O‘zbekistonning Termiz shahridagi yangi ta’mirlangan, keng hovli va shiyponli bu uy atrofi mevali daraxtlar va gullar bilan o‘ralgan. Yoz jaziramasida ko‘k choy ustida suhbatlashayotgan turli yoshdagi mahalliy ayollar “Amerika Ovozi”ga Afg‘oniston chegarasi yaqinida hayot hech qachon oson bo‘lmagani, biroq hozir qo‘shnilaridan ko‘proq xavotirda ekanliklarini aytishadi.
2021-yilda Tolibon hokimiyatni egallaganidan so‘ng chegaradan bordi-keldi qisqargan, ammo har kuni o‘nlab afg‘onlar O‘zbekistonga kirib kelmoqda va chegara o‘tish joyida yuk tashish sezilarli darajada faollashgan.
“Biz har safar tashqariga chiqqanimizda Afg‘onistonni ko‘ramiz. Huv anavi tomonda, – deydi 72 yoshli Guljamila Hayitova chegara to‘sig‘igacha uzangan paxta maydonini ko‘rsatib.
“Hayotim shu yerda kechdi, haligacha bu yerda dehqonchilik bilan shug‘ullanamiz, chegarachilarimizga ishonamiz. Hukumatimizga ishonamiz, xavfsizligimizni o‘ylaydi. Biroq, Hayraton tomonda (Afg‘oniston bilan chegaradosh shaharcha) ko‘ringan har qanday tutun, eshitilgan har qanday otishma yoki portlash odamni xavotirga soladi”, - deya qo‘shimcha qiladi u.
O‘zbekistonning 3 millionga yaqin aholisi bo‘lgan bu janubiy viloyati Tojikiston va Turkmaniston bilan ham chegaradosh. Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahrida 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, ishlaydi va o‘qiydi. Amudaryo ustidan o‘tgan “Do‘stlik” ko‘prigi Termizni Afg‘onistonning Balx viloyati shimolidagi Hayraton shaharchasi bilan bog‘laydi.
Toshkentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning ta’kidlashicha, «Tolibon» o‘zining barcha murakkabliklari va muammolari bilan “qo‘shnilar va xalqaro hamjamiyat o‘zaro manfaatlar asosida qabul qilishi va shug‘ullanishi kerak bo‘lgan reallikdir”.
Yaqinda AQSH va Yevropa vakillari ishtirok etgan mintaqaviy muzokaralarda Irgashev va boshqa o‘zbek diplomatlari “Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish, shuningdek, Kobuldagi rahbariyat bilan muloqot qilish zarurligini” ta’kidladi.
Toshkent Afg‘oniston orqali infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda, shuning uchun dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan respublika nihoyat Janubiy Osiyodagi dengiz portlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Toshkent va boshqa joylarda, jumladan Vashingtonda ekspertlar O‘zbekistonning Tolibon bilan strategik maqsadlari qanchalik ish berishini muhokama qilayotgan bir paytda, Irgashev buni “muntazam olg‘a siljish” deb ta’riflaydi, termizliklar esa ko‘proq savdo va ayirboshlashni xohlaydi.
Shaman Jumayevning uyi va fermasidan Do‘stlik ko‘prigi ko‘rinib turadi. Afg‘onistonga temir yo‘l uning uyi yonidan o‘tadi, u yerda oilasi bilan yashaydi.
"Tolibon bizning hayot tarzimizni o‘zgartirmadi, o‘zgartirmaydi ham", deydi Jumayev Termizda ta’lim olayotgan o‘smir nevaralarini ko‘rsatib.
“Men afg‘onlarni ajratmayman. Tolibon yoki boshqasi, ular men uchun bir xil. Biz hammamiz 45 yildan beri urushni shu yerdan kuzatib kelayotgan qo‘shnimizga o‘rganib qolganmiz”,-deydi Shaman Jumayev.
Jumayev chegaraga tutashgan 70 ga yaqin mavzeda yashayotgan mahalliy aholi haqida gapiradi: o‘zbeklar, afg‘onlar va boshqa xalqlar azaldan yonma-yon yashab kelgan va ularni hech qanday siyosat ajrata olmaydi.
“O‘zbekiston hukumati nazorat-o‘tkazish punkti yonida ochmoqchi bo‘lgan savdo markazini sabrsizlik bilan kutyapmiz, – deydi chegaraga yaqin hudud «Ayritom» rahbari Nasibaxon Abdunazarova.
«Allaqachon o‘nlab odamlarimiz mehnat qilayotgan Termiz Yuk markazidan foydalanyapmiz. Yoshlarimiz imkoniyat izlayapti va yaxshiroq maosh to‘laydigan yangi korxonalarda ishlashni istaydi”, deydi u.
"Ammo Termiz Yuk markazida ish haqi kam", -deydi Hayitova 2016-yilda ochilgan ulkan terminal haqida gapirar ekan.- "Ammo yo‘qdan ko‘ra, yaxshiroq".
