi Alisher Ilhomov.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘tgan yili "AQSH, Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan G.Karimovaning jinoiy yo‘llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd. AQSH dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo‘yicha" muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston tomoni musodara qilingan mablag‘larni qaytarish uchun BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi tashkil etilishini bildirgan.

Faollarga ko‘ra, bu pullar O‘zbekistondan o‘g‘rilangan pullar va ular o‘zbek xalqiga qaytarilishi kerak.

Shaffoflik

Britaniyadagi Ulster universiteti professori Kristian Laslettning Ozodlikka aytishicha, Karimova pullari atrfoida hozir juda murakkab vaziyat yuzaga kelgan.

“Ko‘pchilikka ma’lumki, bir qator transmilliy telekommunikatsiya kompaniyalari O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga yuz millionlab dollar miqdorida pora bergan.

Hozir shu pullar Shveysariya bankida, uniyu atrofida juda murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Yomon ehtimolda Shveysariya prokurori jarayonni butkul yutqazsa, pullar Karimovaga tegishli Gibraltardagi offshor shirkatga qaytarib beriladi. Agar prokurorni qo‘li baland kelsa, unda pullar O‘zbekistonga qaytariladi”, deydi Laslett.

O‘zbek tomoni "qaytarilgan mablag‘lar mamlakat aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanishi"ni va’da qilgan.

Ayni dastur bo‘yicha Fransiyadan Karimovaning $10 million qiymatidagi aktivlari O‘zbekistonga qaytarilgan, yana 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor.

“131 million dollar hal bo‘lgan, bu pul O‘zbekistonga qaytariladi. Karimova tomoni apellyatsiyasi bu mablag‘larga ta’sir qilmaydi”, - deydi Britaniyadagi Ulster universiteti professori Kristian Laslett.

Gulnora Karimovadan musodara qilingan mol-mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha inson huquqlari tashkilotlaridan iborat koalitsiya - Uzbek Asset Return Network bu borada ko‘p tomonlama mexanizm yaratilayotganini olqishlashgan.

Ayni paytda guruh o‘z bayonotida qaytarilgan pullar o‘zbek xalqi manfaati yo‘lida sarflanishi va bu “shaffof va hisobdorlik” asosida bo‘lishi kerakligini ham bildirdi.

Guruh bayonotida mablag‘lar talon-toroj qilinishining oldi olinishi uchun mustaqil auditorlar va mahalliy fuqarolik jamiyati faollari ham bu jarayonga jalb etilishi va shaffof hisob berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozimligi aytiladi.

Uzbek Asset Return Network murojaatiga qo‘shilgan Britaniyada yashovchi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovning Ozodlikka aytishicha, Karimovaning pullarini qaytarish bo‘yicha Shveysariya, BMT va O‘zbekiston vakillaridan tashkil topgan ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi tashkil etilishi yaxshi.

Ammo Ilhomovning fikricha, O‘zbekistondek shaffoflik yo‘qligi bois bu jamg‘armaning qanday ishlashi savol ostida.

“Hozircha bu pullar O‘zbekistonga qaytariladigan bo‘lsa ularning talon-toroj qilinmasligiga kafolat bor, deb aytolmayman. UNDP hozircha bu borada na’muna bo‘lolmayapti. Pularni qaytarilishi hisobdorlik va shaffoflik asosida bo‘lishi kerak. Muammoni ildizi - korrupsiya. Korrupsiya yo‘q qilinmas ekan, pullar xalq manfaati uchun sarflanishiga hech kim kafolat bermaydi. Shuning uchun men shuni taklif qilganman, O‘zbekistonga pullar qaytarilishi korrupsiyani tag-tubi bilan yo‘q qilinishi borasida qat’iy choralarni ko‘rish, chinakam islohotlar talabi asosida bo‘lishi lozim”, - deydi Alisher Ilhomov.

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi 2013-yil oktabr oyida tovlamachilik va soliqdan qochish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

O‘shanda Karimova "Terra Group", "Prime Media", "Gamma Promotion" kabi shirkatlardan tushgan daromaddan soliq to‘lamaslikda ayblangan.

Tergov ma’lumotlarida aytilishicha, Gulnora Karimova 12 yil davomida 51,1 milliard so‘mlik aktivlarga ega uyushgan jinoiy guruhni nazorat qilgan.

ЭКСКЛЮЗИВ: Гулнора "тортиб олган" PAYNET сотилмоқда. Пайчилар ким?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:09 0:00

Zangiota qamoqxonasining mahkumasi

2014-yilda uy qamog‘iga olingan Gulnora Karimovaning 2019-yil bahorida Karimova Zangiotadagi 21-sonli ayollar koloniyasiga o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2020-yilning 18-mart kuni uni 13 yilu 4 oylik qamoq jazosiga hukm qildi.

Avvalroq Gulnora Karimova qamoqdan manzil koloniyasiga chiqarilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ammo Karimovaning ishini yaqindan kuzatayotgan jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, u hanuz Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida qolmoqda.

“Gulnora Karimova Zangiotadagi qamoqxonada 16 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Bu yil kuzda 10 yil bo‘ladi qamalganiga. Yaqinda uning manzil koloniyasiga olib o‘tilgani, ozod qilinishi haqida xabarlar chiqqandi. Lekin, bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q. U qamoqda, Zangiotada”, - deydi Tashanov.

O‘z vaqtida otasining ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan Gulnora Karimova 2014- yilda, hali otasi prezidentligidayoq korruptsiya ayblovlari bilan hibsga olingandi.

2015-yilda O‘zbekiston sudi uni 5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. 2017-yilda esa u ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha 10 yil qamoqqa mahkum qilindi. Keyinchalik mazkur jazo besh yilga ozodlikni cheklash jazosi bilan almashtirildi.

2020-yilning mart oyida Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 13 yilu 4 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Karimova jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan. O‘zbekiston rasmiylari qamoqda Gulnora Karimovaning huquqlari poymol etilayotgani haqida advokatlari hamda yaqinlari tarqatgan xabarlarni rad etishgan.

XS
SM
MD
LG