Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:09

Terrorchilikda ayblangan Breyvik Rossiyani dastaklab chiqdi


Anders Breyvik sud majlisida
Anders Breyvik sud majlisida

Odamlarni yoppasiga o‘qqa tutgani va terrorchilik harakatlari uchun 21 yilga qamalgan norvegiyalik Anders Breyvik boshida Z harfi shaklida soch qoldirgan. U o‘zining shartli ravishda muddatidan avval qamoqdan ozod qilish iltimosi ko‘rib chiqilayotgan sudga ana shunday ko‘rinishda kelgan.

Bundan tashqari, sudlangan shaxs sud majlisiga Rossiyani hamda Ukrainaga qarshi urushda u yoki bu yo‘sinda RF qurolli kuchlariga ko‘mak ko‘rsatayotgan Xitoy, Eron va Shimoliy Koreyani dastaklovchi so‘zlar yozilgan qo‘lbola plakat ko‘tarib kelgan.

Jurnalistlarning: “Shartli ravishda muddatidan oldin qamoqdan ozod qilishga oid iltimosingiz qoniqtirilgan taqdirda, nima qilasiz?” degan savoliga javoban Breyvik “xorijga ko‘chib ketishi” hamda “ultrao‘ng ekstremizmiga qarshi kurashda maxsus xizmatlarga yordam berishi”ni aytgan. U o‘zini “radikallashuv qurboni” deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan hamda ozod qilingan taqdirda, o‘z xatti-harakatlaridan jabrlanganlarga tovon puli to‘lashni va’da qilgan.

Breyvik 2022-yil fevralida ham shartli ravishda muddatidan avval qamoqdan ozod qilish iltimosi bilan sudga murojaat qilgan, biroq sud bu iltimosni rad etgan edi.

Lotincha Z harfi Ukrainaga harbiy bosqinni dastaklash ramzlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Bu harfga Kremlni dastaklovchi aksiyalarda, propagandistik plakatlarda va tovarlarda duch kelish mumkin. Urush boshidan buyon mazkur harf Rossiya harbiy texnikasini taktik markirovka qilish uchun ishlatib kelingan. Plakatlardagi, shahar reklama stendlaridagi yoki avtomobillardagi Z harfini o‘chirib tashlashga uringani uchun Rossiyada o‘nlab fuqaroga qarshi jinoyat ishlari ochilgan, vaholanki Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari bu harf “rasmiy harbiy ramz” bo‘lib hisoblanmasligini bildirishgan edi.

Ultrao‘ng qarashdagi Anders Breyvik 2011-yil iyulida Oslodagi hukumat kvartalida bomba portlatgan, keyin esa so‘l qarashdagi faollar yig‘ilgan Utoyya orolidagi yoshlar lagerida 77 kishini otib o‘ldirib, 150 dan ziyod odamni yaralagandi. 2012-yili sud Breyvikni 21 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

XS
SM
MD
LG