Chegara yaqinida joylashgan Termiz kargo markazida bir vaqtning o‘zida 50 tagacha yuk mashinasiga xizmat ko‘rsatishi mumkin, bojxona rasmiylashtiruvi, import/eksport yuklarni saqlash, temir yo‘l va avtomobil yuklarini Afg‘onistonga va Afg‘onistondan o‘tkazish imkonini beradi. Markazga qarashli «Karvonsaroy» mehmonxona majmuasi ham bor.
Surxondaryo viloyatida "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan Jumayev va boshqalar Amudaryo yaqinida Tolibon qurayotgan yangi kanaldan xavotirda.
“Biz suvga ehtiyojni kamaytira olmaymiz. Men bu loyiha haqida hech qanday vahima his qilmayapman, lekin bu tufayli suv taqchilligidan aziyat chekishni istamaymiz”,- deydi Abdunazarova.
Fermasi Amudaryoga bog‘liq bo‘lgan Jumayev Toshkent muammoni hal qilayotganidan mamnun.
“Tolibon bizning xolatimizni biladi, chunki O‘zbekiston hukumati tashvishlarimizni ularga bildirgan”,- deydi u.
Xavfsizlikka ishonch
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning aytishicha, “Amudaryoning narigi tomonidagi eng beqaror davrlarda ham afg‘on xalqi bilan savdo-sotiq, ma’rifiy va madaniy aloqalar davom etgan”.
“Xalqimiz Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealarga qaramay, barqarorlik va tinchlikka o‘rganib qolgan. Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan buyon mintaqada hech qanday inqiroz kuzatilmadi”,- deydi u.
O‘zbekiston Afg‘onistondan kelgan qochqinlarni qabul qilmaydi. Rasmiylarning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Tolibon hokimiyatga kelishidan oldin kirib kelganlarga, aksariyat hollarda qolishga ruxsat berilgan. Ko‘plab afg‘on savdogarlari yashash uchun ruxsatnomalarini yangilashga muvaffaq bo‘lishdi va ba’zilari buni uzoq vaqtdan beri kutmoqda.
“Hozir oilam bilan o‘zimni ikki yil avval Kobulda rahbariyat o‘zgarishidan avvalgidan ko‘ra, xavfsizroq his qilyapmiz", - deydi 2021-yilda deportatsiyaga duch kelgan va havfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan afg‘on fuqarosi Karim.
Afg‘onistonning Termizdagi konsulligi o‘z ofisini yangiladi – endi Kobulni Tolibon vakili tamsil etmoqda. Ammo uning hukumati tan olinmagani uchun eski bayroq hali ham majmua tashqarisida hilpirab turibdi.
Termiz shahrida Afg‘oniston fuqarolari uchun maxsus maktab bor, hozirda 535 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Yarmidan ko‘pi oliy ma’lumot olgan.
“Olti yil avval Termizda qirqqa yaqin afg‘on biznesi bor edi. Hozir qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalarida 300 dan ortiq biznes faoliyat ko‘rsatyapti”, - deydi Qosimov.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, asosiy e’tiborni xavfsizlik, taraqqiyot va sheriklik masalalariga qaratgan.
Qosimov ana shu strategiyani ta’kidlab shunday deydi:
“Biz xohlagan narsa bu yerda va xorijda farovonlikdir. Biz qo‘shnilarimizga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur narsalar bilan yordam beramiz. Afg‘onistonlik tadbirkorlar uchun imtiyozlarni ham oshiryapmiz”.
C5+1
27-iyul kuni S5+1 mintaqaviy diplomatik platformasi shafeligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchilari Tolibonga qo‘yiladigan shartni ta’kidladilar: “Inklyuziv, birlashgan, suveren, barqaror va terrorizmdan xoli, o‘z xalqi, jumladan, ayollar va qizlarning huquqlarini hurmat qiladigan, o‘zi va qo‘shnilari bilan tinchlikda yashaydigan Afg‘oniston”.
Guruh Afg‘oniston hududi “terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga mezbonlik qiladigan, ular moliyalashtiriladigan yoki eksport qilish uchun baza sifatida foydalaniladigan bo‘lmasligi kerakligi”ni ta’kidlab, davlatlar inson, qurol va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishi kerakligiga kelishib oldi.
Barqaror va farovon Afg‘onistonga “barcha afg‘onlar, shu jumladan ayollar va qizlar, etnik va diniy ozchiliklar mamlakat kelajagida to‘liq, teng asosda va konstruktiv ishtirok eta olsa va unga hissa qo‘sha olsagina erishiladi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Markaziy Osiyoni Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoga bog‘laydigan energiya infratuzilmasi va transport tarmoqlarini barpo etish orqali mintaqaviy bog‘lanish ahamiyatini yana bir bor ta’kidlab, S5+1 BMTning Afg‘onistondagi sa’y-harakatlari va hozirligini qo‘llab-quvvatlashini aytmoqda.