Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 07:26

Terrorchilikda ayblangan tojikistonlik Suriya armiyasida lavozim oldi


41 yashar Sayfiddin Tojiboyev yangi Suriya hukumati mudofaa vazirligining tezkor shtab qo‘mondoni etib tayinlangan.
41 yashar Sayfiddin Tojiboyev yangi Suriya hukumati mudofaa vazirligining tezkor shtab qo‘mondoni etib tayinlangan.

Boshqa mamlakatlar hududida bo‘lgan harbiy mojarolarda, shuningdek terrorchilik operatsiyalarida ishtirok etgani uchun o‘z vatanida qidiruvga berilgan tojikistonlik Sayfiddin Tojiboyev yangi Suriya armiyasida yuqori lavozimga tayinlandi.

Sayfiddin Tojiboyev 41 yoshda, So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida tug‘ilgan. “Hayyat Tahrir ash-Shom” guruhi bilan birgalikda Asad rejimiga qarshi kurashgan “Jamoat at-Tavhid val-Jihod” guruhining jangovar qanoti komandirlaridan biri bo‘lgan. Ushbu guruh jangarilarining aksari Markaziy Osiyodan.

Суриядаги хорижий жангарилар - нима маълум?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:50 0:00

Sayfiddin Tojiboyev yangi Suriya hukumati mudofaa vazirligining tezkor shtab qo‘mondoni etib tayinlangani haqida 3-yanvar kuni “Hayyat Tahrir ash-Shom” terrorchilik guruhi safidagi tojik blogerlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qilishgan edi.

Tojiboyev ular bilan suhbatda yangi lavozimda ishni allaqachon boshlab yuborganini aytgan.

2024-yil 9-dekabrda, Bashar Asad rejimi qulashidan bir kun o‘tib o‘rnatilgan Suriya o‘tish davri hukumati ushbu yangilikni na tasdiqladi va na inkor etdi, biroq 31-dekabr kuni Reuters agentligi mamlakat qurolli kuchlarida bir qancha muhim lavozimlar ajnabiy jangarilarga berilgani haqida xabar tarqatdi. Agentlik suhbatdoshiga ko‘ra, Suriyaning yangi Mudofaa vazirligida 50 ta lavozimdan oltitasiga chet ellik jangarilar tayinlangan.

Tojikiston kuchishlatar tuzilmalaridagi manba 5-yanvar kuni Ozodlik radiosi bilan suhbatda Sayfiddin Tojiboyev katta harbiy lavozimga tayinlanganidan xabardorligini aytdi.

“Tojiboyev 2013-yildan beri ukasi bilan Suriyada yuribdi, terrorchi guruhlar tarafida janglarda ishtirok etgan. U ko‘plab fuqarolarimizni o‘z guruhi safiga og‘dirib olgan. Sayfiddinning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, o‘zi qidiruvda”, dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Tojikiston Milliy banki saytida Sayfiddin Tojiboyev terrorizmga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan va u bilan har qanday pul operatsiyalari taqiqlangan.

“Hayyat Tahrir ash-Shom” guruhidagi blogerlar lavozimga tayinlanishi ortidan Sayfiddin Tojiboyevga polkovnik unvoni berilgani haqida yozishmoqda.

Biroq uning Suriya fuqaroligini olgan-olmagani ma’lum emas.

Tojikiston hukumatiga oid nashrlar bir necha marta Sayfiddin Tojiboyevni tojik fuqarolarini chet elda harbiy mojarolarda ishtirok etish uchun yollovchi shaxs sifatida tilga olgan.

Suriyaga ketguniga qadar Tojiboyev Tojikistonda taqiqlangan Islom uyg‘onishi partiyasi (TIUP) a’zosi bo‘lgan, 2012-yilda bir oz vaqt partiyaning Spitamen tumani shu’basiga rahbarlik ham qilgan, ammo keyin ushbu partiya safidan chiqqan.

Bir paytlar parlament partiyasi bo‘lgan TIUP 2015-yilda “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilingan, uning o‘nlab faollari qamoqqa otilgan, ko‘plari xorijga qochgan. Partiya yetakchilari tojik hukumatining ushbu qarorini hech bir asosi yo‘q, bichib-to‘qilgan ayblov deb hisoblashadi.

Tojikiston hukumati ma’lumotiga ko‘ra, 2013–2017-yillarda 2 ming nafardan ortiq tojikistonlik Suriya va Iroqqa jo‘nab ketgan. Ularning aksari Islom davlati tarafdorlari bo‘lgan va ushbu guruh mag‘lubiyatga uchragach, tarqalib ketgan.

“Hayyat Tahrir ash-Shom” tarkibida jang qilgan tojiklarning ko‘pchiligi Suriyaning 2015-yildan beri ushbu tashkilot nazoratida qolayotgan Idlib shahrida ekani aytiladi. Tojikiston hukumatiga ko‘ra, Idlibda qariyb 400 nafar tojik fuqarolari mavjud.

XS
SM
MD
LG